Qirgʻizistonda xalq yana junbushga kela boshladi
Xitoyga qarshi shakllangan jamoiy ruh siyosiy kurash quroliga aylanib boryapti
Qirgʻizistonda 17 yanvar kuni ikkinchi marotaba Xitoy bosqinchiligiga qarshi xalq namoishi boʻlib oʻtdi. Norozilik namoishchilari bir qancha shartlar bilan hukumatga murojaat qilmoqchi boʻlishdi. Lekin hokimiyat ularni kuch bilan maydondan quvib yubordi.
Norozilik namoishchilari, hokimiyatga “Qirgʻizistonda joylashgan Xitoy kompaniyalarini norasmiy migrantlardan tozalash uchun maxsus komissiya tuzish, Xitoy migrantlariga fuqorolik berishni toʻxtatish, etnik Qirgʻizlardan tashqari, Xitoy bilan tuzilib, davlatni qarzga botirib borayotgan barcha shartnomalarni qayta koʻrib chiqish, Xitoy bilan tuzilgan barcha noqonuniy bitimlarda aybdor deb topilgan rasmiylarni bor mol-mulkini musodara qilish va shu mulklardan Xitoydan olingan qarzlarimizni toʻlash…” kabi shartlar qoʻyishdi.
Lekin bu talablarning birortasini Qirgʻiz hukumati bajara olmaydi. Demak talablar ularni bajarish uchun emas, balki Qirgʻiz yetakchi guruhining kim ekanini, xalq ustida olib borgan va borayotgan xiyonatlarini oshkor qilish va ularning haqiqiy basharasi qanday ekanini xalqqa ochib berish kabi siyosiy kurashga qaratilgan. Hozir Qirgʻiz hukumati boshi berk koʻchaga kirib boryapti. Xitoy bilan tuzilgan va tuzilishi koʻzlangan barcha sarmoya va kredit olish shartnomalari muzlab qoldi. Hukumat iqtisodiy va moliyaviy inqiroz holatida.
Hukumat kodeksga kiritilgan 5 asosdan iborat yangicha jarimalarni koʻtarish bilan xalqni chalgʻitmoqchi boʻldi. Lekin hukumat vakillarining bu tashabbuslari oʻzlariga qarshi yoʻnalib, muammolarni toboro kuchaytirib yubormoqda. Xalq nafratini qandaydir quvvat boshqarib bormoqda. Hokimiyat va yetakchi guruh, xalqni yoʻnaltirayotgan quvvat kim ekani haqida bir necha xil fikrlar bildib, biri sobiq prezident Almaz Atambayev tarafdorlari desa, boshqalar diniy radikallar tomonidan moliyalashtirilyapti degan gumonda. Baʼzi ekspertlar hukumatning oʻzi uyushtirayapti degan fikrda. Lekin namoishchilar kayfiyatiga eʼtibor berilsa, ularda diniy muhitning birorta sharti koʻrinmaydi. Atambayevchilar desak, qoʻyilayotgan shartlar aynan Atambayev komandasiga qarshi yoʻnalgan. Yaʼni amaldagi prezident bilan sobiq prezidentni qoʻllab kelayotgan yetakchi guruh deyarlik oʻzgarmadi. Demak har ikkalasining jinoyatlariga teng zarba berib borilyapti.
Xulosa qilish mumkinki, xalqni tartibsiz harakatga solib borayotgan quvvat, uning Xitoyga qarshi tuygʻusidan foydalanib, Qirgʻiz – Xitoy aloqalarini boshi berk koʻchaga olib kirish maqsadida siyosiy kurash olib boryapti. Bu bilan Qirgʻiz hukumati Xitoyga tobe boʻlish strotegiyasidan voz kechishga majbur boʻlishi mumkin. Bu holatda Qirgʻiz hukumati ikki yoʻl orasida qolishi kutiladi.
Birinchisi: Hukumat moddiy kurash bilan boʻlsa ham oʻz xalqiga qarshi chiqib, Xitoy bilan aloqalarini rivojlantirib boraveradi. Bunday holatda – Agar bu ishlar ortida AQSH boshchiligidagi Gʻarb olami turgan boʻlsa – voqeaning rivoji hokimiyatni agʻdarish tomon yoʻnalishi mumkin. Rossiya ham Xitoy bosqinchiligidan mamnun emas, aslida. U ham Gʻarbning bu loihasiga unchalik qarshilik koʻrsatmaydi. Chunki Gʻarb iqtisodiy mustamlaka qilishda, Xitoy singari ochiq bosqinchilik yoʻlini tutmaydi. Masalan Qozogʻistonning qarzi 100 milliard dollardan ortib ketdi. Shunga qaramay uni bosib olish haqida gap yoʻq. Gruziya, Ukraina ham shunga oʻxshash holatda.
Ikkinchisi: Hukumat Gʻarb bilan aloqalarini mustahkamlab, Xitoydan uzoqlashadi. Buning uchun davlatning oʻzi ham xalq noroziligidan unumli foydalanishi kerak boʻladi. Yaʼni Xitoy bilan aloqani uzishga xalq hukumatni majburlay oladigan darajada kuchli qarshilik qilishi kerak. Bunday holatda Qirgʻiz mamlakati ham Gʻarbga toʻla iqtisodiy mustamlaka boʻlib, undan ulkan qarzlar olish bilan iqtisodini va hatto siyosatini ham unga munosib yoʻnaltirishi kerak boʻladi.
Har qaysi holatda ham, xalqni hukumatga qarshi yoʻnaltirayotgan uchunchi kuch, Qirgʻiz millatining Xitoy bosqinchiligiga qarshi tuygʻusidan foydalanadi. Ular bizni hozircha tiniq strotegiyamiz boʻlmagan toʻpalonlarga yoʻnaltirishyapti. Lekin hukumat parokanda boʻlib, tang ahvolga tushganda, uchinchi kuch haqiqiy maqsadlarini oshkor qilib, talab va shartlari bilan maydonga chiqadi. Toʻgʻrirogʻi ularning nomidan bizning yetakchi siyosatchilar yoki partiyalar maydonga chiqib, vaziyatni oʻz qoʻllariga olishmoqchi boʻladi. Chunki koʻzda kutilayotgan parlament saylovi oldidan piyar boshlandi. Hukumat ham, parlament va boshqa siyosiy partiyalar xalq talabiga qarshi chiqishdan tiyilishadi. Aksincha, ular xalq bilan birlashib ketishlari ham mumkin. Mana shularning hammasi hukumatga qarshi islomiy boʻlmagan, ilmoniy kuchlar oʻrtasidagi oʻzaro siyosiy kurash davom etayotganiga dalolat qiladi!
Abdurazzoq.