Aqlning ta’rifi

588
0

Aqlning ta’rifi

 Insonning xayvondan farqi nima deb so‘rasangiz har qanday odam “inson xayvondan aqli bilan farqlanadi” deb javob beradi. Biroq, shu bilan bir vaqtda ayrim odamlar “mening aqlli itim bor, “mening aqlli otim bor” deyotganiga guvoh bo‘lasiz. Savol: chindan ham ayrim xayvonlarda aql bo‘ladimi? Shuningdek, biror kishi axmaqona ish qilsa, “uning aqli yo‘q ekan” deb qo‘yamiz. Savol: rostdan ham ayrim odamlarning aqli yo‘q bo‘ladimi? Yana ba’zi bir insonlarni ilmi bilan g‘ururlanib, o‘zini boshqalardan aqlliroq qilib ko‘rsatayotganini ko‘ramiz. Savol: Kimdir aqlliroq, boshqalar aqlsizroq bo‘ladimi? Hatto ayrim odamlar aqliga kelganini gapirib, o‘zini Allohga tenglashtirishmoqda (astag‘firulloh). Savol: aqlning ishlash quvvati qanchalik, uning chegarasi yo‘qmi, aql bilan xudo bo‘lib olsa bo‘ladimi, agar aqlning chegarasi bo‘lsa u qanchalik? Hayotda ayrim odamlarning aqli adashib ketdi deb qo‘yamiz. Savol: aqlning adashganini qanday aniqlaymiz? Shu kabi aqlga taalluqli savollar javobiga, albatta, aqlning ta’rifini aniqlab olgandan keyingina etish mumkin. Shuningdek, aqlning maxsuli bo‘lgan fikrlash nima ekanligi, qanday qilsa to‘g‘ri fikrlash mumkinligi… fikrlash maxsuli bo‘lgan ilm, fan va saqofatlardan qanday foydalanish kerakligini… shularning barcha-barchasini aqlning ta’rifi asosidagina aniqlay olamiz. Demak, aql ta’rifining inson hayotida muhim o‘rni bor (nasib qilsa bular haqida o‘z navbatida so‘z yuritamiz). Hozircha aql ta’rifini aniqlab olaylik.

 To‘g‘ri, aqlning ta’rifini bilmasak ham aqlimiz tabiiy ravishda ishlayveradi. Biroq, bu ta’rifning hayotda muhim o‘rni bo‘lganligidan – ko‘pchilik odamlar e’tibor berishmasa ham – unga mufakkirlar, ideologlar, psixologlar avvaldan alohida e’tibor qaratib kelishgan. Xato bo‘lsada o‘z xulosalarini chiqarib ta’rif berishgan. Masalan, qadimgi greklar mantiq fanini o‘zlashtirishgan. Shuningdek, yangi tarixda kommunistlar “moddaning miyada aks etishi” deb ta’rif berishdi. Bugungi kunda bo‘lsa aqlning har kimga taalluqli bo‘lgan turli xil ta’riflarini topish mumkin. Biroq, aslida uning ta’rifi yagona bo‘lishi kerak. Chunki, uning voqesi yagona.

 Aqlning haqiqatini har bir odam biladi, shu sababli, kelinglar, uning voqesi va ta’rifiga birgalikda murojaat qilaylik.

