Falastin masalasi Tramp va uning mashʼum kelishuvidan ancha katta masala

465
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Falastin masalasi Tramp va uning mashʼum kelishuvidan ancha katta masala

Doktor Ibrohim Tamimiy

Hizb ut-Tahrirning Falastindagi matbuot boʻlimi aʼzosi

AQSh maʼmuriyatining yuqori lavozimdagi bir rasmiysi CNN axborot tarmogʻiga ayni maʼmuriyatning yaqinda Oʻrta Sharqda “Asr kelishuvi”, deyilayotgan tinchlik taklifining birinchi qismini qabul qilajagini maʼlum qildi. Rasmiyga koʻra, bu narsa Bahrayn poytaxti Manamada joriy iyun oyining 25-26 kunlariga belgilangan seminarda qabul qilinadi. Seminarda arab davlatlari iqtisod vazirlari, xalqaro va regional darajadagi tadbirkorlar, yahud vujudi iqtisod vaziri Kaxlon, AQSh prezidenti maslahatchisi Jared Kushner, Oq uyning Oʻta Sharqdagi vakili Jeyson Grinblatt ishtirok etadi.

CNNga koʻra, Kushner yigʻinda bunday dedi: “Reja boʻyicha, bu seminarda toʻrtta asosiy omil muhokama qilinadi: infrastruktura, sanoat, jismoniy shaxslarga imkoniyatlarni kengaytirib, investitsiya kiritish va hokimiyat islohotlari. Seminarda uzoq vaqtdan buyon tinchlikka erishishga toʻsqinlik qilib kelayotgan koʻplab siyosiy masalalardan chetlanishga harakat qilamiz, masalan, falastinliklarning oʻzlariga alohida davlat boʻlishiga erishish va Quddus kabi masalalar”.

Bu kabi sobiq bayonotlar va sizib chiqqan gaplardan shu narsa yaqqol koʻrinib turibdiki, Trampning kallasida – mol, shirkatlar, chayqovchilik va sado bitimi kelishuvlari kabi – oʻzi ulgʻayib oʻsgan sharoit boʻyicha fikrlashdan boshqa narsa yoʻq. U oʻzicha mana shu kallasi bilan Falastin masalasini yoʻq qilish yoʻlini topaman, deb oʻylayapti. U siyosiy makrning boshi boʻlgan va nopok siyosiy zahriqotil hisoblangan qari Britaniya ojizlik qilgan narsani eplay olaman, deb bilyapti. Holbuki, Britaniyaning Falastin masalasini yoʻq qilishga kuchi yetmagan. Shuningdek, Karter, Reygen, katta Bush, Klinton, kichik Bush va Obama kabi oʻzidan oldingi amerikalik rahbarlar eplolmagan ishni Tramp iqtisodiy sohaga diqqatni jalb qilish va savdo bitimlari orqali hal qilmoqchi. Bu anqov Tramp bir oz kallasini ishlatganda edi, oʻzining naqadar gʻaflatda ekanini, Falastin masalasi Shimoliy Koreya masalasi ham, Xitoy bilan boʻlgan savdo urushi masalasi ham, Rossiya va Yevropa bilan muomala qilish masalasi ham emasligini anglab yetgan boʻlar edi. Yoʻq, Falastin masalasi bu kabi masalalardan oʻzining alohida xususiyatlari bilan tamoman farq qiladi, bu masala Trampdan, uning davlatidan, mashʼum bitimidan, Bahrayndagi shu seminaridan ham ancha katta masala. Amerika oʻnlab yillar davomida musulmon yurtlaridagi rejimlarga va Falastin rejimiga oʻzining etagini tutishlari, oʻz istagi boʻyicha qadam tashlashlari uchun milliardlarini sarfladi. Qanchadan-qancha til biriktiruv va fitnalar toʻqildi, ularni musulmon yurtlaridagi amerikaparastlar tatbiq qildi… Biroq shularning barchasi Falastin masalasini yoʻq qilishga, shu paytga qadar bu masalani yopishga muvaffaq boʻlolmadi.

