Lavrov: YeI Markaziy Osiyodagi hamkorlarni Rossiyadan ixlosini qaytarmoqchi

475
0

Lavrov: YeI Markaziy Osiyodagi hamkorlarni Rossiyadan ixlosini qaytarmoqchi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi o‘zining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi va “Sharqiy hamkorlik” loyihasi yordamida sharqiy va Markaziy Osiyodagi hamkorlarini Rossiyadan “ixlosini qaytarishini” maqsad qilgan.

“Hozirda “Sharqiy hamkorlik” ortidan YeI Markaziy Osiyo uchun Rossiya manfaatlari va tarix, iqtisodiyot, urf-odatlar, madaniyat, inson munosabatlari, xavfsizlik masalalari bo‘yicha bizni birlashtiradigan aloqalarni hisobga olmagan holda tuzilgan dasturni rivojlantirmoqda, zeroki u yerda bizning ittifoqdoshlarimiz va strategik hamkorlarimiz ham bor”, – dedi Lavrov “Kommersant’” gazetasiga bergan interv’yusida.

“Bizning ma’lumotlarga qaraganda, hozir ular sobiq SSSRning Yevropa va Kavkaz orti respublikalari ishtirok etayotgan “Sharqiy hamkorlik” va YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi o‘rtasida do‘stona aloqa o‘rnatishga urinishmoqda. Bu kabi yirik loyihalar ishlab chiqarilayotgan paytda hatto potensial rejimda ham hech narsani sir saqlamaslik kerak”, deya so‘zini davom ettirdi u.

Lavrov YeIning bu loyihalardan ko‘zlagan maqsadi Moskvaga ma’lum ekanini qo‘shimcha qilgan. Ularning maqsadi sharqiy va Markaziy Osiyo hamkorlarni Rossiyadan ixlosini qaytarish, Rossiya va bu mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni susaytirish hamda o‘zini qanoatlantiruvchi qonun-qoidalarini joriy etishdan iborat.
Izoh: Rossiyaning Markaziy Osiyo respublikalari ustidagi siyosiy, saqofiy va iqtisodiy ta’siri kamayib borgan sari, u o‘zining asosiy e’tiborini mintaqada harbiy ta’sirini kuchayirish qaratmoqda. Ma’lumki, Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar rahbarlari olib borayotgan avtoritar boshqaruv hamda amaldorlarning korrupsiya botqog‘iga botib ketishi natijasida yurt boyliklari talon-taroj qilindi. Oqibatda esa mamlakatlardagi iqtisodiy vaziyat izdan chiqib, davlat g‘aznasi bo‘shab qoldi. Bu davlatlar hatto oddiy bir islohot o‘tkazishlik uchun ham xorijiy davlatlarning moliyaviy qo‘lloviga muhtoj bo‘lib qolishdi. Rossiya hozirgi iqtiodiy ahvolida ularga moliyaviy ko‘mak ko‘rcatish imkoniga ega emas. Rossiyadagi bu iqtisodiy inqirozdan foydalangan G‘arb davlatlari mintaqadagi davlatlarga turli ko‘rinishdagi grant va moliyaviy yordamlar ajratib kelishmoqda. Tabiiyki, g‘arb davlatlari ajratadigan grantlar ortidan o‘z manfaatlariga mos bo‘lgan talablarni ham qo‘yishadi. Bu esa mintaqa davlatlarini Rossiyadan uzoqlashiga olib keladi.
Buni anglagan Rossiya Afg‘oniston vahimasini bo‘rttirish orqali mintaqada o‘zining harbiy ishtirokini kuchaytirishga intilmoqda. Yaqindagina Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) birlashgan shtabi boshlig‘i general-polkovnik Anatoliy Sidorov “Hozirda Afg‘onistonda “Tolibon” va “IShID”ning 15 mingga yaqin jangarilari bo‘lib, ular Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligiga tahdid uyg‘otayotgani”ni ma’lum qilgan bo‘lsa, avgust oyida Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Gennadiy Kuz’min “Hozir “IShID”ning Afg‘onistondagi o‘zagini 4 mingga yaqin jangari tashkil qilishi”ni aytgan edi. Kuni kecha Rossiya boshchilik qilgan va Markaziy Osiyodagi deyarli barcha davlatlar ishtirok etgan “Markaz- 2019” harbiy mashg‘ulotlari ham Rossiyaning bu mintaqada o‘z harbiy ishtirokni saqlab qolish uchun tashlagan qadamlaridan biridir.
Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.