 Masalan bir toshni olaylik. Biz toshni ko‘rishimiz bilan “ha, bu tosh” deb hukm chiqaramiz, bu nima deb o‘tirmaymiz, chunki, shunga o‘xshash narsalarni tosh ekanligi haqida avval kimlardandir eshitib o‘rganganmiz. Endi shu misolda aqlning qanday ishlaganiga e’tibor beraylik. Tosh bu – voqelik, uni ko‘z miyaga uzatdi, miyamizda bo‘lsa bu haqda avval o‘rgangan “tosh” degan ma’lumot (ya’ni ma’rifat) bor edi. Ko‘z degan sezgi a’zoyimiz uzatgan ma’lumot miyamizdagi avvalgi ma’lumotimizga bog‘landi-da uni biz “bu tosh-da” deb hukm chiqardik, ya’ni aqlimizni ishlatdik. Demak, bizning miyamiz sezgi a’zoyimiz uzatgan ma’lumotni miyamizdagi sobiq ma’lumotimizga bog‘lab berdi, buning natijasida narsa haqda hukm chiqardik. Shunday qilib aqlimizni ishlatgan bo‘lamiz. Ko‘rinib turganidek, aql ishlashi uchun 4 shart topilishi zarur ekan: 1-voqelik (narsa yoki xodisa), 2-sezgi a’zolari (ko‘rish, eshitish, xid bilish, taom ajratish, tana), 3-uzatilgan ma’lumotni sobiq (avvaldan bor bo‘lgan) ma’lumotga bog‘lab berishga qodir sog‘lom miya, 4-sobiq ma’lumot (ya’ni ma’rifat).

 Endi xodisaga bir misol keltiramiz. Yo‘lda ketayotib bir odam o‘z farzandini urayotganini ko‘rib qoldingiz deylik. Siz bunga qadar katta kishi bolani urganini ko‘rmagansiz. Biroq, odamlarni mollarni urganini ko‘rgansiz va otangiz sizga molni uryapti deb ma’lumot bergan. Mana shu sobiq ma’lumotga bog‘lash orqali siz xaligi kishini bolani urayotganin bilib olasiz. Demak, shu o‘rinda aql ishladi, ya’ni fikrladingiz. Bundan tashqari, otangiz bolani urish yomon ish ekanligi haqida ham ma’lumot bergan. Bunga bog‘lash orqali siz bu kishi yomon ish qilyapti degan fikrga kelasiz. Mana yana aqlni ishlatdingiz. Yomon ishdan qaytarish kerak deb o‘rgangansiz, shu sababli endi bundan qanday qilib qaytarish kerak ekanligi haqda fikrlaysiz. Shu misolda qarab ko‘rsak, kishining bolani urishi xodisasi –voqelik, uni ko‘z miyaga uzatdi, miya bu ma’lumotni o‘zidagi sobiq ma’lumotlarga bog‘lab berdi.

 Shulardan ma’lum bo‘lganidek, kommunistlar aytganidek, modda miyada akslanmaydi (miya ko‘zgu kabi aks ettirish xususiyatiga ega emas), bu sezgi a’zolari orqali miyaga ma’lumot sifatida uzatiladi. Shuningdek, ma’lumotning miyaga uzatilishini o‘zi bilanoq aql ishlab ketmaydi. Agar shu bilan aql ishlab ketsa, u holda eshakda ham aql bo‘lishi kerak, chunki, u ham sezadi va unda ham miya bor.

 Xayvonlarda aql yo‘q

 Xayvonlarda aql bo‘lmaydi. Ular barcha narsa va xodisalarni g‘ariza va uzviy (tana) ehtiyojlari orqaligina bilishadi. Bu shu’riy idrok (ichki sezish orqali bilish) deb ataladi. Masalan, ot toshni eb bo‘lmasligini, arpani eyish mumkin ekanligini biladi. Buni esa aqlga aloqasi yo‘q, buni uzviy ehtiyojlar orqali biladi. Bunday narsa insonda ham bor, u loy emay, non eyish kerak ekanligini biladi. Yana suvga oqib ketib omon qolgan jonivor keyin oqar suvdan qo‘rqadigan bo‘lib qoladi. Bunday ko‘rinish instinkt turtkisi bilan bo‘ladi. Bunday instinktga taalluqli ko‘rinishlar insonda ham bo‘ladi.

 Bundan boshqa yana xayvonlarda yuqoridagi g‘arizaviy ko‘rinishlarni eslab qaytarish ham mavjud. Masalan, buqa buzoqni qattiq suzub qo‘ysa, keyinchalik buzoq katta bo‘lganidan so‘ng ham undan qo‘rqishda davom etadi.

