Bayden Erdug’onning istagini Netanyahuga etkazdi

386
0

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdug’onning Isroil bilan iloji boricha tezroq o’zaro kelishuvga erishish istagi borligini ma’lum qildi. Bu haqida Isroilda chiqadigan Haaretz gazetasi nomi oshkor qilinishini istamagan Isroil tashqi ishlar vazirligi rasmiylariga tayanib xabar tarqatdi.

Gazetaning xabar qilishicha, Yaqin Sharq masalalari bo’yicha Isroilga kelgan Jo Bayden o’tgan chorshanba kuni Erdug’onning talabini Netanyahuga etkazgan. Xabarda Baydenning Netanyahuga “Erdug’on Anqara va Tel-Aviv o’rtasidagi inqirozni juda tez fursat oralig’ida hal qilish istagida”, degan so’zi keltiriladi.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, Bayden Netanyahuga AQSh ikki davlat, ya’ni Isroil va Turkiya o’rtasida vositachilik qilishga yoki ikki davlat o’rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun har qanday qadamni tashlashga tayyor ekanligini alohida eslatib o’tgan.

Netanyahu ham, Baydenning so’zlariga javoban, Turkiya va Isroil davlatlari vakillari o’rtasida doimiy aloqada mavjudligini, lekin haligacha biror murosaga erishilmaganligini bildirdi. Isroil bitimga erishish maqsadida muzokara stoliga o’tirishga tayyor ekanligini aytib o’tgan Netanyahu “ammo bizning ba’zi qizil chiziqlarimiz bor”, deya qo’shib qo’ydi.

Jo Bayden ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni tuzatishning asosiy sababi Isroildan Yevropaga tabiiy gaz quvurini tortish ekanligini eslatib o’tdi. Bundan maqsad Rossiya gaziga raqobat tashkil qilishdir. Baydenning ta’kidlashicha, o’zaro bitim orqali Isroilning tabiiy gazi Turkiya orqali Yevropaga eksport qilinadi.

“Kichik, lekin mustahkam ildiz otgan Isroil davlati mintaqada energiya markaziga aylanmoqda. Bu esa Misrdan Turkiyagacha, Kiprdan Gretsiya va Iordaniyagacha bo’lgan bir qancha o’lkalarning Isroil bilan bo’lgan munosabatlari ijobiy tus olishiga sabab bo’ladi. Bunga erishishingiz oson emas, ammo qo’lingizda kerakli vositalar bor”, dedi Bayden Isroil rasmiylariga qarata.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.