Makron: Tramp frantsuz siyosatiga Burnini tiqmasin
Frantsiya hukumati tomonidan yoqilgʻi narxlarining oshirilishiga qarshi 17 noyabrdan beri davom etib kelayotgan “Sariq nimchalilar” namoyishlari tinmayapti. Politsiya bilan namoyishchilar toʻqnashgan va tutun ostida qolgan poytaxt Parij maydonlari jang maydoniga oʻxshab bormoqda.
Namoyishchilar “Boylar yana ham boyib ketmoqda, oʻrta va past daromadli fuqarolar esa toboro qashshoqlashib bormoqda” degan shiorlarni koʻtarib chiqishmoqda.
Frantsiya hukumatining narxlarni tushirishiga qaramay, namoyishlar toʻxtamayapti. Ulkan tartibsizliklardan qoʻrqib ketgan Frantsiya hukumati chora koʻrish uchun armiyani koʻchalarga olib chiqdi. Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makronning isteʼfosini talab qilayotgan namoyishchilar “Biz non ushoqlarini emas, nonning oʻzini istaymiz”, deya namoyishlarini davom ettirishini aytishmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp Frantsiyadagi norozilik namoyishlari haqida oʻz munosabatini bildirar ekan, Frantsiyadagi holat Parijning “Iqlim shartnomasi” ish bermayotganligidan darak berayotganligini taʼkidladi.
“Parijning Iqlim shartnomasi Parij uchun ishga yarayotganini aytish qiyin. Frantsiya boʻylab norozilik nimoyishlari va isyonlar davom etmoqda. Odamlar atrof-muhitni himoya qilishi mumkin, deya uchinchi dunyo mamlakatlariga katta miqdorda pul toʻlashni xohlamaydilar. Ular “Biz Trampni xohlaymiz!” deya chiqishmoqda. Men Frantsiyani yaxshi koʻraman”, deya bayonot berdi Tramp Tvitter sahifasi orqali.
Shuningdek, Tramp oʻz bayonotiga, soʻnggi oylarda kun tartibiga kelgan Yevropa Ittifoqining qoʻshma armiyaini tashkil etish masalasini ham qoʻshimcha qildi. AQShdan mustaqil “Evropa Ittifoqining qoʻshma armiyaini tashkil etish” fikri Fransiyadan chiqqan va birinchi boʻlib Germaniya tarafidan qoʻllab quvvatlangan edi.
“Evropa qoʻshinini tashkil qilish gʻoyasi birinchi va Ikkinchi jahon urushlarida hech yaxshi natija bermadi. Ammo AQSh sizni qoʻllab-quvvatladi va doimo qoʻllab-quvvatlaydi. Bizning sizdan faqat birdan-bir istagimiz oʻz zimmangizga tushganini NATOga toʻlab qoʻyishingizdir. Yevropani himoya qilish uchun AQSh milliy daromadning 4,3 foizini toʻlaydi. Germaniya esa, byudjetining atigi 1 foizini toʻlaydi. Adolat shumi?!” deya tvit qoldirdi Tramp.
AQSh prezidenti Donald Trampning bayonotiga Frantsiya hukumati darhol javob qaytardi. “Tramp frantsuz siyosatiga Burnini tiqmasin!” deyiladi Parij maʼmuriyati tomonidan berilgan javob bayonotida.