Donald Tramp: Suriya urushiga chek qoʻyish vaqti keldi
AQSh Prezidenti Donald Tramp NATO Bosh kotibi Jens Stoltenberg bilan uchrashdi. Uchrashuvdan soʻng Tramp va Stoltenberg ishtirokida qoʻshma matbuot anjumani tashkil qilindi.
Mushtarak matbuot anjumani chogʻida Suriya urushi haqida tanqidiy bayonot bergan Donald Tramp, 2011 yildan buyon davom etib kelayotgan Suriya urushiga allaqachon nuqta qoʻyish vaqti kelganligini bildirdi. Trampning taʼkidlashicha, “terrorchilar”ni magʻlub qilib, qochqinlarni uylariga qaytarish kerak.
“Asad qassobdir. Suriyadagi shafqatsiz urushga nuqta qoʻyish vaqti keldi. “Terrorchilar”ni magʻlub qilib, qochqinlarni uylariga qaytishlariga imkon yaratish lozim. Rossiya Suriyaning kimyoviy hujumini avvaldan bilmasdi deb oʻylaysizmi?” dedi Tramp.
AQSh Prezidentining “Suriyadagi shafqatsiz urushga nuqta qoʻyish vaqti keldi”, degan soʻzlari mutaxassislar tarafidan AQShning Suriyada yanga rejalar qoʻllashiga ishora sifatida izohlanmoqda.
Tramp NATO haqida ham toʻxtalib oʻtar ekan, “NATOning eskirgangilini aytgan edim. Bu fikrimdan qaytdim…. Men Reks Tillersonning Rossiyada muvaffaqiyatli uchrashuvlar amalga oshirganligiga ishonaman, Putin Rossiyaning rahbari. Rossiya esa kuchli davlat. Agar Putin va Rossiya bilan yaxshi kelisha olsak, ajoyib ish boʻlar edi”, deya qoʻshimcha qildi.
Oʻz navbatida Jens Stoltenberg ham NATO “terrorizm”ga qarshi kurashda yanada koʻproq harakat qilishi kerakligiga eʼtiborni jalb qildi. Stoltenberg Trampning soʻzlarini tasdiqlar ekan “Barchamiz zimmamizga tushgan vazifani bajarishimiz lozim”, deya qayd etdi.