Oʻzbekiston va Tojikiston mudofaa vazirlari harbiy hamkorlik rejasini imzolashdi

1030
0

Oʻzbekiston va Tojikiston mudofaa vazirlari harbiy hamkorlik rejasini imzolashdi

7 avgust kuni Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga vazirlik matbuot-xizmati.

 Uchrashuv davomida hozirgi kunda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi harbiy hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi, harbiy-texnika yoʻnalishidagi aloqalarni mustahkamlash borasida fikrlar almashildi.

 Oʻzbekiston mudofaa vaziri ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yuqori baholadi va joriy yilning mart oyida Oʻzbekiston va Tojikiston prezidentlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvning naqadar muhim ekanligini taʼkidladi.

 “Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga uyushtirgan tashrifi tarix zarvaraqlariga muhrlandi va ushbu voqea ikki mamalakat oʻrtasidagi hamkorlikning davomiy rivojlanishiga ijobiy turtki boʻldi”,- dedi Azizov.

 Shuningdek, Oʻzbekiston mudofaa vaziri oʻz nutqida ikki mamlakat mudofaa sohasi boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etib oʻtdi.

 Tojikiston mudofaa vaziri iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirdi. U Oʻzbekiston qurolli kuchlari mintaqadagi eng kuchli va zamonaviy qurol-aslahalarga, Oʻzbekiston armiyasining harbiy xizmatchilari jangovar oʻquv mashgʻulotlari borasida yaxshi bazaga ega ekanligini taʼkidladi.

 Bundan tashqari uchrashuvda shu yilning oʻzidayoq koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishga va davlatlararo maqsadli rejalarni amalga oshirishga erishilgani aytib oʻtildi.

 Suhbat davomida Tojikiston mudofaa vaziri oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarini murakkab sharoitda qoʻshma oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etish va armiya jamoalari oʻrtasida sport hamda madaniy tadbirlarni oʻtkazishga taklif bildirdi.

 Uchrashuv yakunida ikki mamlakat mudofaa idoralari rahbarlari oʻzaro 2018 yilgi harbiy hamkorlik rejasini imzoladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.