Yetakchi guruh, siyosiy doira va boshqaruv sistemasining mamlakatdagi oʻrni

669
0

Yetakchi guruh, siyosiy doira va boshqaruv sistemasining mamlakatdagi oʻrni

Qirgʻiziston iqtisodiy krizisdan qutilish maqsadida yana vazirlarni almashtirmoqchi

Har qanday davlat rahbari, u dohiy yoki kuchli diktator boʻlishidan qatʼiy nazar yetakchi guruh qoʻlloviga muhtoj boʻladi!

Yetakchi guruh davlat rahbarini hokimiyatga olib keladi yoki avval hokimiyatni qoʻlga olib, soʻng rahbar tayinlaydi. Bu inqilobiy ravishda tuzumni agʻdarish yoki mavjud hokimiyatni kuch bilan tortib olish yoʻllari bilan amalga oshishi mumkin. Har ikki holatda ham hokimiyat yetakchi guruhga tayanadi. Masalan Umar r. a. xalifa boʻlib saylanganlarida, sahobalardan oʻz atrofida turishlarini va u bilan birga davlat ishlarini olib borishga toʻla koʻmaklashishlarini talab qildilar.

Siyosiy doira (siyosiy elita) esa, yetakchi guruhdan bir qancha jihatdan oʻzgacha boʻlib, uning ichida oʻnlagan yetakchi guruh va partiyalar boʻlishi mumkin. Ular bitta siyosiy doira ichida boʻla turib, bir-biriga qarama-qarshi siyosat olib borishadi. Shunga qaramay, ular siyosat olib borish mexanizmida, tartib sistemasida va mafkuraviy dunyoqarashda bir xil tafakkur qilishadi. Ularning har birini oʻz manfaati, maqsadi va siyosiy koʻzqarashlari boʻlgani bilan, shu dunyoqarashlaridan kelib chiqqan maqsadlarini amalga oshirishda siyosiy doira chegarasidan chiqa olishmaydi.

Boshqaruv sistemasi, mamlakat ichkarisida odamlar oʻrtasidagi doimiy aloqalarni tartibga solish qonun qoidalarining asosi, shuningdek davlatning tashqi davlatlar bilan olib boradigan diplomatik aloqalaridagi tartiblardan iboratdir. Davlatning boshqaruv sistemasi xalqaro qonun va huquq normalariga bogʻliq. Xalqaro qonun esa, xalqaro siyosatda taʼsir quvvatiga ega, kuchli davlatlar tomonidan ishlab chiqiladi, muxofaza qilinadi va amalda ijro etiladi.

Qirgʻiziston siyosiy muhitida yana bosh vazirni almashtirish haqida gap boshlandi. Yetakchi guruh, hokimiyatni qoʻlida saqlab qolish maqsadida yana vazirlarni almashtirmoqchi. Yangi vazirlik yana bir qancha muddat xalqni yangi islohotlardan umidvor qilib, vaqtincha boʻlsa ham hokimiyatni yetakchi guruhdan tortib olishi mumkin boʻlgan boshqa yetakchi guruhlardan saqlab turishi umid qilinadi.

Qirgʻizistondagi siyosiy doira esa, xalqaro siyosat taʼsiri ostida boʻlgan olamiy boshqaruv sistemasiga tobe holda siyosat olib borish kerak, degan tafakkur asosiga qurilgan. Shuning uchun Qirgʻiziston qaysi bir yetakchi guruhning qoʻliga oʻtmasin, prezident yoki har qancha bosh vazirlar almashmasin, ular xalqaro global boshqaruv sistemasi taʼsiri ostidan chiqish haqida fikrlay olmaydi. Ular, faqat xalqaro siyosatga taʼsir quvvatiga ega bir davlatdan qutilib, undan boshqa kuchliroq yoki qulayrogʻiga oʻtish haqida fikrlashadi. Shuning uchun bir siyosiy doira ichidan bir necha yirik davlatlar etagini tutgan har turli dunyoqarash egalari boʻlgan yetakchi guruhlar paydo boʻlib boryapti. Natijada ular bir birlari bilan faqat hokimiyat talashish asosida siyosat olib borishadi. Aslida ular oʻz manfaatlarini oʻylab, qaysidir tashqi quvvatlarni oʻziga jalb qilish va ularning yordami bilan hokimiyatni oʻz qoʻllariga olishni maqsad qilishgan. Mazkur “boshqaruvsistemasi” ostida olib borilayotgan siyosiy kurashlar, mamlakatni inqiroz botqogʻiga botirib boryapti.

