O’z xalqini zulmatda qo’ygan Tojikiston hukumati Afg’onistonga elektr energiyasi etkazib berishni davom ettirmoqda

385
0

Tojikiston prezidenti xuzuridagi statistika agentligi tarqatgan xisobotga ko’ra, o’tgan yanvar oyi mobaynida Tojikiston Afg’onistonga 55 million kVt/soat elektr energiyasi etkazib bergan. Bu esa qo’shni Afg’onistonga kuniga 1,8 mln. kVt/soatdan ko’proq elektr etkazib berilganini bildiradi. Bu ko’rsatkich o’tgan yilning shu davriga solishtirganda qaryib ikki barobarga oshgan. 2014 yilning yanvar oyida Tojikiston Afg’onistonga 30 mln. kVt/soat elektr toki etkazib bergan edi.

Qo’shni davlatlarga elektr energiyasi etkazib berishni qish oylarida ham to’xtatmaslikka harakat qiladigan Tojikistonda esa oddiy xalqning kuni shamchirog’u qora pechkaga qolgan. Har yili oktyabr oyidan boshlanib aprel oyiga qadar elektr energiyasiga joriy etaladigan cheklovlar vaqtida qishloq va shaharlarda istiqomat qiladigan aholiga kuniga bir necha soatgina elektr yorug’ligi beriladi. Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga qaraganda qishi ayozli bo’ladigan Tojikistonning qishloqda yashovchi aholisi ko’mir va o’tin bilan amallab kun o’tkazadigan bo’lsa, shaharda ko’p qavatli uylarda yashovchi odamlar elektr taqchilligidan ko’pr aziyat chekishadi.

Ammo joriy yilning mart oyida bo’lib o’tadigan parlament saylovlari oldidan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tegishli idoralarga 16 fevraldan boshlab aholini elektr bilan ta’minlash vaqtini uzaytirish vazifasini yukladi. Prezident topshirig’iga muvofiq endilikda aholiga sutkasiga 13 soat – tongi soat 5:00dan 11:00gacha va kechki 16:00dan 23:00gacha elektr yorug’ligi beriladigan bo’ldi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.