Medvedev Oʻzbekistonga tashrif buyuradi
29-30 may kunlari Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Oʻzbekistonga tashrif buyuradi va 30 may kuni Toshkentda Oʻzbekiston-Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiya yigʻilishida ishtirok etadi. Bu haqda Rossiya hukumati matbuot xizmatiga tayangan holda TASS xabar bermoqda.
“Dmitriy Medvedev va Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya – Oʻzbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning yigʻilishini oʻtkazadilar. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi rejalashtirilgan” deyiladi xabarda.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish moʻljallangan.
Bundan tashqari, tomonlar energetika, sanoat, transport, yuqori texnologiyalar va qishloq xoʻjaligida yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qiladilar.
Tashrif doirasida turli sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar imzolanadi.