Qirg‘izistonda uranni qayta ishlash va tashish taqiqlandi

405
0

Qirg‘izistonda uranni qayta ishlash va tashish taqiqlandi

 Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatda uranni qayta ishlash va boyitishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar bermoqda.

 Prezident apparati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qonun aholining salomatligi va atrof muhitni himoya qilish, shuningdek radiatsion xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Qonunda mamlakat hududida uran konlarini qidirish, ushbu moddalarni qayta ishlash va xom ashyo va chiqindilarini olib o‘tish ta’qiqlangani qayd etilgan.

 Ma’lumki, joriy yilning mart-aprel oylarida “YurAziya” kompaniyasi tomonidan Issiq ko‘l atrofida uranni qayta ishlash harakatlarini olib borishiga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tgan edi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali 20 mingdan ortiq imzolar yig‘ilib, petitsiya imzolangan.

 Izoh: O‘z vaqtida SSSR Qirg‘izistondan uran chiqindilari saqlanadigan ombor sifatida foydalangan edi. Qirg‘iziston Favqulotda vaziyatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistonda umumiy hisobda toksik va radioaktiv moddalar ko‘milgan 92 ta joy bor. Shundan 36 ta punkt Mayluu-Suuda joylashgan. Shu bilan birga 23 ta chiqindixonada uran elementlari mavjud, qolgan joylarga esa tog‘ jinslarining radioaktiv qoldiqlari, og‘ir metallar va tsianid ko‘milgan. Zaharli va xavfli mahsulotlarning umumiy hajmi 2,9 million kubometrni tashkil qiladi. Eng achinarli shundaki, bu omborlarning aksari oqar suvlar yaqinida joylashgan bo‘lib, SSSR parchalanib ketganidan so‘ng bu omborlar deyarli qarovsiz qolib ketgan.

 Bu kamlik qilganidek, joriy yil boshida qirg‘iz hukumati Rossiya kompaniyalari bilan yangi uran konlarini qazish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ammo xalqning keskin qarshiligi sababli bu ish vaqtincha to‘xtab qoldi va hukumat uran konlarini tadqiq qilish va qazishni taqiqlovchi qonun qabul qilishga majbur bo‘ldi. Biroq, Rossiya bir oz vaqt o‘tib hukumatga bosim o‘tkazadigan bo‘lsa, deputatlar yana qayta uranni qazib olishga ruxsat beruvchi qonunni tasdiqlab berishadi. Chunki, bu sohada Rossiya-Qirg‘iziston o‘rtasida davlat darajasidagi bitimlar bor. Agar bular amalga oshmasa Qirg‘iziston jarimalar botqog‘iga botadi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.