Xitoy O‘zbekistondagi “Xavfsiz shahar” uchun 1 milliard dollar beradi
Xitoy O‘zbekistonda “Xavfsiz shahar” tizimini joriy etish loyihasi uchun 1 milliard dollar pul beradi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining Xitoy bilan erishilgan shartnomalarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilgan qarorida so‘z boradi.
24 sentyabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan qarorda aytilishicha, Toshkentda mazkur tizim 2020 yilning oxirida ishga tushiriladi.
2021 yil dekabrigacha esa O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham “Xavfsiz shahar” tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Qarorda ta’kidlanishicha, Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida 4 milliard 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng asosiy investor Xitoy bo‘lib qolmoqda. Xitoy bu mintaqadagi davlatlarga qarz berish orqali o‘zining iqtisodiy ekspansiyasini tobora kengaytirib bormoqda.
Tabiiyki, Xitoy mintaqa davlatlariga qarz berish bilan bir qatorda, ularni o‘z talablariga bo‘ysunishga ham majbur qiladi. Masalan, iyul oyida Yevropaning 22 davlati Xitoyning Sharqiy Turkistondagi musulmonlarga qarshi olib borayotgan qatag‘on siyosatini qoralab chiqishgan edi. Oradan bir kuni o‘tib, aksari islomiy yurtlardan iborat 35 davlat, jumladan O‘zbekiston va Tojikiston ham Xitoyni qo‘llab-quvvatlovchi maktubni imzolashdi.
Xitoy asosan Sharqiy Turkistonda o‘rnatagan “aqlli kameralar” uyg‘ur musulmonlari boshiga qanday kunlarni solayotgani ko‘pchilikka sir emas. Islom va musulmonlarga qarshi kurashda Xitoydan qolishmaydigan O‘zbekiston hukumati ham hozirdan boshlab “aqlli kameralar” fuqarolar yuzini o‘qiy olmayotganini bahona qilib erkaklarning soqollarini majburan olishni boshlab yubordi. Toshkentdagi “Malika” bozorida soqolli musulmonlarga qarshi o‘tkazilgan va bugungi kunda mamlakatning boshqa viloyatlariga ham ko‘chgan reydlar bunga misol bo‘la oladi. Xitoy qarz berish bilan bir qatorda mintaqadagi iqtisodiy nochor davlatlaridan Islomga qarshi kurashni kuchaytirishni ham talab qila boshlashi aniq. Keyingi kunlarda Qirg‘iziston maktablarida o‘quvchi qizlarning ro‘mol o‘rashi, masjidlar qurishni cheklash masalasini ko‘tarilishi, O‘zbekistonda uyma-uy yurib, ro‘mol o‘ragan ayollar ro‘yxatga olina boshlashi Xitoy qarz berish evaziga qo‘yayotgan talablardan bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas.
Abdurahmon Odilov.