Germaniya Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari qoʻllashi mumkin

741
0

Germaniya Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari qoʻllashi mumkin

Mamlakat parlamenti Bundestagning tashqi ishlar boʻyicha qoʻmita aʼzosi Norbert Rettgenning maʼlum qilishicha, Germaniya hukumati Suriyadagi vaziyatning chigallashayotgani tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar qoʻllash imkoniyatini muhokama etmoqda.

Deputatning soʻzlariga koʻra, mazkur holatda Yevropa hech boʻlmaganda Halabdagi jangovar harakatlarni harbiy jinoyatlarga tenglashtirishi mumkin.

“Harbiy jinoyatlarga eʼtiborsizlik va uning oqibatlari mojarolarga sabab boʻladi”,- dedi parlament deputati.

Rettgenning tan olishicha, Rossiyaga qarshi sanktsiyalar tezda oʻz natijasini bermaydi, ammo uzoq istiqbolda Moskva siyosatini oʻzgartirishga majbur boʻladi. Parlament qoʻmitasi rahbari shuningdek, YeIning boshqa mamlakatlarini tanqid qilib, ularni RFga qarshi yangi cheklovlar joriy etishga qoʻrqayotganlikda ayblagan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa ushbu xabarga oʻz fikrini bildirar ekan, Moskva qoʻshimcha iqtisodiy cheklovlar uchun jiddiy sabab koʻrmayotganini aytgandi.

“Unutmaylik, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Suriyada qonuniy boʻlib turgan yagona davlatdir. Shu bilan birga, barchamiz bilamizki, oʻz qurolli kuchlarini Suriyada xalqaro huquqqa rioya qilmagan holda joylashtirgan mamlakatlar ham bor”,- deb taʼkidlagan edi Peskov.

Oʻz navbatida Oq uy rasmiy vakili Josh Ernest, Qoʻshma Shtatlar Rossiyaning Suriyadagi siyosatiga taʼsir oʻtkazish maqsadida yangi sanktsiyalar qoʻllash imkonini rad etmayotganini maʼlum qilgan edi.

Turkiston:

Rossiya bilan AQShning Suriyada manfaatlari bir biriga mos kelmay qoldi. AQSh olamiy sistemani, yaʼni xalqaro siyosiy vaziyatlarni eʼtiborga olgan holda ish koʻrishga majbur. Chunki u hozircha yagona olamiy lider, dunyo yetakchisi boʻlib turibdi. Rossiya esa Suriyada tushunarsiz, maqsadsiz va palapartish harakatlar olib boryapti. Goʻyo uning harakatlarida faqat Putin rejimining populistik maqsadi yotgandek. Yaʼni rus xalqi oldida, oʻzini yetakchi davlatlar bilan jiddiy raqobatdosh quvvatga egadek koʻrsatishni qasd qilayotganidek. Chunki aynan Putinning xatolari bilan Rossiya siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz holatiga kelib qoldi.

AQSh esa, Putinni rejimini saqlab qolish uchun hech qanday harakat qilmayapti. Aksincha, AQShning maxfiy roziligi ostida Rossiyaning Suriyada olib borgan qirgʻinbarot harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan hozirda olamiy terror, deb baholana boshlandi. Rossiyaning hozirgi iqtisodiy ahvoli ham juda yomon. Zaxira jamgʻarmasi deyarli tugayapti. Ishlab chiqarish tarmogʻi deyarli izdan chiqqan va oʻzining ichki isteʼmolchilarini ham toʻla qondira olmaydi. Bu esa putinchi rejimning boshqaruvni eplay olmaganidan dalolat qiladi. Putinchilar jon-jahdlari bilan bu holatni va uning oqibatlarini biror bir ish chora bilan yopib yuborishga harakat qilishyapti. Ular ichki siyosatda vatanparvarlik va fidoiylik tuygʻularni zoʻr berib kuchaytirib borishyapti. Vatanparvarlik esa, faqat urush va tashqi xavf xatarni kuchayishi bilan avj oladigan insoniy robita ekanligi bois, Putin Rossiyaga bir necha tomonda frontlar ochib, uni urush holatiga olib kelib qoʻymoqda.

Putin urushni xohlayotgani yoʻq, u majbur boʻlayapti. Shuning uchun u oʻzini hech narsadan toymaydigan yirtqich qilib koʻrsatishga urinadi. Negaki AQSh ham Rossiya bilan jiddiy urushga kirishishni xohlamaydi. AQSh hech kim bilan urushishga intilgan emas. U urushni eng oxirgi va zaif pozitsiyadagi mamlakatning ish harakati deb baholaydi. AQSh boshqa mamlakatlarni bir birlari bilan urushtirish yoʻli bilan olamdagi barcha muammolarni yechishga intiladi. Bundan tashqari Rossiya ham yadro quroliga ega boʻlgan mamlakat. Yadroviy urush boshlangudek boʻlsa, unda deyarli bir tomon gʻolib boʻlmaydi. Har ikki tomon yoʻq boʻlib ketish xavfi bor.

Muammo shundaki, AQSh Suriyani bir necha mintaqalarga boʻlib tashlab, ularning har birini rozi qilish orqali vaziyatni barqarorlashtirmoqchi boʻldi. Rossiya esa, Suriyada faqat hozirgi tan olingan Asad hokimiyati hukumdor boʻlishi kerak, degan pozitsiyani ilgari surib boryapti. Asad hokimiyati faqat Rossiya uchun havo hududidan foydalanishga ruxsat bergan. Rossiya Suriya mintaqasini oʻzining qonuniy nazorati ostidagi hudud deb, u yerga hatto AQShning ham kirishiga ruxsat bermayman deyapti.

Rossiya Suriyani eplay olmaydi, hatto unga hech kim aralashmay, yolgʻiz oʻziga qoʻyib berilganda ham. Bir paytlar SSSR Afgʻonistonda tinch aholini qirib yuborganidek, Rosssiya ham Suriyaning tinch aholisini qirib borishdan oʻzga ishga qodir emas. Negaki Rossiyada xalqaro siyosatdan foydalana olish quvvati deyarli yoʻq boʻlib boryapti. Bu urush Rossiya uchun maqsadsiz, manfaatsiz va toʻla inqirozga olib boruvchi urush boʻldi. Putinning rejimiga esa, oʻzoq davom etadigan shunchaki urush kerak.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.