Turkmanistonda namozga taʼqiq qoʻyilmoqda
Dashoʻgʻuz xavfsizlik xizmati xodimlari dindorlarni soʻroq qilmoqda va ulardan ibodatlar – namoz oʻqishlari toʻxtatilishini talab qilmoqda. Bu haqda “Ozodlik” radiosining Dashoʻgʻuzdagi muxbirlari maʼlum qildi.
“Dashoʻgʻuzda milliy xavfsizlik xizmati masjidlarga tashrif buyuruvchi dindorlarni, shuningdek pensiya yoshiga yetmagan davlat xizmatchilarini va uyida yoki ishxonada namoz oʻqiyotganlarni chaqirib, soʻroq qilmoqda. Ularga quyidagicha savol berishmoqda: Nima uchun namoz oʻqiysiz? Kim bilan muloqot qilasiz? Ota-onangiz kim? Shundan soʻng ulardan namoz oʻqimaslik va masjidga bormaslik talab qilinmoqda”, – deydi manbalardan biri.
Uning soʻzlariga qaraganda, soʻroq qilinganlar “masjid yoki ishxonada namoz oʻqish davom etaveradigan taqdirda, dindorlar ishdan boʻshatilishi” haqida ogohlantirilmoqda.
“Hech qayerda ishlamayotgan va yoshlardan Turkiyada ishlagan yoki ishlamaganlari, u yerda qarindoshlari ishlayaptimi, qaysi rusumdagi telefondan foydalanishi, telefonida diniy daʼvatlar bor yoki yoʻqligi soʻralmoqda”, – deya xabar beradi “Ozodlik” suhbatdoshlari va avval Turkiyada ishlab kelganlar birma-bir soʻroq qilinayotganlarini oʻz soʻzlariga qoʻshimcha qildi. Turkiyada ishlab kelganlarning atrofidagilar, tanishlari surishtirilmoqda. Soqoli bor yoshlarni soqollarini olib tashlashga majburlashmoqda, shundan keyingina qoʻyib yuborishmoqda.
Suhbatdoshlarning soʻzlariga qaraganda, tergov oʻtkazayotgan kuch ishlatish salohiyatiga ega idoralar xodimlari dindorlarni nima sababdan soʻroq qilayotganlari sabablarini tushuntirishmayapti. Bundan tashqari, mintaqadagi bir nechta manbaning aytishicha, Saparmurat Turkmanboshi tumanidagi bir qator qishloqlarda mahalliy maʼmuriyatlarga namoz oʻqiyotgan dindorlarning roʻyxatini tuzish topshirilgan.
Turkiston:
Turkmanistonning sobiq prezidenti, Saparmurod Niyozov yozganligi daʼvo qilingan “Ruhnoma” kitobi nashr qilinganidan soʻng ommaviy axborot vositalarida “Turkmanboshi” Niyozov paygʻambar deb talqin qilina boshladi. Oʻshanda turkmanistonlik diniy olim Xojaahmad Oʻrozqlichev bu musulmonlar eʼtiqodiga zid ekanligini aytib chiqishi ortidan Prezident Niyozov Islom diniga qarshi kurashni kuchaytirib yuborgan edi. Olimning ushbu soʻzlaridan soʻng turkman hukumati Oʻrozqlichev tarjimasidagi turkman tilida chop etilgan 40 ming nusxa Qurʼonni yoqib yuborishga buyruq berdi. Shu bilan kifoyalanib qolmagan rasmiy hukumat poytaxt Ashxoboddagi masjidlarni teng yarimini buzib tashladi va musulmonlarni turli xil ayblovlar bilan qamoqqa tashlay boshladi. Huquq faollari bergan maʼlumotlarga koʻra, qattiq rejimli “Ovadon Tepa” turmasida 300 ga yaqin dindor mahkumlar bor. Ularga yaqinlari bilan uchrashish, tashqaridan biror narsa olib kiritish taʼqiqlangan.
Milliy xavfsizlik boshqarmasi va yoʻl nazorati xizmati xodimlari soqol qoʻygan va 50 yoshga toʻlmagan musulmon erkaklarni ushlab, maxsus suhbatdan oʻtkazish ortidan, ularning soqollarini majburan olib tashlash holatlari va hatto aroq ichib, ularni choʻchqa goʻshti yeyishga majburlash holatlari kuzatildi. Kuch organlari talabini bajarmagan eʼtiqodli musulmonlar esa hech qanday sud va tergovsiz 7-8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Buning natijasida rejim qamoqxonalari musulmonlar bilan toʻlib toshdi. Oʻtgan yilning bahor oylaridan boshlab Mudofaa vazirligida xizmat qilgan hamda namoz oʻqigan harbiy xizmatchilarni ishdan boʻshata boshlagan edi. Bugunga kelib esa barcha davlat xizmatchilariga namoz oʻqish taʼqiqlandi.