 Bundan tashqari, xayvonlarda taqlid bilan o‘rganish ham bor. Ulardagi sezgini qayta-qayta takrorlata bersak, taqlid bilan bunga o‘rganib ketadi. Masalan, ayiqqa o‘ng-chapga dumalashni o‘rgatish mumkin. Bunday o‘rganishni hali aqli shakllanmagan yosh bolalarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2 yoshar bola ham o‘nga-chapga dumalashni o‘rgangani kabi.

 Demak, xayvonlarning ichki sezgilari orqali bilishi, sezgini eslab qaytarishi, taqlid orqali o‘rganishi – bularning barchasi ularda sobiq ma’lumotni, ya’ni ma’rifatni paydo qilmaydi, shuningdek, ularning miyasida ma’lumotlarni bog‘lash xususiyati yo‘q. Shu sababli ularda aql yo‘q. Ulardan birining ikkinchisidan “aqlliroq” ko‘rinayotgani – bu ularning g‘ariza va uzviy ehtiyojlariga taalluqli qobiliyatlaridagi farq xolos.

 Xayvonlarda bo‘lgani kabi, insonlardagi xayvonlarnikiga o‘xshash – ichki sezgilar orqali bilishi, ularni eslab qaytarishi, taqlid bilan o‘rganishi – bularning barchasi qachonki odamda ularni bog‘laydigan sobiq ma’lumotlar vujudga kelmaguncha, bular odamda ma’rifatga aylanmaydi. Ya’ni, odam bolasiga boshqa odamlar tomonidan ma’lumotlar o‘rgatilmasa, unda aql paydo bo‘lmaydi va xayvondek bo‘lib qoladi.

 Sobiq ma’lumotlar qanday paydo bo‘ladi

 Kommunistlar va ularga ergashgan G‘arb olimlarining asosiy adashgan joyi quyidagicha bo‘ldi. Ular “maymun baqo g‘arizasi asosidagi ma’lumotlarni o‘zaro bog‘lash orqali odamga aylanib ketdi” deyishadi. “Demak maymundan odamga aylangan birinchi odam voqelikda duch kelgan narsa va xodisalar haqidagi ma’lumotlarni bog‘lash bilan ma’rifatni (ya’ni sobiq ma’lumotni) paydo qilgan” deyishadi. Bunda Darvinning evolyutsiya nazariyasiga suyanishdi. Masalan, “odam chaqmoq urgan xayvonning go‘shtini eb, keyin go‘shtni pishirib eyishni bilib olgan” deyishadi. Aslida, insonda go‘sht nima ekanligi, undan qanday foydalanishni, u bilan narsalarni ma’lum bir shartlarda pishirish mumkinligini, qanday qilib pishirish haqida o‘rgatilmasa, u pishirishni hech qachon o‘rgana olmaydi.

 Evolyutsiyachilar bo‘lsa “birinchi odam voqelikda duch kelgan narsa va xodisalar haqida ma’lumotlarni bog‘lash orqali ma’rifat paydo qilgan” degan fikrlarini asoslash uchun “Maugli”, “Tarzan” kabi ertaklarni haqiqatday qilib ko‘rsatishga urinishadi, uning qaxramonlarini aqlli qilib ko‘rsatishadi. Ha, dunyoda insoniy jamiyatdan uzilib o‘sgan inson farzandlari topilgani o‘z tasdig‘ini topgan. Biroq, shu bilan birga ularda aql yo‘q ekani, xuddi xayvonlardek yashashgani ham tasdiqlangan. Bu ko‘rinish sotsiologiya va psixologiya fanlarida “yovvoyi bollar” atamasi bilan ma’lum. Demak, agar inson farzandi insonlar yashaydigan jamiyatdan uzib tashlanib, unga boshqa odamlar tomonidan hech narsa o‘rgatilmasa unda aql paydo bo‘lmaydi.

