Suriya muxolifatiga yangi konstitutsiya loyihasi taqdim qilindi
Suriya kelajagini suriyaliklarning oʻzlari hal qiladi, deb daʼvo qilib kelayotgan Rossiya Ostona uchrashuviga kelgan Suriya muxolifatiga rus ekspertlari tomonidan tayyorlangan yangi konstitutsiya loyihasini taqdim qildi. Bu haqida Rossiya Prezidentining maxsus vakili va Ostonadagi Rossiya delegatsiyasining rahbari Aleksandr Lavrentev maʼlum qildi.
“Hozir konstitutsiya loyihasi Suriya muxolifatining qoʻlida turibdi. Moskva ulardan yangi konstitutsiya bilan bogʻliq takliflarga javob kutmoqda”, dedi yangi konstitutsiya loyihasi Suriyaning ichki ishlariga aralashmagan holda, jarayonni tezlashtirish uchun taqdim qilinganligini bildirgan Lavrentev.
Lavrentevning taʼkidlashicha, Suriya muxolifatining oʻzlari ham yangi konstitutsiya tuzish va prezidentlik hamda parlament saylovlarini tashkil qilish lozimligini eʼtirof etgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Suriya muxolifatiga yangi konstitutsiya loyihasi taqdim etilganligini tasdiqladi. Lavrovga koʻra, bu loyiha Asad rejimi va muxolifati hamda mintaqadagi boshqa taraflarning koʻz qarashlarini inobatga olgan holda rus mutaxassislari tomonidan tayyorlangan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning taʼkidlashicha, Suriya muxolifatiga yangi konstitutsiya loyihasini taqdim qilishdan maqsad bahs-munozaralarni boshlash uchun ragʻbatlantirishdir.
Bundan avval Jenevada tashkil qilingan uchrashuvlarda BMTning maqsadlaridan biri “yangi konstitutsiya” tashabbusini Asad rejimi va muxolifat oʻrtasiga qoʻyish edi. Lekin taraflar oʻrtasidagi ixtiloflar tufayli muzokaralarning bu bosqichiga yaqinlashishga ham imkon boʻlmagan edi.
Ayni paytda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya muxolifati vakillarini bugun Moskvaga taklif qildi. Lavrovga koʻra, Moskvada Suriya muxolifati vakillariga Ostona boʻlib oʻtgan jarayon yaxshilab tushuntiriladi.
“Juma kuni Moskvaga kelish istagida boʻlgan muxolifatning siyosiy qanoti vakillarini taklif qildik. Biz ularga Ostonada nima boʻlib oʻtganlar haqida batafsil maʼlumot beramaiz”, dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri.
Biroq Moskvaga kimlar taklif etilganligi haqida maʼlumot yoʻq. Aljazira axborot agentligining xabariga koʻra, daʼvat asosan muxolifat safidagi maʼlum figuralarga qaratilgan.