Chegaradagi vaziyat yaxshilanmoqda
Qirgʻiziston chegara xizmati matbuot kotibi Salkin Abdikariyevaning maʼlum qilishicha, Qirgʻiziston va Qozogʻiston orasida joylashgan “Ak-Tilek” chegara nazorat punktida yuk avtomobillari oʻtkazish tezlashdi.
Uning soʻzlariga koʻra, chegaradan oʻtish surati 2 dekabrdan boshlab tezlashgan. Tongga qadar chegarani 225ta yuk avtomashinasi kesib oʻtgan. Oldin Qozogʻiston chegarasini bir soatda 7-8 ta avtomobil kesib oʻtgan boʻlsa, hozir 15-20 ta.
“Muammolar boshlanmasdan oldin chegarani bir soatda 30 ta yuk avtomobili kesib oʻtar edi. Hozir 20 ta. Talasdagi “Chon-Kapka” nazorat punktidan 70 ta avtomobil oʻtmoqda”,- dedi Abdikariyeva.
Xabar qilinishicha, 2 dekabr kuni Ostonada Qozogʻiston bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Asqar Mamin va Qirgʻiziston bosh vaziri oʻrinbosari Toʻlqinbek Abdigulov ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha Yoʻl xaritasini imzolashgan.
3 dekabrdan boshlab Qozogʻiston chegarachilari Qirgʻiziston bilan chegarani qoʻriqlashning odatiy variantiga qaytdi.