Injirlik havo bazasi kelishuvi ortidan AQSh prezidenti Barak Obama bilan uchrashmoqchi bo’lgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdug’on “Hozir emas, keyinroq ko’rishamiz”, degan javobni oldi. Erdug’on sentyabr oyida Nyu-Yorkda tashkil qilinadigan BMT bosh assambleyasida yoki shu oyning o’zidayoq, Barak Obama bilan uchrashuv o’tkazish istagini bildirgan edi. Biroq Oq uy “Prezidentning ishlari rosa ko’p. Hozir emas, noyabr oyida Antalyada o’tkaziladigan G-20 davlatlarining uchrashuvi chog’ida ko’rishamiz”, deya Erdug’onning istagini rad etdi. Turkiya prezidenti idorasiga qarashli manbadan olingan xabarga ko’ra, Erdug’on ham kelasi oy Nyu-Yorkda tashkil qilinadigan BMT bosh assambleyasiga ishtirok etishdan voz kechgan. Uning o’rniga Turkiyadan vakil sifatida bosh vazir Ahmad Dovuto’g’li ishtirok etadi. Erdug’on-Obama uchrashuvi 15-16 noyabrda Antalyada tashkil qilinadigan G-20 davlatlarining uchrashuvida ma’lum bo’ladi.
Turkiya prezidenti shu oyning boshlarida Indoneziya va Pokiston safaridan qaytayotib, “Hanuz bir qarorga kelmadik. Agar BMT bosh assambleyasiga ishtirok etadigan bo’lsam sentyabr oyida, agar ishtirok etmaydigan bo’lsam shu oyning o’zida AQShga safar qilishim mumkin”, degan edi. Erdug’on AQShga qiladigan safarida ilk bor AQShning Merilend shtatida qurilgan masjidni ochib berishi aytilgan edi. Biroq Erdug’onning bu istagi Voshington tarafidan ma’qul ko’rilmadi.
Oq uydan kelgan xabarga ko’ra, Voshington Erdug’onning Merilenddagi masjidning ochib berishiga qarshi emas. Turk rahbari istagan paytida kelib masjidning ochilish marosimiga ishtirok etishi mumkin. Biroq prezidentning ishlari ko’p. Erdug’on bilan uchrashib o’tirishga vaqti yo’q. Sentyabr oyidagi BMT bosh assambleyasiga mezbon sifatida ishlar yana ortadi.
Turkiya prezidenti o’tgan yilda tashkil qilingan BMT bosh assambleyasida ham Obamaning “ishi ko’p”ligi uchun u bilan “uchrashish baxti”ga muyassar bo’la olmagan edi.