Demak Qirgʻiziston davlatining kundan-kunga inqirozga yuz tutib borishining asosi, uning bosh vaziri yoki yetakchi guruhining zaifligiga borib taqalmaydi. Balki, xalqaro siyosatni mamlakatimiz ichki siyosatiga aralashishiga imkon bergan olamiy boshqaruv sistemasining notoʻgʻri asoslarga qurilgani, shuningdek, Qirgʻiz siyosiy doirasi shu olamiy boshqaruv sistemasini jon jahdi bilan himoya qilayotgani bois Qirgʻiziston shu ahvolga tushib bormoqda.

Vaholanki bu global boshqaruv sistemasi, olamni uch toifaga boʻldi.

1. Yetakchi davlatlar: Ular ogʻir va harbiy sanoatiga ega boʻlgan mustamlakachi davlatlardir. (AQSH, Angliya, Xitoy… kabi).

2. Boy davlatlar: Ular ogʻir sanoati rivojlangan boy davlatlardir. (Yaponiya, Kanada, Germaniya… kabi).

3. Agrar davlatlar: Ular xom ashyo, chorva va qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetkazib beruvchi davlatlardir.

Qirgʻiziston uchinchi toifadagi, yaʼni agrar sanoatga moslashtirilgan davlat turkumidan boʻlib, siyosiy doirasi ham siyosiy muhitni va xalqni shu zaif agrar holatiga moslashtirish asosiga qurilgan. Bu siyosiy doira hech qachon xalqaro siyosatning yuqoridagi zulmiga qarshi isyon qila olmaydi. Bu siyosiy doira ichidan chiqib kelayotgan siyosatchi va yetakchi guruhlar, olamiy boshqaruv sistemasi tomonidan chizib berilgan chegaradan tashqariga chiqa olmaydi. Natijada ular doim tor doira ichida dami qaytib, hech qanday muvoffaqqiyat qozona olmagan ijroiy organlarni aybdor qilib, ularni birini ikkinchisi bilan almashtirishdan nariga oʻta olishmaydi.

Xulosa qilib aytganda, Qirgʻiziston singari agrar davlatlarda hukumat boshiga hatto Amerika senatini olib kelib qoʻyilganda ham, shu boshqaruv sistemasi va unga tobe siyosiy doira oʻzgarmas ekan, vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarmaydi! Chunki davlat iqtisodi faqat yengil sanoat rivojlanishi bilan rivojlanadi. Yengil sanoat esa, faqat ogʻir sanoat bilan yaʼni stanoksozlik, moshinasozlik kabi tarmoqlarni yoʻlga qoʻyish bilan rivojlanadi! Qirgʻiziston siyosiy doirasi esa, xalqaro global buzuqi sistemaga qarshi, mamlakatda ogʻir sanoatni rivojlantirish haqida hatto fikrlashdan ham qoʻrqadi!

Demak xalqaro boshqaruv sistemasi bizning ustimizda olib borayotgan zulmlari oqibatida Qirgʻizistonda siyosiy va iqtisodiy muammolar kelib chiqmoqda. Xalqaro siyosiy ahvolni oʻnglamay turib, yoki uning buzuq changalidan qutulmay turib, agrar mamlakatlar siyosiy va iqtisodiy jihatdan rivojlana olishmaydi. Buning uchun avvalo bizni olamiy buzuq sistema asosi taʼsiri ostida ushlab kelayotgan mavjud siyosiy doirani oʻzgartirishimiz kerak. Buning yagona yoʻli, olamiy boshqaruv sistemasining asosi boʻlgan demokratiya aqidasidan kelib chiqqan kapitalistik mabdaga tayangan siyosiy doiradan voz kechib, islomiy mabdaiy siyosiy doirani qoʻllab-quvvatlash va uni jamiyatga olib kirishdir! Bundan boshqa yoʻllarning barchasi yana boshlangʻich nuqtaga olib boraveradi! Chunki mavjud siyosiy doira ichida olib boriladigan har qanday islohotlar, faqat xalqaro siyosatga taʼsir qiladigan quvvatga ega davlatlar manfaati va nufuzi ostida olib boriladi.

Abdurrazzoq.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.