Saudiya rahnamoligida tashkil qilingan va “terrorga qarshi Islomiy ittifoq” nomi berilgan harbiy ittifoqqa a’zo bo’lgan davlatlarning armiya boshliqlari Saudiya poytaxti Ar-Riyod shahrida to’plandi. Bu haqida Saudiya Arabistonining ikkinchi Valiahd shaxzodasi, ayni paytda davlat mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz ma’lum qildi.
Saudiya axborot agentligi “SPA”ning xabariga ko’ra, Saudiya mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon harbiy ittifoqqa a’zo bo’lgan davlatlarning armiya boshliqlari bilan alohida-alohida uchrashgan. Muloqot chog’ida terrorizmga qarshi kurash borasida Islom o’lkalari orasidagi strategik muvofiqlik muhimligi ta’kidlab o’tilgan.
Mazkur uchrashuvda qonuniylik, mustaqillik, muvofiqlik va hamkorlik, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, moliyaviy, harbiy va intellektual tashabbuslar vositasida ekstrimistik g’oyalarga qarshi kurash masalalari ko’rib chiqilganligi aytilmoqda.
Yig’ilishda so’zga chiqqan Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligining maslahatchisi general-leytenant Ahmad bin Hasan Ashiriy Islomiy ittifoqqa a’zo davlatlarning o’zlaridan talab bo’lmasa, terrorga qarshi harbiy amaliyotga jalb qilinmasligini ta’kidladi.
“Ittifoqqa a’zo davlatlar razvedka sohasida axborot almashadilar va hech bir davlat o’z talabi bo’lmay turib, harbiy amaliyotga jalb qilinmaydi”, dedi u.
Ashiriy “dushman”ga qarshi fikriy, moliyaviy, harbiy jihatlardan va matbuot orqali kurash olib borish muhimligini ta’kidladi. Unga ko’ra, bu yo’nalishda muvaffaqiyat qozonish uchun ittifoqqa a’zo davlatlar yaqindan hamkorlik qilishlari lozim.
“Terrorchi tashkilotlar matbuotdan unumli foydalanmoqda. Shuning uchun ham terrorchi tashkilotlar tomonidan tarqatilayotgan fikrlarga qarshi kurashda Ittifoqning fikriy va ommaviy axborot vositalari strategiyasini rivojlantirish tabiiydir. Moliyaviy jihatdan esa terrorchi tashkilotlarining moliyaviy manbalarini aniqlab, ularni yo’q qilish nazarda tutiladi. Harbiy jihatdan esa Ar-Riyod shahrida ittifoqning amaliyotlarini muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil qilish va buning uchun byudjetdan mablag’ ajratilishi haqida bahs olib boryapmiz”, “Avvalambor ittifoqqa a’zo davlatlar amaliyot markazida tashkil qilingan ma’lumotlar bazasida boshqa mamlakatlar bilan razvedka ma’lumotlarini almashadi. har qanday xavfga duch kelgan taqdirda boshqa mamlakatlardan yordam oladi”, dedi Hasan Ashiri.