Bu haqiqatlardan koʻz yumish kekkayish, takabburlik va siyosiy koʻrlikdan boshqa narsa emas. Chunki bu haqiqatlar Falastin masalasining qandayligini yaqqol namoyon qilmoqda, bu masalaning Gʻarb qudratidan ham, ularning bitimlari-yu til biriktiruvlaridan yuqori turuvchi masala ekanini koʻrsatib turibdi. Ayni haqiqatlardan biri shuki, Falastin masalasi ikki milliardga yaqin sondagi Ummatning aqidasi masalasi boʻlib, Isro surasi bilan bogʻliqdirki, ushbu sura Allohning hifzu himoyasida boʻlgan va butun yer yuzidagi kuchlar birlashsa ham bitta surasini oʻchirish qoʻlidan kelmaydigan Qurʼoni Karimda nozil qilingan. Musulmonlar koʻz oʻngida ushbu muborak zamin islomiy zamin boʻlib, u Umar foruq roziyallohu anhu qoʻli bilan fath qilingan va Salohiddin Ayyubiy rohimahulloh qoʻli bilan ozod etilgan. Shuningdek, qoʻrqmas xalifa Abdulhamid ikkinchi bu zaminni qoʻriqlab, uning bir qarichidan ham voz kechmagan. Ushbu zamin bagʻrida sarvari olam ﷺning Isro maskani va musulmonlarning birinchi qiblasi boʻlgan, u yerga safar qilishga qatʼiy bel bogʻlanadigan Aqso masjidi mavjud. Musulmon yurtlarining u chetidan bu chetiga qadar fasod tarqatib, hoʻlu quruqni barobar yoqqan, ahli orasida tahdidu xavotirlar yoygan moʻgʻul-tatarlar mana shu zamin tuprogʻida magʻlub boʻlib, yer tishlashgan. Bugun esa, bu zaminning qariyalari tugul, hatto bolalari ham uni kim ozod qiladi, kim bu zaminni Islom Ummati mulkiga qaytaradi, deb kutib turibdilar.

Shuning uchun, Amerika bu muborak yurtga qarshi qanchalar til biriktirmasin, qancha-qancha zahri qotil tuzilma tuzmasin yoki oʻzlarining tili bilan aytganda iqtisodiy va siyosiy shovla tayyorlamasin hamda bu ishning muvaffaqiyati uchun qancha-qancha tobe va malaylarni safarbar qilib, konferentsiya va anjumanlar oʻtkazmasin, shuningdek, hamon boʻzchining mokisidek davom etayotgan qancha-qancha rasmiy safarlar qilinib, qancha-qancha bayonotlar berishmasin, hatto “biz shovla tayyorlaymiz, boshqalar tovoq keltirishsin”, deya kekkayishmasin… maqsadlariga hargiz yetisholmaydi… Allohning izni ila, abgor va noumid ahvolda qaytib ketishadi… Chunki yuqorida aytganimizdek, Falastin masalasi ulardan ham, butun dunyo kuchlaridan ham kattadir.

