AQSh askarlari Suriyadan quvib chiqarildi
Suriyaning Chabanbey qishlogʻida AQSh harbiylari Suriya ozod armiyasi mujohidlari tarafidan quvib yuborildi. Bu haqida Sputnik axborot agentligi xabar tarqatdi.
Agentlikning Suriya ozod armiyasi manbalariga tayanib xabar qilishicha, Turkiya harbiylari va Suriya ozod armiyasi hamkorligida olib borilayotgan “Al-Bab” harbiy amaliyotiga ishtirok etish maqsadida Chabanbey qishlogʻiga yetib kelgan 29 nafar AQSh harbiylari Suriya ozod armiyasi mujohidlari tarafidan qattiq qarshilikka uchraganligi tufayli mintaqani tark etishga majbur boʻlgan.
Xabarda aytilishicha, Turkiya chegarasiga 5km yaqinlikda joylashgan Chabanbey shahariga Turk askarlari hamrohligida kelgan AQSh askarlari Suriya ozod armiyasi tarkibidagi “Nuriddin Zangiy”, “Jaysh ut-Tahrir”, “Hamza brigadasi”, “Shom jabhasi” va “Sulton Murod otryadi” mujohidlari tarafidan qattiq qarshilikka uchragan. Ular “ey Amerika, Suriyadan daf boʻl” va “Yagona toʻgʻri yoʻl Islom va Muhammad s.a.v.ning yoʻlidir”, deya hayqirishib, AQSh qoʻshinlarini mintaqadan kuch bilan surib chiqargan.
Suriya ozod armiyasining qarshiligi tufayli shaharni tark etishga majbur boʻlgan AQSh askarlari Turk qoʻshinlari himoyasida Turkiyaga qaytishga majbur boʻlishdi.
Maʼlum boʻlishicha, AQSh qoʻshinlari qurol koʻtarib jang maydoniga kirish uchun kelishmagan. Balki harbiy amaliyot doirasida front ortida turib, maslahat berish xizmatini bajarish uchun kelgan. IShID tahdidi sababli oʻta maxfiy tarzda Suriyaga kelgan va ayni paytda musulmon jangchilarning qattiq qarshiligiga uchrab ortga qaytishga majbur boʻlgan AQSh askarlarining toʻrt nafari qoʻmondon statusiga ega ekanligi aytilmoqda.