Qirg‘iziston Yuqori Norin GES kaskadini qurish bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlikni tiklashni rejalashtirmoqda
Energetika va sanoat vaziri Kubanchbek Turdubaev Rossiyaning Yuqori Norin GES kaskadini qurishi kerak bo‘lgan RusGidro kompaniyasi bilan nizoni qanday hal qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, nizoni bitta yo‘l bilan hal qilish mumkin – RusGidro bilan hamkorlikni tiklash.
“Biz ushbu variantni taklif qildik. Biz Rossiya tomoniga yuzlandik. Ammo biz loyihaning o‘zini o‘zgartirishni taklif qilamiz – to‘rtta stantsiya o‘rniga bitta stantsiya qurish, nafaqat gidroelektr stantsiyasini, balki nasosli saqlash stantsiyasini qurish. Ushbu xizmat energiya bozorida qimmat va ayniqsa, bizning mintaqamizda katta talabga ega. Rossiya Energetika vazirligi bizning taklifimizni ma’qulladi va maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Shuningdek, biz RusGidro rahbariyatining muzokaralar olib borishini kutmoqdamiz ”, – dedi vazir.
Izoh: 2016 yil avgust oyida Rossiya hozirgi iqtisodiy holatida kelishuvdagi yirik loyihalarni moliyaviy jihatdan ta’minlay olmasligini bo‘yniga olganidan so‘ng Qirg‘iziston hukumati 31 dekabr kuni Qambarota -1 va Yuqori Norin GES kaskadlarini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha Rossiya bilan erishilgan kelishuvni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan va GESlarni qurilishiga sarflangan 37 million dollarni Rossiyaga qaytarib berish lozimligini bildirgan edi.
Bu pulini esa hukumat keyinchalik shu loyiha uchun topiladigan yangi investor zimmasiga yuklab, u orqali qarzdan xolos bo‘lishni niyat qilgan edi. Qarzni qaytarishdan oldin uni sarflangan o‘rni va miqdorini aniqlash maqsadida parlament deputatlardan iborat komissiya tuzgan va bajarilgan ish ko‘lamini aniqlashni topshirgan edi. Norinda bo‘lib, GESlarga sarflangan materiallar, ko‘rsatilgan xizmatlar bilan tanishib qaytgan deputatlar Norin GESlarini qurishda 37 million dollar sarflangani aytilgan bo‘lsada, biroq bu summa bajarilgan ishlarga nisbatan juda ko‘p ekanini bildirishgan edi.
Parlament deputatlaridan iborat komissiyaning birinchi yig‘ilishida bir qancha shubhali raqamlar keltirib o‘tilgandi. Komissiya raisi “Ata Meken” fraktsiyasi deputati Almambet Shiqmamatov “Yuqori Norin GES”lari ishxonasining rasmiy saytida 7 million dollarlik ish to‘g‘risida hisobot borligi, qurishga sarflangan materiallar, ko‘rsatilgan xizmatlar aniqlashtirilganda esa ko‘rsatilgan raqamlar ikki-uch barobar yuqori ko‘rsatilgani aniqlanganini aytib o‘tgan edi.
U o‘z so‘zida: “Kichik ishlab chiqaruvchi beton zavodini qurishga 75 ming dollar sarflanipti. Biroq ular dokumentda 500 ming dollar deb ko‘rsatishgan. Ko‘pirik qurishga 500 ming dollar sarflandi deb ko‘rsatilgan. Biz saytlarni ko‘rib chiqib, ulardagi ma’lumotlar bo‘yicha ko‘pirik qurish bundan ikki-uch barobar arzonga tushishini aniqladik. Qurilayotgan GESlarni barpo etishda, ekologiyaga etadigan zararni aniqlash uchun tender e’lon qilishgan. Tenderda yutib chiqqan xususiy laboratoriyaga 200 ming dollar to‘langan. Men u qanday laboratoriya ekanligi, nimaga xizmatini 200 ming dollarga baholaganini tushina olmay turibman. Mening fikrimcha uni mutaxassislar ming dollar haq olib ham aniqlab berishi mumkin”, degan edi.
Shundan so‘ng qirg‘iz hukumati Yuqori-Norin GES majmuasi uchun sarflangan mablag‘ni aniqlash uchun xalqaro auditi o‘tkazishni so‘ragan edi. Biroq, “bechora” qirg‘iz hukumatida xalqaro auditi uchun to‘lanishi zarur bo‘lgan 1,5-2 million dollar mablag‘ topilmagan, “RusGidro” korxonasi esa xalqaro auditi uchun pul to‘lashdan bosh tortgan edi…
2017-yili Qirg‘iziston hukumati Yuqori-Norin GES majmuasini qurish bo‘yicha tender e’lon qildi. Tenderda Chexiyaning Liglass Traiding CZ kompaniyasi yutib chiqdi. Liglass Traiding CZ kompaniyasi va “Elektrik stantsiyalari” OAJ bilan investitsiya shartnomasini tasdiqlaganidan keyin bir oy ichida Rossiyaga 37 mln dollar to‘lashi kerakligi belgilab qo‘yildi. Biroq, kompaniya ish faoliyatini boshlamay turib bitim bekor qilindi.
Xulosa qilib aytganda, Rossiya GES kabi muhim strategik ob’ektni osonlikcha boshqa davlat qo‘liga topshirib qo‘ymaydi. Chexiyani “o‘yindan” chiqib ketishga majbur qilgani kabi, o‘zidan boshqa investorlarni ham bu loyihaga yaqinlashtirmaydi.
Abdurahmon Odilov