Suriya qayoqqa qarab ketmoqda?!

377
0

Suriya qayoqqa qarab ketmoqda?!

Abdulloh Mahmud qalamiga mansub

«Harbiy amaliyotlarni to’xtatish», rejasi bilan bog’liq Amerika-Rossiya kelishuvining siyohi hali qurib ulgurmay, Amerika tashqi ishlar vaziri «Biz uzoq kutadigan bo’lsak, Suriya birligini saqlab qolish fursati qo’ldan boy berilishi mumkin» deb aytdi. (Reyter 2016 yil 23 fevral). Uning bu bayonoti senatning tashqi aloqalar qo’mitasi vazirlikdan yillik byudjetni talab qilgan yig’inda yangradi. To’g’ri, Suriyani bo’lib tashlash to’g’risidagi bunday gap Amerika diplomatiyasi tomonidan birinchi bor yangrayotgani yo’q. Biroq Kerrining ehtimolli yoki o’rtaga tashlangan variantlar sifatida bunga ishora qilib o’tishi birinchi bor rasman va ochiq tarzda ta’kidlanmoqda. Garchi bu gap sulh bitimining muvaffaqiyatsizligidan ehtiyot bo’lishga chaqiriq ohangida aytilgan bo’lsa-da, biroq Oq uy ma’muriyati tomonidan o’rtaga tashlanishi va sulh bitimiga rozi ekanini e’lon qilinishi ayni bitimning amalda muvaffaqiyatli chiqishi borasida ularda qandaydir shubha bor ekanini ko’rsatmoqda.

Darhaqiqat, Oq uy matbuot voizi Josh Ernest jurnalistlarga bergan kunlik intervyusida sulh bitimini bunday izohladi: «Bu qadam – garchi uni amalga oshirish mushkul bo’lsa-da – qulay fursat yaratadi va Qo’shma Shtatlar bu fursatdan foydalanishga harakat qiladi». (Reyter 2016 yil 22 fevral). Kerri ham tashqi aloqalar qo’mitasi oldida qilgan ma’ruzasi davomida «Men ayni amaliyotning albatta amalga oshishini qat’iy aytolmayman, chunki buni o’zim ham bilmayman», dedi. (Charlotte Observer sayti 2016 yil 23 fevral). Hatto Obama ham o’zining haftalik radiomurojaatida «So’nggi paytda AQSh bilan Rossiya erishgan vaqtinchalik sulh bitimining muvaffaqiyatli amalga oshishi ehtimollari to’g’risida shubha mavjud», dedi. (Al-Jazira net 2016 yil 27 fevral).

Amerikaning sulh bitimi muvaffaqiyatlari borasida shubhalanayotgani quyidagilarga dalolat qiladi: Amerika ayni sulhning ehtimolli muvaffaqiyatsizligi uning tugash arafasida turgan demokratik ma’muriyatining omadsizligiga olib bormasligi uchun oldindan harakat qilmoqda. Shuning uchun bu sulhni bugun muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda ham, albatta tashlash kerak bo’lgan qadam hamda ertangi kunda unga asoslanish mumkin, deb hisoblayapti. Chunki bu davlat Suriyadagi juda ko’p sulhlardan u erdagi rejalarini amalga oshirishda uslub sifatida foydalandi. «Amerika kichik sulhlar silsilasi boshlanganidan buyon katta sulhni tayyorlab kelayotgan edi. O’sha kichik sulhlar 2012 yil 10 apreldagi Kofi Annan sulhidan tortib Axzar Ibrohimiy sulhi, Barza rayoni sulhi, Qobun rayoni sulhi, shimoliy Idlib atrofidagi ikki shahar: Kufriyo va Fav’a sulhi, Damashq atrofidagi ikki shahar: Zabadoniy va Madaya sulhi, 2015 yil dekabrdagi Va’r (Vaer) rayoni sulhigacha bo’lgan sulhlardir. Amerika prezidenti bu sulhlarni olqishlab ularni kattaroq shaklda kengaytirishga chaqirdi. Bu bilan u go’yo o’sha paytdan boshlab hozirgi katta sulhni rejalashtirgandek bo’ldi. Chunki Obama o’sha vaqtda Va’r sulhi kelishuvini sharhlab, «… Bu sulh aynan shunday mintaqalarda tatbiq etiladigan sulh kelishuvlarining biri ekanini ta’kidlar ekan jumladan bunday dedi: Bu sulh Suriyada yanada kattaroq hajmda amalga oshirilishi mumkin…». (Reyter, 2015 yil 9 dekabr)… (Hizb ut-Tahrir varaqasi 2016 yil 24 fevral).