 Birinchi odamda sobiq ma’lumotlar, ya’ni ma’rifatning qanday paydo bo‘lgani to‘g‘risida Islom tushinchasi quyidagicha. Qur’oni Karimning “Baqara” surasining 31-33 oyatlarida Alloh taolo aytadi:

“Va U zot odamga ismlarning barchasini o‘rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ro‘baro‘ qildi. Keyin: “Agar rostgo‘ylardan bo‘lsangiz, anavilarning ismlarini Menga aytib bering dedi. Ular “Ey pok Parvardigor! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo‘q. Albatta, Sen O‘zing bilguvchisan va hikmatli zotsan”, dedilar. U zot: “Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini aytib ber”, dedi. Ularga o‘sha narsalarining ismlarini aytib bergan chog‘ida, “Men sizlarga osmonlaru erning g‘aybini bilaman va sizlar berkitmaganu berkitgan narsalarni ham bilaman demabmidim”, dedi”.

 Bu oyatlar ma’rifatga etish uchun sobiq ma’lumotlar bo‘lishi lozim ekanligiga dalolat qiladi. Alloh Taolo Odam a.s.ga narsalarning ismlarini bildirdi. Narsalar unga ro‘baro‘ qilinganda  Odam a.s ularni tanidi. Demak, birinchi insonga, ya’ni Odamga Alloh Taolo ma’lumotlarni bergan hamda bu ma’lumotlar orqali u narsalarni taniy olgan. Agar mana shu ma’lumotlar bo‘lmaganida ularni bila olmas edi.

 O‘shandan buyon, insonda ma’rifatni xosil qiladigan ma’lumotlarni Odam a.s. farzandlariga berdi. Farzandlari o‘z farzandlariga etkazdi. Shunday qilib, insoniyat ma’rifat xosil qilishi mumkin bo‘lgan sobiq ma’lumotlarni avloddan avlodga o‘tkazib kelmoqda. Agar kimdir aql ishlatishga, ya’ni fikrlashga etarli bo‘lgan ma’rifat xosil bo‘lmay turib odamlardan uzilib qolsa, uning aqli bo‘lmaydi.

 Inson farzandida ma’rifat qanday paydo bo‘ladi

 Buni aniqlash uchun instikt va uzviy ehtiyojlariga taalluqli bilish bilan – narsalarni tanish, xodisalar ma’nosini tushinish kabi aqlga taalluqli bilishning farqini aniqlab olish kerak. Masalan, chanqaganda suv ichish kerak ekanini bilish uzviy ehtiyojiga, u bilan tozalanish mumkinligini bilish g‘arizaga tegishli bo‘ladi. Endi suvni suv sifatida tanish, undan sho‘rva tayyorlash mumkinligini bilish, undan qurilish ishlarida yoki tibbiy maqsadda foydalanishni bilish va h.k – bularning barchasi aqlga taalluqli. Bularning barchasi o‘rganish orqali bo‘ladi.

