Shatdaun oyligi AQSHga Meksika devoridan ham qimmatga tushmoqda

579
0

Shatdaun oyligi AQSHga Meksika devoridan ham qimmatga tushmoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp va mamlakat demokratlari oʻrtasida janubiy sarhadlarda xavfsizlikni taʼminlash masalalari yuzasidan qarama-qarshilik Amerika tarixida federal idora va muassasalarning eng uzoq yopilishiga olib keldi: yuz minglab amerikaliklar majburiy taʼtilga ketdilar, iqtisodga yetkazilgan putur esa, ekspertlarga koʻra, Meksika chegarasida qurilishi rejalashtirilgan “mojaro devori” narxidan ham oshib tushishi kutilmoqda. Bu haqida “Sputnik” xabar qilmoqda.

Ayni vaqtdagi, 22 dekabrda boshlangan shatdaun, 1995 yil yakuni va 1996 yil yanvarida oʻrnatilgan rekordni yangiladi. Oʻshanda federal hukumat mablagʻ yetishmasligi tufayli 21 kunga yopilgan edi. Seshanbaga oʻtar kechasi yarim tunda Moskvada “shatdaun hisoblagichi” holat 30 kun va 16 soat davom etayotganini koʻrsatdi. U tez orada yakunlanadi, deb oʻylash uchun hech qanday asos yoʻq.

Taʼkidlanishicha, kongress muhokamani davom ettiradi va qonunchilik loyihasi boʻyicha ovoz beradi, bu esa oʻz navbatida shu haftada hukumat faoliyatini tiklanishi imkonini beradi.

Ammo CNN xabariga koʻra, respublikachilar va demokratlar tomonidan taklif etilayotgan rejalar keskin farqlanib, kompromissga kelishiga umid yoʻq, shu bois hech kim shatdaun tez orada tugaydi, deya taxmin qila olmayapti.

Prezident Trampning shanba kuni kompromiss rejani taklif etishga urinishi ham buning yaqqol tasdigʻidir, vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi prezident ikir-chikirlarni aytib ulgurmasidan, uni qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortdi.

Tramp rejasiga koʻra, Kongress migrantlarning ayrim qatlami uchun qonuniy status maqomini uzaytirishi evaziga Meksika chegarasini qoʻriqlash va devor qurilishiga soʻralgan 5.7 milliard dollarni ajratishi lozim.

Ammo palatada koʻp ovoz olishga muvaffaq boʻlgan demokratlar prezident Tramp avval aytganidek chegaraning butun uzunligi boʻyicha emas, balki favqulodda muhim qismlarida devor qurishga roziligini bildirgan boʻlsa ham, devor qurilishini moliyalashtirishga keskin qarshilik bildirishmoqda.

Bu orada analitiklar shatdaun AQSH uchun devor narxidan ham qimmatga tushayotganidan ogohlantirishmoqda. Devor narxi va unga ehtiyoj borasida avj olgan bahslar ushbu krizisni keltirib chiqardi. S&P Global tahlilchisi Bet Enn Bovino (Beth Ann Bovino)ga koʻra, shatdaunning har bir haftasidan yetkazilayotgan bevosita va bilvosita zarar miqdori taxminan 1,2 milliard dollarni tashkil qiladi.

Oʻtgan toʻrt hafta ichida hukumat yopilishi 5 milliard dollarga tushdi, yana bir hafta qoʻshiladigan boʻlsa, bu Tramp uchun Meksika bilan chegarada devor qurilishi uchun zarur boʻlgan oʻsha 5,7 milliard dollardan oshib tushadi.

Iqtisodchining soʻzlariga koʻra, shatdaun qanchalik uzoq davom etsa, iqtisodga shu qadar katta ziyon yetkazilmoqda. “Avvalgi shatdaunlar shuni koʻrsatdiki, majburiy taʼtil koʻrinishida qoʻldan chiqarilgan mehnat unumdorligining oʻrnini keyinchalik toʻldirib boʻlmaydi. Yaʼni, “mahsulot” yaratilmagani uchun YAIM kamayadi”, – deb hisoblashmoqda.

Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, yollanma ishchilarning bir qismiga vaqtinchalik majburiy toʻxtash uchun zarar oʻrni toʻldirilmaydi, bu esa isteʼmolchilik xususiyatini kamaytiradi va bu narsa inflyatsiyani keltirib chiqarishi mumkin. Hukumatning yopilishi, hatto vaqtinchalik boʻlsa ham, kichik xususiy biznesga zarba boʻldi: litsenziyalar berilmayapti, kreditlarga berilgan arizalar koʻrib chiqilmayapti, qoʻshilish yoki yutib yuborilish haqida shartnomalar legallashtirilmayapti. Bundan tashqari, Blumbergning baholashicha, federal hukumatga xizmat koʻrsatuvchi xususiy kompaniyalar shatdaun tufayli umumiy hajmda kuniga 200 million dollardan yoʻqotishmoqda.

Joriy shatdaun amerika vazirliklari va idoralarining toʻrtdan bir qismini qamrab oldi. Xususan, davlat departamenti, ichki xavfsizlik vazirligi, adliya vazirligi va Oq uy apparatining bir qismi.

Taxminan 800 mingga yaqin davlat xizmatchilari majburiy haq toʻlanmaydigan taʼtilga yuborilgan, yoki oʻz vaqtida maoshini olmasdan xizmatni davom ettirishmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.