Rossiya elchisi O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berilishi yuzasidan o‘z mulohazasini bildirdi
Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev O‘zbekistonda rus tiliga millatlararo muloqot tili maqomi berilishi uchun jamiyat pishib-etilishi kerak, degan fikrda. Bu mulohazani rossiyalik diplomat kuni kecha Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida bildirgan.
“Bu masala bo‘yicha bir narsa deyish qiyin. Axir bu kabi masalalar jamiyatda yangi bo‘linish hadlari paydo bo‘lishiga olib kelmasligi kerak. Bilasizmi, baribir, buning uchun jamiyat pishib etilishi kerakka o‘xshaydi. Ayniqsa hozirgi vaziyatda”, deya iqtibos keltirgan elchi V. Tyurdenev so‘zlaridan Podrobno.uz nashri.
O‘z so‘zida Rossiya elchisi O‘zbekistonda rus tilini o‘rganishga qiziqish tobora oshib borayotganini qayd etgan. Bu jihatdan, Tyurdenevga ko‘ra, joriy yilda rus tilida ta’lim olish sifatini yaxshilashga qaratilgan “Klass” loyihasining ishga tushirilgani juda vaqtida amalga oshirilgan ish bo‘lgan. Mazkur loyiha milliarder Alisher Usmonovning moliyaviy ko‘magi bilan Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi va O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda rus tiliga millatlararo muloqot tili maqomini berish masalasi prezident Shavkat Mirziyoev hokimiyat tepasiga kelganidan beri ko‘tarila boshlagan. Xususan, 2019 yili Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida 20 ga yaqin o‘zbekistonlik rusiyzabon ziëli rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi bilan chiqqan edi. Taklif jamoatchilik orasida salbiy qarshilangani ortidan ulardan ayrimlari o‘z imzosini qaytarib olgan.
Joriy yilning 14 mayida ham Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining O‘zbekistondagi rus tili maqomi borasida bayonot bilan chiqqani internetning o‘zbek segmentida qizg‘in bahs-munozara mavzusiga aylangan.
O‘shanda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritmagan davlat mansabdorini jarimaga tortish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini tanqid haqidagi savolga quyidagicha javob bergan edi:
“Biz mazkur qonun loyihasi yuzasidan matbuotda boshlangan bahs-munozaralarga e’tibor qaratdik. Shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, qonun loyihasi tarafdorlari ozchilikni tashkil qilmoqda. Ko‘pchilik sharhlar rus tilining rasmiy doirada to‘liq ravishda qo‘llanilishi tarafdorlari ko‘p ekanidan guvohlik bermoqda. Bu ikki tomonlama munosabatlarning tarixiy va zamonaviy ruhiga mos keladi. Eng muhimi bu O‘zbekiston fuqarolarining manfaatiga ham mos keladi”, – degan Zaxarova.
Izoh: Til va alifbo saqofiy mustamlaka qilishning asosiy quroli hisoblanadi. Shu sababli ham mustamlakachi davlatlar bosib olgan erida birinchi navbatda alifboni o‘zgartirib, o‘z alifbosini joriy etadi va bosqinchi davlat tilni rasmiy til qilib belgilaydi. Alifbo o‘zgarishi orqali mahalliy aholi o‘z o‘tmishi va tarixidan judo bo‘ladi. Mustabid SSSR ham Markaziy Osiyoni mustamlaka qilganidan so‘ng mahalliy aholi ming yillar davomida qo‘llanib kelgan arab alifbosini bekor qildi. 1926 yili Bakuda o‘tgan turkiylar s’ezdida SSSR tarkibidagi barcha turkiy xaqlarini yangi lotin – yanalif alifbosiga o‘tkazish qarori tasdiqlandi.1929 yilning mayida lotin asosidagi yangi o‘zbek alifbosi ishlab chiqildi. Lekin uning umri qisqa bo‘ldi. 1940 yili yangi imlo sifatida 35ta harfdan iborat oxirgi kirillcha alifbo tasdiqlandi. Yangi kirill alifbosidan savod chiqargan musulmonlar o‘z tarixlaridan uzib tashlandi. Yangi alifbo va tilni bilmaganlar “savodsiz”ga chiqarildi.
O‘zbekiston “mustaqil” bo‘lganidan so‘ng 1993 yilning 2 sentyabrь kuni “Lotin jadvaliga asoslangan O‘zbek alifbosini kiritish” haqidagi qonun qabul qilindi. Karimov bu orqali bosqinchi kommunistlar saqofati va rus ta’siri yo‘q qilmoqchi bo‘ldi. Chunki u o‘z tabiatidagi qo‘rqoqlik sababli o‘z hokimiyatiga tahdid sifatida ko‘rgan barcha narsani yo‘q qilish yo‘lidan bordi.
Mirziyoev hokimiyat tepasiga kelgach Rossiyaga, xususan, Putinga yoqish uchun Karimov davrida olib tashlangan kommunist etakchilari, ziyolilari va qahramonlarining xaykallarini qayta tikladi, 9-may g‘alaba kuni sifatida nishonlanib, mamlakat bo‘ylab harbiy paradlar tashkil etiladigan bo‘ldi. Hatto, Toshkentni bosib olishda halok bo‘lgan 24 nafar rus bosqinchi askarlari xotirasiga bag‘ishlangan butxona qayta tamirlandi. Endi esa rus tiliga rasmiy maqom berish masalasi ko‘tarila boshlandi…
Rossiya esa jarlik tomon kulab boryapti. U o‘zi bilan barcha saqofiy, harbiy, siyosiy va iqtisodiy mustamlakalarini qo‘shib tortib ketishi mumkin. Mustamlakaning bu to‘rtala turi ham, avval saqofiy mustamlaka o‘rnatish ortidan kirib boradi. Shuningdek, bu mustamlakalarning barchasidan qutulishda ham, mustamlakachining saqofiy ta’siri ostidan chiqib olish asosiy va muhim o‘rinni egallaydi.
Abdurahmon Odilov