Biroq shularning barchasiga qaramay, ushbu muborak zamin ahli oʻzlariga qarshi ilgari surilayotgan takliflardan ehtiyot boʻlmoqlari va ongli boʻlishlari kerak. Gʻarb tomonidan yetib kelgan barcha loyihani rad etmoqlari lozim. Ular – xoh ikki davlat yechimi boʻlsin, xoh asr kelishuvi, degan narsa boʻlsin, xoh boshqasi boʻlsin, mohiyati va tafsiloti qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, bu loyihalarning barchasiga rozi boʻlmasliklari kerak. Shuningdek, ushbu zamin ahli ularga nasihat qilayotgan ongli xolis insonlarga quloq solmoqlari zarur. Chunki bu insonlar uzoq vaqtdan beri ushbu zaminga qarshi til biriktiruv va makrlarni fosh qilib kelmoqdalar, bu fitnalarning mohiyatini, ularni qanday barbod etish va ularga qarshi qanday kurashish yoʻllarini va fitna toʻqiyotgan fitnachi rahbarlarni birma-bir koʻrsatib bermoqdalar. Falastin ahli faqat Allohga suyansinlar, chunki makkorlar makrini oʻz boʻgʻizlariga qaytarib uruvchi faqat Allohdir, xuddi Makka Qurayshi makrini oʻzlariga qaytarib urgani kabi. Oʻshanda mushriklar Rosululloh ﷺga qarshi toʻqigan makrlari omadsizlikka uchrab, sharmandai sharmisor ahvolda etaklarini sudrab ketishga majbur boʻlishdi. Rosululloh ﷺ esa, hijrat qilib, ular istamasalar-da, Islom davlatini barpo qildilar. Alloh Taolo bunday dedi:

وَإِذْ يَمْكُرُ بِكَ الَّذِينَ كَفَرُوا لِيُثْبِتُوكَ أَوْ يَقْتُلُوكَ أَوْ يُخْرِجُوكَ وَيَمْكُرُونَ وَيَمْكُرُ اللَّهُ وَاللَّهُ خَيْرُ الْمَاكِرِينَ

(Ey Muhammad), kofirlar sizni hibs qilish yo oʻldirish yoki (Makkadan) chiqarib yuborish uchun sizga makr qilgan paytlarini eslang! Ular makr qilurlar, Alloh ham “makr” qilur. Alloh makr qiluvchilarning ustasidir”  [Anfol 30]

Keyin, muborak zamin ahli Allohning izni ila, Gʻarbning barcha loyihalarini chilparchin qila oladigan ulkan xarsangtosh misol tura olishlari uchun faqat oʻzlariga tayanmoqlari, Amerikaga qarshi turish va rejalarini barbod etishda musulmon yurtlardagi malay rejimlarga tayanmasliklari lozim. Chunki Gʻarbning musulmonlarga qarshi kurashidagi asosiy qurollari mana shu rejimlardir. Musulmonlar ularning yordamsiz tashlab qoʻyishlarini ham, xiyonat qilishlarini ham oʻz tajribalarida sinaganlar. Shu bilan birga, muborak zamin ahli “millat”, “vatan” va yolgʻon shiorlarni dastak qilib olib, yon berayotgan, yordamsiz qoʻyayotgan, xiyonat qilayotgan, shuncha berilgan qurbonliklar va toʻkilgan qonlarni sotib savdo qilayotgan kimsalarga ham ishonmasinlar. Chunki bu kimsalarning asl basharalari allaqachon fosh boʻlib, ayblari ochilib, Gʻarb rejalariga fidokorlik bilan xizmat qilishayotgani fosh boʻlib boʻldi. Shu bois, Falastin masalasini himoya qilishda yoki Amerika rejalariga qarshi kurashishda shu kimsalarga ishonish, gʻirt nodonlikdir.

Shuningdek, butun Islom Ummati vazifasi anavi malay rejimlarni agʻdarish va hokimiyatni Xalifalik davlatini barpo etish orqali islomiy hayotni qayta boshlash uchun faoliyat olib borayotgan ongli siyosiy yetakchilar qoʻliga topshirishdan iborat. Xalifalik davlati armiyalarimizni bu iflos daraxtni (yahud vujudini) ildizi bilan qoʻporib tashlash sari safarbar qiladi hamda Amerika rejalarini, bitimlarini chippakka chiqaradi. Bu davlat Tramp va uning maʼmuriyati yuziga stolni agʻdarib tashlab, musulmon yurtlaridagi dumlarini qirqib, ularni oʻz inlariga kiritib yuboradi, agar inlari sogʻ qolsa, albatta.

Roya gazetasi saytidan olindi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.