Ukraina mudofaa vazirining yordamchisi Igor Dolgov sentyabr oyida Ukraina poytaxti Kievda Natoning rasmiy vakolatxonasi ochilishiga doir bitim imzolanishini ma’lum qildi. Yevropa integratsiyasi masalasi ustidan mas’ul bo’lgan Dolgov Nato bosh kotibi Jens Stoltenbergning Ukrainaga ilk bor safar qilishini va o’rtada o’zaro hamkorlikka oid bir qancha bitimlar imzolanishini bildirdi. Bundan tashqari Kievda Ukraina-Nato hamkorligi doirasida “Ukraina 2015” nomli fuqarolarni mudofaa qilish sohasida amalga oishiriladigan xalqaro mashg’ulot Nato bosh kotibi Jens Stoltenbergning nazorati ostida olib boriladi.
Dolgov tashqi davlatlardan Ukrainaga jangavor qurollar olib kelinishi haqida ham uchrashuvlar o’tkazilganligini aytib o’tdi. Biroq bu uchrashuvlar natijasi sir tutilishi sababli bu haqida batafsil ma’lumot bera olmasligini bildirdi.
“Moskva Ukrainaning sharqiga tank, og’ir qurollar va yollanma askarlar joylashtirayotganda hech kimdan ruxsat olgan emas. Ukranaga qurol berishdan o’zini olib qochayotgan davlatlar nimadan qo’rqishyapti? Rossiya buni bir yildan buyon amalga oshirib keladi”, dedi Ukraina mudofaa vazirining yordamchisi.
Igor Dolgov Ukrainaning har qanday ittifoqqa a’zo bo’lish huquqi borligini va shu sababli qo’shni davlatlar bilan hamkorlikni davom ettiraverishini qayd etar ekan, “bunday hamkorlikni rivojlantirishga ehtiyoj mavjudligi aniq. Mudofaa vazirligi uchun bu birlamchi vazifalardan biri hisoblanadi”, deya qo’shimcha qildi.