Xitoy Tojikiston alyumin zavodiga 545 million dollarlik investitsiya kiritadi

564
0

Xitoy Tojikiston alyumin zavodiga 545 million dollarlik investitsiya kiritadi

 Xitoyning China Machinery Engineering Corporation davlat korxonasi Tojikistonda “Talko” alyuminiy kompaniyasining modernizatsiyasi bilan shugʻullanadi. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar qildi.

 Loyiha ikki yilga moʻljallangan, qiymati 545 million dollarni tashkil qiladi.

 Modernizatsiya davomida Xitoy tomoni alyuminiy ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming tonnaga yetkazish rejalashtirmoqda.

 Xitoy qanday shartlarda “Talko”ga sarmoya kiritishi hozircha nomaʼlum.

 Izoh:

 Bugungi kunda Xitoyning iqtisodiy quvvati haddan ziyod oshib, dunyodagi ikkinchi iqtisodga aylandi. Xitoy oʻzida toʻplanib qolgan ulkan mablagʻni oʻzining iqtisodiy bosqinchiligini amalga oshirish yoʻlida sarflayapti. Maʼlumki, Xitoy soʻnggi yillarda Tojikiston hukumatining asosiy investoriga aylandi. Tojikiston tashqi qarzining teng yarmidan koʻpi aynan Xitoyga tegishli. Tojikistonda parlament binosidan tortib taʼlim muassasalarigacha Xitoy qurib beryapti. Xitoy hukumati oʻz byudjetidan uzoq muddatli kreditlar ajratib, Tojikistonda maʼmuriy binolargacha qurib beryapti. Oʻtgan yili Tojikiston parlamenti binosining Xitoy hukumati tomonidan qayta tiklanishiga ham rasmiy Pekin oʻz byudjetidan 1,5 milliard yuan ajratgan edi. Ammo biror marta Xitoy va Tojikiston oʻrtasidagi qarzga oid shartnomalar matni oshkor etilmagan va shartlari aniq koʻrsatilmagan. Shartlar aniq koʻrsatilmagan boʻlishiga qaramay Xitoyni bergan qarzlarini pul koʻrinishida qaytarib olish qiziqtrimaydi. Balki u qarzdor davlatdan yer va yer osti qazilma boyliklari hisobidan toʻlashni shart qiladi.

 Ayrim manbalarda kelishicha, Xitoyning investitsiyaga doir shartnomasida bir maxsus band mavjud. Unga binoan davlatlar Xitoydan olgan qarzlari evaziga oʻz mustaqilligining bir qismidan voz kechishlari lozim, shu jumladan Xitoy bilan xalqaro sudda tortishish huquqidan ham mahrum boʻladilar.

 Tojikistonning avvalgi qarzlari uchun Xitoy Togʻli Badaxshon muxtor viloyatidan yer osti qazilma boyliklari serob boʻlgan 90 ming gektar yerini tortib olib qoʻydi. Tojikiston va boshqa “uchinchi olam” davlatlari Xitoy yoki boshqa davlatlardan olgan qarzlarining hech boʻlmaganda bir qismini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun sharoit yaratib beruvchi stanoksozlik, mashinasozlik kabi ogʻir sanoat tarmoqlarga sarflash haqida hatto oʻylab ham koʻrishmaydi.  Sanoat rivojlanishining garovi boʻlgan ogʻir sanoat yoʻlga qoʻyilmas ekan, bizning yurtlarimizda hatto oddiy parlament binosini ham yoki yerga asfalt yotqizishni ham oʻzimiz eplay olmaymiz! Chunki har bir ish uchun oʻziga mos texnika va kerakli anjomlar lozim boʻladi. Bu anjomlarning deyarli hammasi ogʻir sanoatga aloqador korxonalarda ishlab chiqariladi.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.