Shom qo‘zg‘oloni davlatlar pozitsiyasi va siyosiy aldov o‘rtasida

801
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Shom qo‘zg‘oloni davlatlar pozitsiyasi va siyosiy aldov o‘rtasida

Ustoz Ahmad Muoz qalamiga mansub

Ongli siyosiy kishilar manfaatlar hukmron bo‘lgan hozirgi zamonda xalqaro pozitsiyalar mohiyatini, uning sabablarini hamda oddiy odamlar ko‘ra olmayotgan ortidagi yashirin maqsadlarni hech qiynalmasdan ko‘rib turadilar. Oddiy odamlar esa, siyosatga va uning o‘yinlariga qiziqmaydigan, o‘tgan narsalarni tezda unutadigan bo‘ladilar. Shuning uchun ham, ayni hozirgi ahvolga olib kelgan avvalgi pozitsiyalarni ham tezda unutib, «katta da’volar»ga osongina ishonadigan bo‘lib qoladilar. Vaholanki, bu da’volar har bir xalqaro pozitsiyaning asl maqsadini qoplab-to‘sib turuvchi qora bulutdan o‘zga narsa emas. Bunga misollar ko‘p bo‘lib, ayniqsa, bugun kapitalistik demokratik tuzum hukmronligi ostida buni siyosiy aldov, deyiladi. Chunki bu tuzum ochko‘z kapitalistlar manfaatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida xalqlarni xom xayollarga giriftor etadi, hammani aldaydi.

Mavzuga bunday kirishayotganimiz boisi shundaki, bugungi kunda Shomda nima bo‘layotganini tushunib olmog‘imiz darkor. Shom ahli, ayniqsa, bir oyog‘ini go‘r tortib qolgan va nomi tarix sahifasiga eng yovuz jinoyatchi sifatida qayd etilayotgan rejimga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targanlar hamda Suriya ahli va barchamiz shuni anglab olaylikki, davlatlar o‘rtasidagi bu siyosiy o‘yinni his-tuyg‘ular va odob-axloq hal qilmayapti. Yo‘q, bu o‘yinda manfaat va foyda rolь o‘ynayapti… Qo‘zg‘olon boshlanganiga to‘qqiz yil to‘lishi arafasida turgan ekanmiz, bu qonxo‘r rejimning Suriya xalqiga qarshi sodir etayotgan shuncha jinoyatlari ham, uzog‘u yaqindagi dushmandan ko‘rilayotgan shuncha dard-alamlar ham, kattayu kichik dushmanlarning til biriktiruvlari ham, hamma-hammasi bu manfaat o‘yinchilarini sariq chaqalik qiziqtirmayapti.

Darhaqiqat, Suriya qo‘zg‘oloni aniq maqsadni oldiga qo‘yib boshlandi. Bu maqsadni qo‘zg‘olonchilar «xalq rejimni ag‘darishni istaydi», degan shior orqali ifodaladilar. Bu bilan Suriya va mintaqadagi qora davr tubdan o‘zgarib, yangi davr boshlanishiga umid baxsh etdilar. Musulmonlar bu o‘zgarish talabini Tunisdan boshlab, Misr, Liviya, Yaman bo‘ylab bir necha davlatlardan boshladilar. Keyin Sudan, Jazoirda ham boshlab, uning boshqa musulmon yurtlarida ham – Alloh izni ila – albatta davom etajagini ko‘rsatdilar.

