Suriya masalasida yana bir yigʻilish oʻtkazildi
Sanoati rivojlangan dunyodagi yirik G7 davlati tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqi vakili Italiyaning Lucca shahrida yigʻilish oʻtkazdi. Yigʻilishda AQSh, Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Yaponiya, Kanada tashqi ishlar vazirlari va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik oliy vakili ishtirok etdi.
Ikki kun davom etgan yigʻilishda terrorizmga qarshi kurash, tartibsiz migratsiya inqirozi, IShIDning Suriya va Iroqdan surib chiqarilishi, shuningdek Suriya masalasi muhokama qilindi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushogʻlu hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya tashqi ishlar vazirlari ham Suriya yigʻilishiga taklif etildi. Italiya tashqi ishlar vaziri Angelino Alfanoga koʻra, Suriya masalasi borasidagi uchrashuv juda foydali oʻtgan.
Britaniyaning Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar joriy etish taklifi ham vazirlar tomonidan muhokama qilindi. Italiyaning eʼtirozi sababli G7 yigʻilishida ishtirok etgan vazirlar Rossiyaga sanktsiyalar qoʻllash boʻyicha murosaga kela olishmadi. Italiya Tashqi ishlar vaziri Alfano Asad rejimi oʻt ochishni toʻxtatish qoidalariga rioya qilishi uchun Putin unga bosim oʻtkazishi kerakligini bildirdi.
“Suriya masalasi harbiy yoʻl bilan hal boʻlmaydi. Barcha taraf siyosiy yechim uchun harakat qilishi lozim. Putin juda muhim rol oʻynashi mumkin. Rossiya chetda qolmasligi lozim. U bilan dialogga kirish kerak. G7 ham Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar joriy qilish masalasini koʻtarmaydi. Buning evaziga Putin Asad ustidagi nufuzi yordamida otashkesim qoidalariga amal qilinishini taʼminlashi lozim.”, dedi Italiya tashqi ishlar vaziri.
Alfano Suriya masalasi ustida chuqur fikr yuritish va yangi konstitutsiya va demokratik saylovlarga targʻib qilish zarurligini ham taʼkidlab oʻtdi.