Nazarboyev: Mirziyoyev barcha toʻsiqlarni olib tashladi

776
0

Nazarboyev: Mirziyoyev barcha toʻsiqlarni olib tashladi

“Bi-bi-si” oʻzbek xizmatining xabariga koʻra, Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Oʻzbekistonning yangi rahbariyati savdo sohasidagi barcha imkoniyatlarni ochgani va toʻsiqlarni olib tashlaganini aytgan.

Qozogʻiston rahbari bu haqda Shavkat Mirziyoyev bilan Ostonada oʻtgan muzokaralar ortidan gapirgan.

“Tengrinews” agentligining iqtibos keltirishicha, soʻnggi oylarda ikki davlat munosabatlari butkul oʻzgargan.

“Oxirgi vaqtlarda munosabatlarimiz butunlay boshqacha rivojlanish yoʻliga oʻtdi. Faqatgina oxirgi besh oyning oʻzida yoki oʻtgan yilning soʻnggi choragida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Toʻrtta yangi savdo uylari ochildi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan don 30, Oʻzbekistondan meva-sabzavot 25 foizga oshdi. Bu Oʻzbekiston savdoning barcha imkoniyatlarini ochgani va toʻsiqlarni olib tashlaganining natijasi”,- deb aytgan Qozogʻiston rahbari.

U ikki davlat oʻrtasida hozirda bironta ham yechilmagan muammo yoʻqligini taʼkidlagan.

Nazarboyev Mirziyoyevni “intiqib kutganliklari”ni va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda shaxsan uning oʻziga suyanishlarini aytgan.

“Kelajak, iqtisodiy taraqqiyot, madaniy-insonparvarlik sohalarida biz Oʻzbekistonning hamkorligiga umid qilamiz, bu borada shaxsan sizga suyanamiz”, – deb aytgan Qozogʻiston rahbari.

Nazarboyev suv zahiralari mintaqa xalqlarining umumiy mulki ekani va qoʻshnilarning xavotirlarini tushunishlarini aytgan.

Unga koʻra, Qozogʻiston va Oʻzbekiston daryolarning quyi oqimidagi qoʻshnilar manfaatlari inobatga olingan yechim yoʻlida hamkorlikka tayyor.

Prezident Mirziyoyev ham muzokaralar chogʻida yangi gidroinshoot loyihalari muhokama qilingani va suv masalasi konstruktiv yondashuv va murosa yoʻlida yechilishi keraligini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston rahbari BMTning Amudaryo va Sirdaryo zahiralaridan oqilona foydalanish borasida xalqaro konventsiya imzolash tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan.

Nazarboyev va Mirziyoyev ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy hamkorlikka doir qator bitimlarni imzolashgan.

Prezident Mirziyoyev Ostonaga 300ga yaqin hukumat mulozimlari bilan safar qilgan.

U oʻzning Qozogʻistonga ilk tashrifini “tarixiy” deb atagan.

“Biz har doim Qozogʻistonni eng yaqin, ishonchli qoʻshni sifatida koʻramiz. Bu bizning eng birinchi tashriflarimizdan biri ekani, bugun Ostonada ekanligimiz koʻp narsadan dalolat beradi”, – deb aytgan Oʻzbekiston rahbari.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.