Katta sulhga eltuvchi kichik sulhlar tarkibida Suriyani bo’lib tashlash loyihasi yotibdi. Chunki ayni sulh xulosalarida, o’t ochishni to’xtatishga erishish rejasini ishlab chiquvchi komissiya tuzish ham aytilgan. Sulh e’lonida bunday so’zlar kelgan: «Qo’shma Shtatlar, Rossiya Federatsiyasi va Suriyani qo’llab-quvvatlovchi xalqaro guruh a’zolari o’t ochishni to’xtatishga erishish uchun birgalikda faoliyat olib boradi. Bu faoliyat 2016 yil 11 fevral kuni ayni guruh chiqargan qarorga muvofiq va uning talabiga ko’ra amalga oshiriladi, qarorda IShID, Jabhatun Nusra kabi Xavfsizlik Kengashi tomonidan terroristik deya e’tirof etilgan tashkilotlarning nazorati ostidagi erlar belgilangan bo’lib, bu tashkilotlar harbiy amaliyotlarni to’xtatilishidan mustasno qilingan». Yana sulh e’lonida «O’t ochishni to’xtatishga erishishda ishtirok etuvchi boshqa doiralardan erlarni qo’lga kiritishni yoki qo’lga kiritishga urinishni to’xtatish» ham aytilgan. (Al-Jazira net 2016 yil 23 fevral). Nazoratga olingan mintaqalarni bir xil holatda saqlab turish (ya’ni yangi mintaqalarni egallashni to’xtatish) bilan bir qatorda Amerika va Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy amaliyotlar davom etaveradi. Ya’ni sulhning terroristlar nazorati ostidagi mintaqalarni o’z ichiga olmasligini bahona qilib, Asad rejimi nazorati ostidagi mintaqalar doirasini kengaytirishadi. Chunki sulhga ko’ra, terroristlar nazorati ostidagi mintaqalar faqat IShID va Jabhatun Nusra kabi tashkilotlar nazorati ostidagi mintaqalarnigina emas balki umuman kelishuvni istamayotgan kishilar nazorati ostidagi mintaqalarni ham o’z ichiga oladi. Misol uchun, Rossiya o’zining Suriyadagi harbiy amaliyotlarini boshlagandan beri faqat terroristlarni nishonga olayotganini da’vo qilib kelmoqda!

Haqiqatdan ham, sulh boshlangandan bir kun o’tiboq Rossiya shuncha qilib kelgan qilmishlarini qayta boshladi. Suriya inson huquqlarini kuzatish kengashining xabar qilishicha, «jangovar amaliyotlarni to’xtatish bitimi kuchga kirganidan bir kun o’tib, yakshanba kuni noma’lum harbiy uchoqlar Halabning g’arbiy qismidagi oltita shaharga hujum uyushtirdi. Bombalar nishonga olgan ayni shaharlarda Islomiy Davlat va Jabhatun Nusra jangarilari bo’lmagan. Kengash rahbari Romiy Abdurrahmonning ta’kidlashicha, o’tgan yakshanba kuni Asad rejimiga yoki Rossiyaga qarashli ekani aniqlanmagan harbiy uchoqlar Halabning g’arbiy va shimoliy rayonlaridagi oltita shaharga havo hujumlarini amalga oshirgan, bu shaharlardan atigi bittasida Jabhatun Nusra joylashgan, xolos». Hujumlarda bitta shaxs halok bo’lgan, bir nechta shaxs jarohatlangan. Birgina o’sha kunning tongida jangari guruhlar nazorati ostidagi janubiy Hama rayonidagi Harbunafsa qishlog’i sakkizta havo hujumiga duch kelgan. (Huffington Post 2016 yil 28 fevral).

