Turkiya bosh vazirining o’rinbosari No”mon Qurtulmish “Cihannüma” birdamlik va hamkorlik assotsiatsiyasining “Bomdod majlisi” yig’ilishiga ishtirok etdi. Assotsiatsiyaning Ankaradagi vakolatxonasida nutq so’zlagan Qurtulmish dunyoda ikki yirik global muammo borligini, ya’ni global zulm va boshqalarning manfaati uchun jangga kirish muammosi borligini bildirdi. Qurtulmishning ta’kidlashicha, hozirgi paytdagi mavjud xalqaro tashkilotlar va muassalarning hech biri mazkur global muammoni hal qila olmaydi.
“Dunyodagi xalqaro tashkilotlar, muassasalar va siyosiy mexanizmlar hech qachon dunyodagi muammolarni hech birini hal qila olmaydi. Ularda bunday qobiliyat yo’q. Ukraina inqirozi bo’lsin, Suriya inqirozi bo’lsin yoki boshqa inqirozlar bo’lsin, afsuski, ular bu inqirozlarni bartaraf qilish qobiliyatiga ega emas. Ularning (muammolarni hal qilamiz deb) yuzaga keltirgan bir qancha chalkashliklarini boshimizdan kechirmoqdamiz. Uzoq vaqtdan buyon bu chalkashliklar dunyoda bosqinlar, fuqarolik urushlari, mojarolar shaklida yuzaga keltirilmoqda. Afg’onistonning avval ruslar, so’ngra amerikaliklar tomonidan istilo qilina boshlanish davri dunyoda yangi bir sinish chizig’ini yuzaga keltirdi. Undan so’ng Iroqni ishg’ol qilish ortidan yuzaga kelgan jarayon va Suriyadagi jarayonlar sababli bugungi dunyo – afsuski – umuman boshqa nuqtaga kelib qoldi”, dedi No”mon Qurtulmish.
Bu nuqtada tartib emas, tartibsizlik dunyoga hukmron bo’lib qolganligiga diqqat qaratgan Kurtulmish so’zini shunday davom ettirdi:
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining borligini bilamiz. Ammo bu BMT – ishonavering – “Cihannüma”chalik ta’sirga ega tashkilot emas. Bu gaplarni vahimali nuqtaga kelib qolganimizni izohlash uchun aytayapman. “Qochqinlar muammosi” deyilsa, BMT tavsiya beradi, “Ukraina inqirozi” deyilsa, BMT kuzatuvchilik qiladi, “Suriyaga tinchlik olib keling”, deyilsa, BMT hech bir natijasiz bir qancha yig’ilishlar bilan muammoni hal qilaman deb o’ylaydi. Bu yig’ilishlarning oxiri ko’rinmayapti. Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil etilgan tashkilotlar va bugungi kunda mavjud muassasalar, siz istaganingizdek adolatni barpo etish ustida qurilgan emas. Ular faqatgina qo’lida quroli bor, iqtisodi rivojlangan va dunyoda siyosiy kuch sifatida tanilganlarning kuchini himoya qilish uchun tuzilgan tizimdir. Endi biz butun dunyoda bu muammoni hal qila oladigan yangi nuqtai nazarga muxtojmiz. Yangidan dunyoning o’z holiga qaytishiga ehtiyoj mavjud. Yer yuzi boshkarib bo’lmaydigan holga kelib qolganligi uchun uni boshqarish faqat yangi fikrlar bilangina mumkindir”.