Shavkat Mirziyoyev ilk xorijiy safarini Rossiyadan boshlaydi
“Izvestiya” nashrining Oʻzbekiston hukumatidagi manbaga tayangan holda xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston prezidenti sifatida birinchi tashrifini Rossiyadan boshlaydi.
Manbaning taʼkidlashicha, “mahkamalarda Shavkat Mirziyoyevning yangi prezident sifatidagi Rossiyaga rasmiy tashrifini tayyorlash ishlari boshlanib ketgan. Turli vazirliklar prezident uchun tahliliy xulosalarini tayyorlash bilan faol shugʻullanmoqda. Innauguratsiya yangi yilgacha boʻlib oʻtadi, tashrif kelgusi yilning qishida yoki bahorida amalga oshiriladi”.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlь “bunga ijobiy qarayapti” hamda Mirziyoyevning tashrifini kutishmoqda, deb bildirdi.
Rossiya Davlat dumasining MDH ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Leonid Kalashnikov birinchi tashrif nafaqat ramziy xarakterga ega, balki xalqaro munosabatlardagi ustivor yoʻnalishni belgilab beradi, deb izoh berdi.
“Birinchi tashrif Rossiyaga boʻlishiga ishonchim komil. Bu iqtisodiy, geopolitik va harbiy nuqtai nazardan olib qaraganda ham mantiqan toʻgʻri. Biz ittifoqchi va sherikmiz. Oʻzbekistonning yangi prezidenti Rossiyani hamda postsovet maydonining hammasini tushunadigan odam. U Islom Karimovning komandasida boʻlgan, demak, u munosabatlarimizni qoʻllashga va ularni yangi mazmunlar bilan toʻldirishga tayyor”, – deya qayd etdi Kalashnikov.