Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambaev 17 dekabr kuni “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida, “Men Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilganimizdan so’ng, dastlabki vaqtlarda bizlarni qiyin vaziyatlar kutib turgani to’g’risida aytib o’tishim kerak”, – dedi.
Uning so’zlariga ko’ra, muhimi, integratsiya jarayonlari respublikaning iqtisodiy rivojlanish sur’atini pasayishiga yo’l qo’ymaslikdan iborat.
“O’tayotgan yil og’ir bo’lganiga qaramay, bizda barqaror o’sish sur’atlari bor. Qolgan a’zo davlatlar bilan teng huquqqa ega bo’lishimiz uchun aynan hozir boshimizni baland ko’targan holda ittifoqqa a’zo bo’lishimiz shart. Mamlakat uchun boshqa chora yo’q”, – dedi Atambaev.
Prezidentning ma’lum qilishicha, integratsiya uchun sharoitlar yaxshi. “Biz Bojxona ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan jiddiy ko’mak oldik. Rossiya bilan hamkorlikda nizom jamg’armasi 500 million dollar bo’lgan qirg’iz-rus Taraqqiyot jamg’armasini tashkil etdik. Bundan tashqari, Rossiya tomoni jamg’armaga Qirg’iziston hukumati kafolatisiz 500 million dollar miqdorida yuqori imtiyozli zayom jalb etish majburiyatini oldi. Dastlabki 100 million dollar joriy yilning 31 dekabriga qadar jamg’armaga kelib tushadi”, – dedi prezident.
Turkiston:
Putin prezidenti Almazbek Atambaevga tanlash ixtiyorini bermagan holda Qirg’izistonni Bojxona ittifoqiga a’zo bo’lishi uchun ochiqdan-ochiq bosim o’tkazib kelmoqda.
Garchi, BI a’zo bo’lishni salbiy oqibatlaridan ijobiy tomoni ko’proq deb oddiy xalqni ishontirishga harakat qilishayotgan bo’lsada, Qirg’iziston hukumati o’z mamlkatini cho’kayotgan kemaga olib kirishayotganini anglab etmayotgan yoki buni bilib tursada o’z hokimiyatini saqlab qolishdan boshqa muammosi yo’qligini oshkor etib qo’ymoqda.