Shuning uchun ham biz butun davlatlar tizimining boshqa qo‘zg‘olonlarni emas, Suriyadagi Ummat qo‘zg‘olonini yo‘q qilishga jon-jahdi bilan yopirilishganini ko‘rdik. Nega, chunki Shom aqidaviy o‘lchovga ega bo‘lib, toj duridir, qaror va uyg‘onish markazidir. U erdagi qo‘zg‘olonning belini sindirishga butun kufr til biriktirganini, davlatlar birin-ketin aralashib, bir tomondan qo‘zg‘olonga qarshi kurashishganini, ikkinchi tomondan qo‘zg‘olonchilarni yolg‘izlatib qo‘yishganini hamma ko‘rdi. Shu niyatda qator konferentsiya va kelishuvlar bo‘lganiga hamma guvoh bo‘ldi. Bularning barchasi qo‘zg‘olonni rejimni butun arkonu basharalari bilan qo‘shib ag‘darish maqsadidan chalg‘itishga qaratildi. Bu konferentsiyalar Jenevada tugamadi, balki Ostonada davom etib, Rossiya bilan Turkiya til biriktirgan Sochida tamom bo‘ldi. Bu mash’um Sochi kelishuvi rejimni sirtdan ayrim qora basharalarini o‘zgartirib, o‘zini o‘zgarishsiz saqlab qolishdek AQShning siyosiy echimini amalga oshirish uchun darvoza vazifasini o‘tadi va hamon shunday bo‘lib turibdi. Albatta Shom ahli bunday echimga boshdanoq qarshi chiqishdi va rejimni ag‘darish maqsadida qo‘zg‘olonni davom ettirishga qattiq turishdi. Buning ortidan Sochi kelishuvi xalq noroziligiga aylandi va ushbu norozilikni ifodalovchi yirik siyosiy faoliyatlar boshlandi. Shunda ayni davlatlar Sochi kelishuvini xalq talabiga aylantirish maqsadida o‘z strategiyalarini o‘zgartirishdi. Buning uchun ozod qilingan mintaqalarni yo‘q qilib, Asad va Eron jangarilari oldida hamda Rossiya bombalari ostida jangchi guruhlarni chekintirishdi, alaloqibat, yuz minglab odamlar ko‘chirildi, qo‘zg‘olon qal’asi bo‘lgan mintaqalar rejimga topshirildi. Buning ortidan Turkiya aralashuvi boshlanib, yirik ommaviy axborot vositalari shov-shuvi keltirib chiqarildi. Ayniqsa, rus samolyotlari tomonidan turk askarlarining qirg‘in qilinishi ortidan Turkiya rasmiylarining Asad jangarilariga qarshi Suriyaga kirishlari to‘g‘risidagi bayonotlari yangradi. Turkiya kuchlari rejimga qaqshatqich zarbalar berib, ko‘p sonda ofitserlar va askarlarini o‘ldirishdi, texnika va kolonnalarini vayron qilishdi. Turkiya rejimi o‘z askarlari uchun qasos olishga va’da berdi va shuning barobarida, prezident Erdogan Asad rejimidan qilgan jinoyatlari uchun hisob so‘rash uchun belgilangan fevral muhlati yaqinlashayotgani to‘g‘risida bayonot berdi. Ya’ni, Erdogan Eron prezidenti Ruhoniy bilan o‘tkazgan telefon suhbati chog‘ida «siyosiy echim Suriya inqiroziga chek qo‘yishning yagona yo‘lidir», dedi! His-tuyg‘u va balandparvoz gaplardan uzoq bo‘lgan ushbu qisqa bayonot Turkiya pozitsiyasi qanday ekanini ko‘rsatib turibdi. Turkiya rejimi boshqa xalqaro komanda bilan birgalikda qo‘zg‘olonni yo‘q qilishda davom etishi va Sochi kelishuvi xalq talabiga aylangan taqdirda, siyosiy echimni amalga oshirishni to‘xtatmasligi har qanday insonga ayon bo‘lmoqda.

Bu erda savol paydo bo‘ladi: ayni damdagi janglarning asl haqiqati ayon bo‘lgandan so‘ng endi nima bo‘ladi, turk rejimining Shom ahliga bergan va’dalari rostmi, shunday voqealar oqimida qo‘zg‘olon karvoni qaerga olib boradi?!

Haqiqat juda qimmatbaho narsa. Shuning uchun haqiqatning ayon bo‘lib qolmasligi uchun uni son-sanoqsiz firib va yolg‘onlar bilan qo‘riqlashyapti. Hatto zohiri bizga insonparvarlik yordamlari bo‘lgan, aslida qarorimizni nazorat ostiga olish va Erdogan istagandan ham qattiqroq cheklashdan iborat bo‘lgan haqiqatni yashirishyapti. Shuning uchun ham qanchalar achchiq va og‘riqli bo‘lmasin haqiqatni aytmoq bizning zimmamizda. Gap shundaki, hozirda Suriyada Sochi kelishuvini uning qurbonlari ko‘ziga boshqacha ko‘rsatishmoqchi. Ya’ni, xalq rad etgan til biriktiruvni ularning o‘zlari tomonidan talab qilingan echimga o‘zgartirmoqchi bo‘lishyapti. Hozirgi janglar Sochida kelishilgan chegaralar ustida ketayotgan bo‘lsa, uning tatbiqi ikki ittifoqchi Turkiya-Rossiya qo‘lida ketyapti. Suriya xalqi Turkiya aralashuvini qo‘zg‘olon foydasiga bo‘lyapti, qo‘zg‘olonni Damashqdagi qonxo‘r rejimni ag‘darish maqsadiga olib boradi, deya tushunib, shu narsani umid qilayotgan bo‘lsa-da, biroq orzu-umid bilan yoki g‘arazli da’volarga ishonish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shu bois, qo‘zg‘olon karvoni, agar xolis insonlar harakat qilmasalar, juda xatarli yo‘ldan ketmoqda. Vaholanki, uning etakchilik rulini boshqarish va qarorlarini qayta olib berish bu xolis kishilar qo‘lidan keladi. Bu esa, o‘z qarorini nopok niyatli davlatlar va ularning tashkilotlaridan qutqarib olishga qodir Shom ahlining o‘zlariga bog‘liqdir.

وَلَيَنصُرَنَّ اللَّهُ مَن يَنصُرُهُ إِنَّ اللَّهَ لَقَوِيٌّ عَزِيزٌ

«Albatta Alloh O‘ziga (ya’ni diniga) yordam beradigan zotlarga nusrat beradi. Shubhasiz Alloh kuchli, qudratlidir» [Haj 40]

Roya gazetasining 2020 yil 11 mart chorshanba kungi 277-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.