O’tgan haftada BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Markaziy Osiyo bo’ylab turnesini boshlagan edi. U dastlab 9 iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga tashrif buyurib, “Suv hayot uchun” xalqaro harakatining 10 yilligi maqsadlarini amalga oshirish yakunlari bo’yicha o’tkazilgan xalqaro konferentsiyada ishtirok etdi va Emomali Rahmon bilan uchrashdi.
10 iyunda Pan Gi Mun Qozog’istonda bo’ldi va u erda Beshinchi umumjahon va an’anaviy diniy etakchilar assambleyasida qatnashdi. Anjumandan so’ng bosh kotib Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboev va bosh vazir Karim Masimov hamda tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov bilan uchrashdi.
11 iyunda BMT bosh kotibi Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahriga keldi va Almazbek Atambaev bilan uchrashdi. U Bishkekda bo’lib o’tgan Qirg’izistonda parlamentarizmni rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan xalqaro konferentsiyaning ochilish marosimida ishtirok etdi, keyin esa mamlakat rahbari Almazbek Atambaev bilan muzokaralar olib bordi. Shundan so’ng Pan Gi Mun bosh vazir Temir Sariev hamda Jogorku Kenesh spikeri Asilbek Jeenbekov bilan ham uchrashuv o’tkazdi. Bishkekdan O’shga o’tgan bosh kotib bu erda 2010 yilning iyunida sodir bo’lgan qonli nizolarda halok bo’lgan kishilarni xotirlash marosimida qatnashdi. Qirg’iziston hukumatiga o’sha mash’um kunlardagi fojiali voqealarni to’liq va adolatli tergov qilishga chaqirdi va elatlararo totuvlikka erishishni maslahat berdi.
11 iyun kechasi O’zbekistonga tashrif buyurigan Pan Gi Mun 12 iyun kuni prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi. Karimov va Pan Gi Mun o’rtasida bo’lib o’tgan uchrashuv davomida xalqaro terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash masalasida fikr almashildi.
“Uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati hamda kelajakdagi istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xususan, Markaziy Osiyoda tinchlikni ta’minlash, xalqaro terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashda birdamlik masalalari muhokama qilindi”, – deyiladi rasmiy xabarnomada.
Shundan so’ng Turkmanistonga kelgan BMT Bosh kotibi 13 iyun kuni Turkmaniston prezidenti Qurbonquli Berdimuhamedov bilan muzokaralar olib bordi. Mazkur muzokara davomida Turmaniston prezidenti BMTning Osiyoda qurolsizlantirish bo’yicha mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi.
Shuningdek, qurollar tarqatilmasligi va qurolsizlantirish jarayonlarini mustahkamlash kabi dolzarb masalalarni hal qilishda hamda tegishli xalqaro-huquq bazasini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muhokama qilishda birgalikdagi harakatlarning muhimligi ta’kidlab o’tildi. Turkmaniston prezidenti bu haqda gapira turib, Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan erkin hudud tashqil etish haqidagi kelishuvni amalga oshirilishi muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab o’tdi.
Turkiston:
Markaziy Osiyo respublikalar bo’ylab safar qilgan BMT bosh kotib Pan Gi Mun qaysi respublikada bo’lmasin shu mamlakat uchun og’riqli bo’lgan nuqtalarga e’tibor qaratdi va bu yaralarni tirnab yangilashga harakat qilgani ochiqchasiga namoyon bo’lib turdi.
BMT bosh kotibi 9 iyun kuni Tojikistonda bo’lib o’tgan “Suv hayot uchun” xalqaro harakatining 10 yilligi maqsadlarini amalga oshirish yakunlari bo’yicha o’tkazilgan xalqaro konferentsiyada ishtirok etdi. Barchaga ma’lumki, Tojikiston va O’zbekiston o’rtasida Rog’un GESini barpo etilishi bo’yicha kelishmovchiliklar mavjud. O’zbekiston prezidenti Islom Karimov 2012 yilning 7 sentyabr kuni Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboev bilan uchrashuvdan so’ng Ostonada o’tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondagi Rog’un GESi va Qirg’izistondagi Qambarota GESi qurilishi haqida gapirar ekan: “Vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu holat shunchaki diniy qarama-qarshilik emas, urushlarni keltirib chiqarishi mumkin”, deya ta’kidlagan edi. 9 iyun kuni Pan Gi Mun bilan bo’lgan uchrashuvidan so’ng Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham mintaqada suv uchun urush vujudga kelishi mumkinligi haqida “bashorat” qildi.
Tojikistondan so’ng Qozog’istonga tashrif buyurigan Pan Gi Munning Nursulton Nazarboev bilan uchrashuvi mobaynida diniy muammolar va unga qarshshi kurashda yangi uslublarni qo’llash masalasi muhokama qilindi. Chunki ayni vaqtda Markaziy Osiyo musulmonlarini uyg’onishlariga yo’l qo’ymaslik, Islom dini sari dadil odimlashlarini to’xtatib qolish muammosi faqat qozoq hukumati uchun xos bo’lmay, butun mintaqa uchun umumiy muammo bo’lib qolmoqda.
Qirg’izistonda esa Pan Gi Mun bugungi kunda mamlakat uchun dolzarb muammo bo’lib turgan millatlararo munosabatlar masalasini qayta ko’tardi, O’sh fojialarini unutilib ketmasligi uchun qurbonlarni xotirlash bahonasida hukumatga yo’l-yo’riq va ko’rsatmalar berdi hamda Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasidagi chegaraning ikki tomonida yashovchi xalqlar o’rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo’yicha BMTning yangi tashabbusini e’lon qildi.
O’zbekistonda esa, shundoq ham Islom va musulmonlarga qarshi kurashish uchun qurol sifatida foydalinib kelinayotgan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
O’z turnesiga Turkmanistonda yakun yasagan Pan Gi Mun mamlakat o’zi egallagan betaraflik siyosatidan og’ishmasligi va Rossiya ta’siri ostiga tushib qolishidan, uning harbiy ko’magidan foydalanmaslik masalasini ko’tardi.
Darhaqiqat Pan Gi Mun Markaziy Osiyo bo’ylab uyushtirgan turnesi mobaynida har bir respublikaning og’riqli yaralarini yana bir qator tirnab o’tdi. BMT bosh kotibi mintaqa bo’ylab qilgan safarida bu muammolarni muolaja qilishni emas, balki shu muammolarimizni bizlarga bir qaror eslatib o’tish orqali va kerak bo’lgan vaqtda bu og’riqli nuqtalardan G’arb davlatlari unumli foydalanishi mumkinligini eslatib qo’yish orqali bizlarni G’arb tuzumiga bo’lgan tobe’ligimizni mustaxkamlab qo’ymoqchi..