 Shu o‘rinda, odamning miyasi bilan xayvonot miyasi o‘rtasidagi farqqa to‘xtalib o‘taylik. Xayvonning miyasi g‘arizaga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni o‘rganishga yaroqli emas. Masalan, unga “bu yo‘l, yo‘l yaxshi bo‘lsa yurishga qulay bo‘ladi, bu er uchun keng yo‘l, narigi er uchun tor yo‘l qulay” degan kabi g‘arizaga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni o‘rgatish mumkin emas. Odam bolasiga bo‘lsa – uning miyasi o‘sib borgani sari – ma’lumotlarni kengaytirish bilan yuqoridagi ma’lumotlarni o‘rtatish mumkin. Shu sababli, ellik yil o‘rgatsang-da maymun bu ma’lumotlarni o‘rgana olmaydi, demak, unda aql paydo bo‘lmaydi. Ayni shu ma’lumotlarni olti yoshli bola o‘rgana oladi. Chunki, uning miyasi g‘arizaga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni qabul qilishga yaroqli. Shuning uchun, yosh bolalarimiz g‘arizaviy tarzda sezayotgan narsalarning nomlanishini ularga qayta-qayta o‘rgatamiz. Masalan, bola chanqaganda suv ichishni uzviy ehtiyoj va g‘ariza sababli bilsa ham biz unga “bu suv, bu suv” deb takror-takror o‘rgatamiz. Keyincharoq “suv ich, suv ich” deymiz. Bunda “ichishni” o‘rgatdik. Keyin yoshiga qarab uning xususiyatlarini o‘rgatamiz. Barcha duch kelgan narsalar va voqealar haqida ham shunday bo‘ladi. Bu vaqtda bolaning o‘zi ham “bu nima, bu nima” deb narsalar haqida, “nima uchun unday bo‘ldi, nimaga bunday bo‘ldi” deb voqealar haqida so‘ray boshlaydi. Biz o‘rgatib borish orqali ularda ma’lum bir ma’lumot bazasini paydo qilamiz. Boshqacha aytganda, sobiq ma’lumotlar majmui, ya’ni ma’rifatni paydo qilamiz. Mana shu bazaviy ilm paydo bo‘lganidan so‘ng bola hayotda duch kelgan narsa va voqealar haqida – o‘zidagi ma’rifatga bog‘lash orqali – fikrlay oladigan bo‘ladi. Agar duch kelgan narsa haqida unda sobiq ma’lumot bo‘lmasa, u haqida izlanishga yaroqli bo‘lib qoladi. Avval g‘ariza asosida bilgan narsalarini ham endi shu ma’lumotlarga bog‘lab, ularning haqiqatini aniqlashga harakat qila oladi. Masalan, avval ilondan g‘arizaviy tarzda qo‘rqqan bo‘lsa, endi ilon chaqib o‘ldirishiga aqli etgani uchun undan qo‘rqadi.

 Demak, odam miyasining xayvonnikidan farqi – inson miyasida ma’rifat paydo qilish va yangi ma’lumotlarni o‘sha ma’rifatga bog‘lash qobiliyati mavjud. Agar miya ma’rifat paydo qila olmasa, ya’ni, urgatgan narsalarni o‘rganish orqali ularni sobiq ma’lumotlarga aylantira olmasa, shuningdek, ma’lumotlarni bog‘lashga layoqatli bo‘lmasa bunday odam aqlsiz bo‘ladi.

 Insonda sobiq ma’lumotlar qachon xosil bo‘ladi

 Fanga ko‘ra,insonlar jamiyatidan uzilmay yashagan bolada 7 yoshida fikrlay oladigan aql shakllanib bo‘ladi. Ya’ni, unda sobiq ma’lumotlardan iborat va keyingi ma’lumotlarni ularga bog‘lab narsa va voqealar ustidan hukm chiqara oladigan ma’rifat o‘rnashgan bo‘ladi. (Faqat, vunderkindlar va autizm bilan og‘rib tuzalganlar bundan mustasno. Biroq, ularning ahvoli ham aqlning mazkur ta’rifi doirasidan tashqariga chiqmaydi. Chunki, birinchilarida sobiq ma’lumotlarni paydo qilish va ma’lumotlarni bog‘lash erta shakllansa, keyingilarida kechroq bo‘ladi). Shu sababli ham psixologiya va pedagogika fanlari xulosalari asosida farzandlarimizni 6-7 yoshidan maktabga beramiz. Fan bo‘yicha, 7 yoshiga qadar odamlar jamiyatidan uzilib qolgan “yovvoyi bolalarda” aql bo‘lgan emas. Bunday xulosa hadisda ham o‘z tasdig‘ini topgan. 

 Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bolalaringni etti yoshdan namozga buyringlar”, deganlar.

 Darhaqiqat, bolada aql shakllanib bo‘lganidan so‘ng garchi insonlardan ajrab qolsa-da fikrlay oladi. Yangi bir narsa yoki voqelikka duch kelsa bular ustidan hukm chiqarish uchun sobiq ma’lumotlariga bog‘laydi. Agar duch kelgan narsasi haqida sobiq ma’lumot bo‘lmasa, u haqda fikrlay olmaydi, biroq unga taalluqli ma’lumotlarni izlab ko‘ra oladi. U qayta insonlar orasiga qo‘shilsa tezda jamiyatga kirishib ketadi. Chunki, unda aql bor. Agar u boshqalardek fikrlay olmayotgan bo‘lsa bu aqlning bor yoki yo‘qligi masalasi emas, balki ma’lumotlarning ozligi va fikrlashni tubanligi masalasi hisoblanadi.

