Jeenbekov Sankt-Peterburgga jo‘nab ketdi

399
0

Jeenbekov Sankt-Peterburgga jo‘nab ketdi

 Prezident Sooronbay Jeenbekov 20-dekabr kuni Oliy Evroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahriga uchib ketdi.

 Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, shuningdek, u Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi.

 Qirg‘iziston delegatsiyasi tarkibida tashqi ishlar vaziri Chinibek Aydarbekov, prezident ma’muriyatining tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Daniyar Sidikov, Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchisi Alibek Jekshenkulov, bosh vazir o‘rinbosari Jenish Razakov va iqtisodiyot vaziri Sanjar Muknabetovlar bor.

 Izoh: Ma’lumki, Evrosiyo iqtisodiy komissiyasi 19 noyabr kungi majlisida Qirg‘izistonning uchinchi mamlakatlardan olib kelinadigan avtomobillarni bojxona rasmiylashtirishdagi imtiyozlar davri uzaytirilishi borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlamagan edi. 2019 yilning 31 dekabr kuni Qirg‘iziston uchun avtomobillarni bojxona rasmiylashtiruvida berilgan imtiyozlar davri nihoyasiga etadi. 2020 yilning 1 yanvaridan Evroosiyo iqtisodiy ittifoqining tariflari kuchga kiradi. Yangi tariflarga ko‘ra, avtomobillarning bojxonada rasmiylashtirish bir necha barobar oshadi. Masalan, Toyota Camry (2009, dvigatel hajmi 2,5 litr) ayni damda 1250 dollarga olib kiriladi. 2020 yilda bu mashinaning bojxona to‘lovi 13 600 dollarni tashkil qiladi. Demak, endilikda qirg‘iz bozori g‘arb davlatlari standartlariga javob bermaydigan rus avtomobillari uchun o‘z eshiklarini keng ochishga majbur bo‘ladi.

 Aslida EOII tashkil etilganidan buyon tashkilotga a’zo davlatlar tashqi savdoda ortga ketayotib zararga uchrayotgan bo‘lsa, Rossiya esa aksincha foyda bilan chiqmoqda. Masalan, 2019 yilning 9 oyi mobaynida savdo aylanmasi jahatidan ittifoqqa a’zo davlatlarning barchasi salbiy salьdo bilan chiqqan, ya’ni importga nisbatan eksport ko‘p bo‘lgan. Ulardan farqli ravishda Rossiyada eksport ko‘lami oshgan. Aslida ham Rossiyani EOII tashkil etishdan ko‘zlagan maqsadi shu edi. Bir tomondan sobiq mustamlakalarini iqtisodiy jihatdan o‘ziga yanada ko‘proq bog‘lab olish bo‘lsa, ikkinchi tomondan g‘arb sanktsiyalariga uchragan va ularning talablariga javob bermaydigan mahsulotlari uchun bozor ochishdan iborat edi. Bugunga kelib Rossiya bu bozorni yanada kengaytirish uchun O‘zbekiston va Tojikistonga bosim o‘tkazib kelmoqda. Oliy Evroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishi ortidan MDH davlatlari rahbarlarining navbatdagi norasmiy uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi. Shu uchrashuv doirasida Putini Mirziyoevga yana bir bor ittifoqqa kirishni taklif qilib ko‘rishi va hatto bosim o‘tkazishga harakat qilishi ham ehtimoldan yiroq emas. 

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.