16 fevral kuni Jogorku Keneshning xalqaro ishlar bo’yicha qo’mitasi a’zolariga Qirg’iziston tashqi ishlar vazirligining 2014 yilgi faoliyati to’g’risida ma’lumot berildi.
Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaevning so’zlariga ko’ra, 2014 yilda Qirg’izistonning NATO bilan hamkorligining ustivor yo’nalishlari siyosiy muloqotni davom ettirish, birinchi navbatda amaldagi harbiy xizmatchilar uchun o’quv, sobiq harbiy xizmatchilarni fuqarolik hayotiga moslashtirish dasturlarini amalga oshirish kabi noharbiy hamkorlikni kengaytirish masalalari bo’lgan.
“NATOning Afg’onistonda boshlagan yangi vazifasiga muvofiq, tashkilot 2015 yilning yanvaridan Qirg’iziston oldiga Xavfsizlikka ko’maklashish xalqaro kuchlari (ISAF)ga tegishli yuklarni Qirg’iziston hududi orqali olib o’tish to’g’risidagi bitimni uzaytirish masalasini qo’ymoqda”, – dedi Abdildaev.
Vazirning ma’lum qilishicha, shu munosabat bilan 2015 yilning 10 yanvar kuni Qirg’iziston tashqi ishlar vazirligida NATOning Afg’onistonda boshlagan “Qat’iy ko’mak” nomli yangi missiyasi uchun yuklarni tranzit qilishda Qirg’iziston ishtiroki masalasi bo’yicha vazirliklararo uchrashuv bo’lib o’tgan.
“Uchrashuv yakunida (ISAF) yuklarini Qirg’iziston hududi orqali olib o’tish bo’yicha 2012 yil 21 mayda erishilgan kelishuvga o’zgartirishlar kiritish bo’yicha aloxida hujjat ishlab chiqish zarurligi to’g’risida qaror qabul qilindi”, – dedi Tashqi ishlar vaziri.
Turkiston:
Qirg’izistonning avvalgi ikki prezidenti Akaev va Bakievlarni hokimiyatdan ag’darish uchun etarli sabab bo’lgan “Manas” aviabazasi masalasi yana qayta o’z dolzarbligini namoyon qilmoqda.
Akaev ham, Bakiev ham Rossiyaga “Manas” aeroportidan AQSh harbiy bazasini chiqarib yuborishga va’da berib, keyinchalik o’z va’dalariga vafo qilmaganliklari uchun Rossiya tomonidan qattiq jazolanishgan edi.
O’zining o’tmishdoshlari qismatidan xulosa chiqargan Atambaev 2014 yilning iyul oyiga borib AQSh bilan harbiy baza muddatini uzaytirish haqida hech qanday so’z bo’lmasligi va harbiy baza chiqarib yuborilishligi haqida Rossiyaga va’da berdi va qaysidir ma’noda o’z so’zini ustidan ham chiqdi. O’z navbatida AQSh Qirg’izistonning bu talablariga hech qanday e’tiroz bildirmay “Manas”dan chiqib ketdi. Pentagonning rasmiy vakili podpolkovnik Keti Uilkinson esa “bundan buyon Afg’onistondagi harbiy amaliyotlarni Ruminiyaning Konstantsa shahrida joylashgan Mixail Kogelnichanu nomli aeroportdan qo’llab turiladi”, degan edi.
Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaevning bugun bergan xabari esa, “Manas” aeroportidan chiqib ketish orqali AQSh shunchaki bir siyosiy chekinish qilgani va osonlikcha Qirg’izistondan voz kechmasligiga dalolat qilmoqda.