 Ayrimlar ba’zi tuzemets (tsivilizatsiyadan uzilib qolgan) xalqlarning aqli yo‘q deb o‘ylashadi. Aslida ularning aqli bor. Faqat ular boshqa xalqlardan ma’lumotlar ozligi va tuban fikrlashi bilangina farq qilishadi. Bu misol ham aqlning bor-yo‘qligi masalasi emas, balki fikrlashning yuqoriligi yoki tubanligi masalasiga taalluqli misol.

Ma’rifat qanday paydo bo‘ladi

 Bolada ma’rifat paydo bo‘lishi uchun beriladigan ma’lumot voqelikka, voqelik bo‘lsa ma’lumotga bog‘lab beriladi. Masalan, bola xayvonot bog‘ida arslonni ko‘rsa, “bu sher” deymiz. Bunda voqelik ma’lumotga bog‘lanadi. Bolaga “sher jayronni eydi” degan ma’lumotni bersak va unga xujatli filьmdan sherning yirtqichligini ko‘rsatsak, bergan ma’lumotimizni voqelikka bog‘lab bergan bo‘lamiz. Boshqa narsa yoki voqealarni ma’rifatga aylantirish shunday bo‘ladi. Faqat bolaning yoshiga qarab, umumiy tarzda o‘rgatishdan batafsil o‘rgatishga o‘tiladi.

 Ayrim sezgi a’zolari ishlamaydigan bollar bor. O‘rgatishda ularning sog‘lom a’zolariga e’tibor qaratiladi. Masalan, qulog‘i karlarning ko‘rish, ko‘zi ojizlarni eshitish a’zolariga e’tibor beriladi. Albatta, bunday harakat ko‘p mehnat talab qiladi. Shunday bo‘lsa-da, bu orqali ularda aql paydo bo‘ladi.

 Adashgan odamlar qanday o‘nglanadi

 Sobiq ma’lumot, ya’ni o‘rgatilgan ma’lumotlar majmuidan iborat ma’rifat Odam a.s.dan beri avlodlarga mana shu tarzda o‘rgatib kelinadi. Biroq, bu  Odam a.s. nimani bilsa uni boshqalar ham shundayligicha o‘rganib kelishyapti degani emas. Odam a.s.dan keyingi odamlarda sobiq ma’lumotlar, ya’ni aql bo‘lishi uchun etarli bilim paydo bo‘lganidan keyin, ular yangi duch kelgan narsa va xodisalar ustidan o‘zlari turlicha hukm chiqarishdi. Shu sababli ular orasidan ko‘p xudoliklar, xudosizlar chiqdi… Insoniy jamiyat shunday zalolatga ketganida Alloh Taolo O‘zi xohlagan vaqtda elchilarini jo‘natib turdi. So‘nggi elchi bo‘lib Muhammad sollallohu alayhi va sallam jo‘natildi. Endi qiyomatga qadar payg‘ambar kelmaydi. Demak, odamlarni zalolatdan qutulishi Islom bilangina bo‘ladi.

 Hozirgi vaqtda odamzot hayotida, shuningdek Islomni o‘rganish va o‘rgatishda aqlning ta’rifi muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi sababli, unga jiddiy e’tibor qaratish kerak.

tugadi

 Redaktsiya: Saytga kelib tushgan shahriy xalqa mavzusini – aql egalariga foydasi bor degan umid bilan – chop etishni lozim topdik. Tanqid-fikrlar bo‘lsa, xat-xabarlar kutib qolamiz.

 Muallif: Mavzu shayx Taqiyyuddin Nabaxoniyning “Tafkir” kitobiga asoslandi. Shuningdek unda ayrim ustoz va shogirdlarning kitobdagi ma’nolarni tushingani bo‘yicha mulohazalariga tayanildi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.