Velayati: AQSh Eron bilan uchrashuv o’tkazish istagida

414
0

Eron Oliy ruhoniysi Oyatulloh Homanaiyning bosh maslahatchisi Ali Akbar Velayati AQSh hukumati Suriya va Yaman masalalari borasida Eron bilan uchrashuv o’tkazish istagida ekanligini bildirdi.

“Oxirgi paytlarda amerikaliklar Eronning yordamiga muxtoj bo’lganliklari sababli Suriya va Yaman masalalari borasida Eron bilan uchrashuv o’tkazishni istashmoqda”, dedi Velayati.

Velayati Eron diniy rahbariyatiga oid internet saytida tarqatilgan intervyusida yadroviy dastur ustida tuzilgan bitim Eronning mintaqaviy siyosatini o’zgartirmasligini bildirar ekan, “Eronning mintaqadagi muxolif xarakatdagi jangchilarga berayotgan yordami qanday bo’lsa shundayligicha qoladi, hatto kuchaytirilishi ham mumkin”, deya qo’shimcha qildi.

Bosh maslahatchining ta’kidlashicha, Eron va AQSh o’rtasida bo’lib o’tgan muzokaralar jarayonida Homanayining buyrug’i bilan faqat yadro dasturi masalasi muhokama qilingan, biroq bundan avval Afg’oniston va Iroq borasida BMT soyasi ostida AQSh bilan uchrashuv o’tkazilgan.

Oxirgi paytlarda amerikalik mas’ullar Suriya va Yaman kabi ayrim mintaqaviy masalalarda Eron bilan uchrashuv o’tkazish istagida ekanligini bildirgan Velayati “Ammo Homanayining ruxsatisiz hech bir eronlik mas’ul mintaqaviy mavzular yoki ikki davlat o’rtasidagi o’zaro aloqalar borasida amerikaliklar bilan uchrashuv o’tkazish vakolatiga ega emas”, dedi.

Ali Akbar Velayati Eron yadroviy dasturi ustida tuzilgan bitim mamlakatning harbiy quvvatiga ta’sir etmasligini bildirdi. Uning izohlashicha, yaqin va uzoq masofaga uchadigan hamda quyuq va suyuq yoqilg’ili har turli raketalar Eron tarafidan ishlab chiqarilishi davom etaveradi.

Velayati intervyusi davomida Eronning Iroq hukumati va xalqining har turli “terror”ga qarshi kurashida dastaklash borasida qarori qat’iy ekanligini ham qayd etdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.