“RIA Novosti” xabar qilishicha, Qozogʻiston parlamenti quyi palatasi – Majlis deputatlari birinchi oʻqishda qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartishlarni maʼqulladi. Shu bilan ayrim qonun hujjatlari va kodekslari mamlakat asosiy qonuni meʼyorlariga moslashtirildi. Konstitutsiyada qoʻshimcha jinoiy jazo turi sifatida fuqarolikdan mahrum etish koʻzda tutilgan.
“Fuqarolikdan mahrum qilish koʻrinishidagi qoʻshimcha jinoiy jazo turi Jinoyat kodeksining 21-moddasida koʻzda tutilgan”,- deb maʼlum qilgan Qozogʻiston adliya vaziri Marat Beketayev palataning plenar majlisida qonun loyihasini taqdim etar ekan.
Uning soʻzlariga koʻra, Jinoyat kodeksining 10-moddasida koʻzda tutilgan 14ta oʻta ogʻir terrorchilik jinoyatlarini sodir etganlarga muqobil jazo turi sifatida fuqarolikdan mahrum etish taklif qilinmoqda. Masalan, terrorizm, terrorchilik guruhini tashkil etish va unga rahbarlik qilish, uning faoliyatida ishtirok etish shular jumlasidan.
Vazirning izoh berishicha, konstitutsiyaviy tuzumning buzilmasligi asosiy milliy manfaatlar doirasiga kiradi. Bu tushunchaga, shuningdek, mamlakatning mustaqilligi, yaxlitligi va davlat boshqaruvining prezidentlik shakli ham kiradi.
“Qozogʻistonning milliy va oʻta muhim manfaatlariga ogʻir zarar yetkazishi mumkin boʻlgan jinoyatlarga JKning 11-moddasida koʻzda tutilgan 16ta jinoyatlar tarkibi kiritilgan boʻlib, ular orasida genotsid, ayirmachilik faoliyati, ekstremistik guruhni tashkil etish yoki uni boshqarish, yoxud uning faoliyatida qatnashish kabilar bor”,- deya maʼlum qilgan Beketayev.
Umuman, qonun loyihasi bilan 7ta kodeks va 46ta qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.