Onado’li axborot agentligi O’rta Sharq universiteti katta eksperti, Amerikaning Suriyadagi sobiq elchisi Robert Forddan intervyu oldi. Sobiq elchi o’t ochishni to’xtatish hamda qamaldagi erlarga insonparvarlik yordamlarini etkazilishga oid Suriyani qo’llab-quvvatlovchi guruh tomonidan qabul qilingan qarorni sharhlar ekan, jumladan, bunday dedi: «Bu qarorni tatbiq qilish juda mushkul. Chunki Bashar Asad terroristlarga qarshi urushini aslo to’xtatmasligini aytmoqda. Ruslar ham Halabni bombardimon qilishda davom etishlari, u erdagi har bir jangchini terrorist, deya hisoblashlari to’g’risida bayonot berishyapti. Jabhatun Nusra bilan IShID ham urushni davom ettirishdan hargiz to’xtamasliklarini ta’kidlayapti». Ford uning davlatida hozirgi bosqichda biror rejani amalga oshirish imkoniyati kam ekanini ta’kidladi hamda 2011 yilda Arab Davlatlari Ligasi bilan 2012 yilda BMT bosh kotibi Kofi Ananning Suriyada o’t ochishni to’xtatish va siyosiy echimga erishish borasida muvaffaqiyatsizlikka uchraganliklarini eslatdi. «2011 va 2012 yillardagi ikkala tashabbusning yutuqqa erishishi amri mahol edi. Bugun 2016 yil ham shunga qayta urinishyapti. Biroq men Suriya hukumati bilan muxolafat haqiqiy sulh va muzokaraga tayyor emas ekaniga ishonaman», deya qo’shimcha qildi.

Ford yana bunday dedi: «Aftidan, Suriya bo’linish va parchalanish sari ketmoqda. Chunki yurtning shimoliy-sharqiy mintaqasi kurdlar, janubiy-sharqiy mintaqasi IShID, g’arbiy mintaqasi Suriya hukumati qo’lida, boshqa qismdagi to’rtinchi mintaqa esa ertaga muxolafat nazorati ostida bo’ladi» (Onado’li 2016 yil 13 fevral).

Robert Ford Amerika tashqi ishlar vaziri Jon Kerriga maktub yozdi. Maktubda «Iste’fodagi elchi Suriyada ehtimoliy o’t ochishni to’xtatishni kuzatib boruvchi xalqaro mustaqil nazorat kuchlari zarurligini bildirdi. Kerrining Suriya muxolafatini birlashtirish va Islomiy Davlatga qarshi kurashish yo’lidagi sa’y-harakatlarini olqishladi hamda ayrim asosiy chora-tadbirlar bajarilmaydigan bo’lsa, bu Suriya masalasini boshi berk ko’chaga kiritib qo’yishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ilgari Arab davlatlari Ligasi bilan BMT rahnamoligida Suriya rejimi bilan muxolafat kelishuvga erishishgani, biroq ikkala tafarga nisbatan qattiq jazoning yo’qligi sababli bu kelishuv tez orada barbod bo’lganiga e’tibor qaratdi. O’t ochishni to’xtatish tatbiq etiladigan bo’lsa, uning davomatini kafolatlovchi mexanizm bo’lishi zarurligini ta’kidladi». (Qudsul Arabiy 2015 yil 10 dekabr).

Aftidan, Amerikaning Suriyadagi o’z maqsadiga erishish uchun yurgizayotgan siyosati hammani Suriyada faqat bitta echim bor, degan narsaga ishontirishdan iborat. Ya’ni bu echim Asad rejimining qolishi, Suriyaning o’z-o’zini boshqarolmaydigan darajada bo’lib parchalab tashlanishi, Asad rejimi esa juda katta qismini boshqarib, uning iborasi bilan aytganda, «foydali Suriya»ga aylanishi echimidir!

Kofirlar tayyorlayotgan makrlar yoki ularning ayrimlari mana shular. Biroq biz Robbimiz va’dasiga va hukmiga chuqur inonamiz. Chunki Alloh Subhanahu hukm qiluvchilarning ustasidir.

 «Yomon makr-hiylalar qiladigan kimsalar uchun qattiq azob bordir va ularning makrlari ham halok bo’lur (ya’ni behuda ketur)» [Fotir 10]

Chunki Shom Suriyasi Nabiy A Islom diyorining markazi, deya sifatlagan holatga Allohning izni ila qaytadi. Darhol qaytmasa, yaqin kelajakda qaytishi muqarrar.

«Ehtimol sizlar yoqtirmagan narsa sizlar uchun yaxshidir, ehtimol sizlar yoqtirgan narsa sizlar uchun yomondir, Alloh bilur, sizlar bilmassiz» [Baqara 216]

Roya gazetasining 2016 yil 2 mart chorshanba kungi 67-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.