Insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummat bo‘ldingiz
Alloh subhanahu va taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنْ الْمُنكَرِ
“(Ey ummati Muhammad), odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi bo‘ldingiz. Zero siz yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz va Allohga iymon keltirasiz”. [3:110]
Bu xitob bandaga javobgarlikni yuklaydigan va vazifasini ado etishga undaydigan xitobdir.
Bu xitob biz musulmonlarga, xususan, da’vat ahli zimmasiga ulkan omonatni yuklaydi. Bu shunday omonatki, Alloh taolo uni osmonlarga, erga va tog‘larga taklif qilganda ko‘tarishdan ojizlik qilib bosh tortgan omonatdir.
Alloh aytadi:
“Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, erga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi” (Ahzob surasi 72-oyat).
Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa turli manbalardan kelib chiqib, “Shariat takliflari va Allohning farzlari”, deb javob beradilar. Boshqacha qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z haqqiga, insonlarning haqqiga va boshqa maxluqotlarning haqlariga bog‘liq amrlarini, nahiylarini, ko‘rsatma-ta’limotlarini va hukmlarini o‘z joyiga qo‘yish bo‘yicha Uning ishongan vakili bo‘lish taklifi, demakdir. Alloh taolo ushbu omonatni etkazish vazifasini insonlar ichidan tanlab olgan payg‘ambarlarga yukladi.Xotamul anbiyo, Rasuli akram Muhammad sollallohu alayhi va sallam vafot etgach, omonatni ado etish vazifasi musulmonlar zimmasiga tushdi. Sahobalar, tobeinlar, tab’a tobeinlar va ulardan keyin kelgan solih musulmonlar bu omonatni sharaf bilan ado etishdi.
Natijada musulmonlar dunyoning xo‘jayinlariga aylanishdi, etakchisi va namunasi bo‘ldi. Hidoyat va ezgulikni butun dunyoga ulashishdi, dinini himoya qilishdi va Islomni olamga rahmat va nur sifatida ko‘tarib chiqishdi. Musulmonlarning shiori shunday edi: “Alloh bizni odamlarni odamlarga sig‘inishdan odamlar Robbisiga ibodat qilishga, bu dunyo torligidan oxirat kengligiga, dinlar zulmidan Islom adolatiga olib chiqishimiz uchun yubordi”.
Darhaqiqat, Islom uzoq vaqt hayotda tatbiq bo‘ldi va bunga butun olam guvohdir. Ammo Islomdan oldin ham, keyin ham birorta mabda u kabi tatbiq qilinmadi. Masalan, kommunizm 70 yilga arang etdi. Kapitalizm besh asrdan beri bugungi kunimizgacha etib keldi. Islom esa, 13 asr tatbiq etilib, shu vaqt mobaynida shaxs, jamiyat va davlat hayotini muvaffaqiyatli va benazir faol ravishda tartibga solib keldi. Islom qonunlari davlat ichkarisi va tashqarisida insonlarning moliya, savdo, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasidagi barcha muammosini hal etdi, bu borada inson insondan faqat taqvosi bilangina afzal, degan e’tiqodda, insonning millatini ham, rangini ham e’tiborga olmasdan, inson degan e’tiborda echim berdi.
Musulmonlar dunyoda etakchi bo‘lishgan uzoq asrlar davomida olamda adolat, xotirjamlik va osoishtalik hukm surdi. Zolim mazlumga tajovuz qilishdan, qudratli davlatlarni zaif davlatlar ustidan hukmronlik qilinishga yo‘l qo‘ymadi. Islom davlati mazlum va ojizlar himoyachisi bo‘ldi. Bu holat toki musulmonlar o‘z dinlariga, da’vat va jihodga e’tiborsiz bo‘lishmaguncha davom etdi…
Roshid xalifalardan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ilk Xalifalikka o‘tirgan soatda aytgan: “… Bir qavm Alloh yo‘lida jihod qilishni tark etgan bo‘lsa, bas, Alloh ularga xorlik bilan zarba bermay qo‘ymaydi. Biror qavm orasida fahsh tarqalgan bo‘lsa, bas, Alloh ularga ommatan balo yubormay qo‘ymaydi”, degan so‘zlari o‘z isbotini topdi.
Musulmonlar dunyo karvonidan ortda qola boshlashdi. Kofirlar nafaqat boshqa xalq va millatlar, balki Islom davlatiga qarshi borishga jur’at qilishdi. Xalifalik davlati qulatilgach kofirlarning er yuziga fasod va buzuqlik urug‘larini sepishlariga to‘sqinlik qiladigan kuch yo‘qoldi. Kapitalizm va mustamlakachilik tuzumi tatbiq qilinishi natijasida er yuzini qashshoqlik, ochlik va zulm qopladi. Islom dini qadriyatlari paymol etildi, Payg‘ambarimiz mazah qilindi. Musulmonlar faqat robbim Alloh degani uchungina ta’qib va tazyiqqa olindi, nomuslari toptaldi, qamoqlarga tashlandi, qatl qilindi. Nafaqat musulmonlar va islomiy yurtlar, balki butun dunyo barcha masalada bo‘shliqqa duch keldi. Butun dunyo o‘zining fikriy etakchisi va madaniy qiyofasini belgilab beradigan mafkuraviy boshliqsiz qoldi. Bugun dunyoning ishlarini unga manfaat etadigan suratda boshqaradigan, dunyo davlatlari munosabatlarini o‘zaro behuda kurashsiz tartiblashtirib beradigan, butun insoniyat harakatini uni xotirjamligini ta’minlovchi yo‘lga etaklaydigan siyosiy etakchisi yo‘q. Bu esa, Islom Ummati ayni vazifani o‘z zimmasiga olishini, javobgarlikni his etgan holda, Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning omonatlarini Alloh sevib rozi bo‘ladigan haqqi bilan ado etishini taqozo etadi.
Bugungi kunda najot topish, insoniyatni zulmatdan nurga olib chiqish uchun nima qilish kerak degan savollarga javob berishga yagona loyiq tomon Islom Ummati bo‘lib turibdi. Chunki insoniyatni halokatga qulash va anarxiyadan qutqarishga ugina qodirdir. Buning yagon yo‘li Islom risolatini da’vat va jihod orqali olamga olib chiquvchi payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik davlatini qayta barpo etishdir. Ana shunda Alloh bizning zimmamizga yuklagan omonatni ado etgan va Alloh O‘z kalomida madh etgan Ummat bo‘lamiz. Alloh taolo aytadi:
وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطاً لِّتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيداً
“Shuningdek, sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) Ummat qildik”. [Baqara 143]
Abdurahmon Odilov