AQSh hisob palatasi sobiq rahbari: AQShning qarzi aslida 18 trln emas, 65 trln dollarni tashkil etadi

443
0

“kun.uz” saytining The Hill nashriga iqtibosan xabar qilishicha, AQSh hisob palatasi sobiq rahbari Devid Uoker AQShning davlat qarzi e’lon qilingandek 18,5 trln dollar emas, balki aslida taxminan 65 trln dollarni tashkil qilishini ma’lum qilgan.

Uoker AQShning barcha ta’minlanmagan majburiyatlarining summasini hisoblab shunday fikrga keldi.

“Agar siz bu 18,5 trln.ga ta’minlanmagan fuqarolik va harbiy pensiya hamda iste’fodagi harbiylarni parvarish qilish bo’yicha majburiyatlar, ijtimoiy ta’minot va davlat tibbiyot sug’urtasi sohalaridagi qo’shimcha moliyalashtirilmaganlik, turli majburiyatlar va federal hukumatning ko’zda tutilmagan xarajatlarini qo’shsangiz, asl raqam taxminan 65 trln dollarni tashkil qiladi va islohotlar yo’qligida bu qiymat avtomatik ravishda o’sib boradi”, deb aytdi Uoker.

Bill Klinton prezidentligi davrida AQSh Hisob palatasini boshqargan Uokerning aytishicha, AQShning o’sib borayotgan milliy qarzi ham ichki, ham tashqi siyosatdagi u yoki bu tashabbuslarni amalga oshirishga xalaqit bermoqda.

AQSh kongressi tomonidan qabul qilingan 2016 yilga byudjet kelishuviga ko’ra, AQSh davlat qarzining limiti 2017 yilning martigacha avtomatik ravishda ko’tarilib boriladi. The Washington Times nashrining yozishicha, Obama prezidentligi paytida AQSh davlat qarzi 2 barobarga ko’paygan. Nashrning taxminicha, amaldagi prezidenti AQShni 20 trln dollarlik qarz bilan qoldiradi.

Turkiston:

AQShning qarzi tilloda emas dollarda. Dollar esa, nafaqat AQShning balki dunyo mamlakatlarining o’zaro muomala qilishlarining asosiy o’lchami hisoblanadi. Hozir hatto tillo ham dollorga nisbatan baholanadigan xom ashyoga aylanib qoldi.

Demak, AQShning dollari olam iqtisodiyotining ayriboshlashdagi asosiy valyutasi hisoblanadi. Dollarning qadrsizlanishi yoki aksincha quvvatlanib borishi, badavlat davlatlarda moliyaviy yoki iqtisodiy dizbalanslar keltirib chiqarishi mumkin. AQSh, dollarning bu mavqe’idan o’zining olam bo’ylab siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini ro’yobga chiqarib olishi uchun qurol sifatida foydalanib keladi. Masalan: 2001 yili 11 sentyabr voqeasidan keyin AQSh Afg’onistonga urush ochishni ixtiyor qildi. Shunda Frantsiya boshchiligida, BMT xavfsizlik kengashiga a’zo bo’lgan Rossiya va yana bir qator etakchi davlatlar AQSh bu urushga qarshi tuzmoqchi bo’layotgan koalitsiyaga qarshilik qilib, xavfsizlik kengashida bu urushga qarshi veto qo’yishmoqchi bo’lishdi. AQSh bu kelishuvchilarga qarshi dollarni olam bo’ylab qariyb 30% ga qadrsizlantirib yubordi. Qarshilik qilgan barcha davlatlar koalitsiyaga a’zo bo’lishga majbur bo’lishdi. Chunki dollarning qadrsizlanishi Yevropa davlatlari eksport qilayotgan tovarlar deyarli to’xtab qolishiga olib keladi. Bu esa yuzlagan korxonalarning bankrot e’lon qilishi va ularning davlatga siyosiy bosimlar berishlariga olib keladi va hokazo.

Demak, AQSh, hozir o’zining qarzini o’z qo’lidagi bosma mashinalari orqali bosib chiqarib to’lay boshlasa, boy va etakchi davlatlarning o’zlari bu ishga qarshilik qilishadi. Chunki bu yana har xil iqtisodiy bo’hronlar keltirib chiqarishi mumkin. Eksport va import o’rtasidagi olamiy yoki mintaqaviy dizbalanslar ketirib chiqaradi.

Shuning uchun AQSh, o’zining qarzlarini vahimali suratda e’lon qiladi. Chunki aslida uning o’zi o’zidan qarz desak ham bo’laveradi. AQShning o’zini va olamni boshqarishdagi bu moliyaviy holati, o’ta xavfli va muammoli holat. Lekin bu boshqa mavzu.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.