Qozogʻiston Qirgʻizistonga 5 million dona oʻq-dori yetkazib berdi

807
0

Qozogʻiston Qirgʻizistonga 5 million dona oʻq-dori yetkazib berdi

Qozogʻiston senati 2016 yil 18 fevral kungi plenar yigʻilishida Qirgʻizistonga evazsiz harbiy-texnik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan edi. Mazkur qarorga muvofiq Qozogʻiston Qirgʻizistonga yaroqlilik muddati tugashiga yaqin qolgan besh million donadan ziyod oʻq-dori (patron)larni berishni rejalashtirilgan, chunki “ularni berib yuborish qayta ishlashdan” arzon tushishi aytilgan edi.

“Mazkur bitimda Qirgʻizistonga S-75MZ zenit-raketa tizimi ehtiyot qismlari, oʻq-dorilar, tutinli granata va shashkalarni evazsiz taqdim qilishni nazarda tutilgan. Oʻq-dorilar Qozogʻiston qurolli kuchlari yuk mashinalari bilan Qirgʻizistonning Qoʻytosh aholi punktigacha yetkazib beriladi”,- degan edi mudofaa vaziri oʻrinbosari Okas Saparov.

Yigʻilishda evazsiz harbiy-texnik yordam koʻrsatish qator tortishuvlarga sabab boʻlgani sababli Mudofaa vaziri oʻrinbosari Qozogʻiston mamlakat uchun ortiqcha boʻlgan oʻqlarni berayotganini, bundan tashqari yaqin vaqt ichida ular yaroqsiz boʻlib qolishini tushintirib oʻtgan edi.

“Har qanday oʻq va boshqa narsaning muddati bor. Biz berayotgan oʻq va granatalarning yaroqlilik muddati tugayapti. Biz ularni ajratib boʻldik, hamkasblarni taklif qildik, yaroqli yoki yaroqsizligini koʻrib chiqib, shunga asoslanib beryapmiz”,- degan edi Saparov.

“Kazinform”ning xabar qilishicha, 26 oktyabr kuni Qozogʻistondan yoʻlga chiqqan harbiy karvon “Qirgʻiziston qurolli kuchlari qudratini oshirish, tahdidlarni bartaraf qilish va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni mustaxkamlash imkoniyatini beruvchi” oʻq-dori va qurollarni Qirgʻizistonga yetkazib berdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.