Putin: Gʻarbning qizil chiziqni bosib oʻtishi aslo mumkin emas
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gʻarb davlatlarini Rossiya bilan munosabatlarda “qizil chiziq”dan oʻtib ketmaslikka chaqirdi. Vladimir Putin bu haqida Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida aytib oʻtdi.
“NATOning chegaralarimizga yaqin boʻlishidan tashqari, ular ertaga Ukrainani oʻzlariga qoʻshib olishlari va u yerda radar yoki raketa mudofaa tizimlarini oʻrnatishlari borasida bizda shubha paydo boʻmoqda”, – dedi Putin bir nechta ommaviy axborot agentliklariga bergan intervyusida.
Rossiya prezidenti Gʻarb davlatlaridan Rossiyaning manfaatlariga hurmat bilan qarashni talab qilar ekan, “Bu yerda muayyan hududlar mavjud. Qizil chiziqni bosib oʻtish aslo mumkin emas”, deya qoʻshimcha qildi.
Putinning taʼkidlashicha, Rossiyani turli jinoyatlarda ayblash “xalqaro munosabatlar tizimini buzadigan xavfli vaziyat”ni yuzaga keltiradi.
Shuningdek, Vladimir Putin Rossiyaning boshqa mamlakatlar ishlariga aralashuvi, xususan Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi va Ispaniyaning Kataloniya referendiumiga aralashuvi haqidagi taxminlarni rad etdi. Unga koʻra, bu ishlar Moskvaning manfaatlariga toʻgʻri kelmaydi. U ushbu masalalar boradagi Moskvaga tegishli boʻlgan barcha ayblovlarni “bemaʼnilik” deb atadi.