Oshirilgan ish haqi qo’lga tegmay turib soliqlar oshirildi

449
0

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov qaroriga muvofiq 2014 yilning 15 dekabridan e’tiboran ish haqi va nafaqalar miqdori yana bir bor oshirilgan va qabul qilingan bu qaror ham odatdagidek, “respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida” qabul qilingani va eng kam ish haqi oyiga 118 400 so’m, yoshga doir pensiyalar oyiga 231 575 so’m, bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa oyiga 231 575 so’m qilib belgilangani xabar qilingan edi.

Biroq, ish haqi oshirilishi O’zbekiston xalqini aslo quvontirmay qo’yganiga ancha yillar bo’ldi. Bunga sabab oshirilgan ish haqi yoki nafaqa o’z egalari qo’liga etib kelmasdan burun bozorlardagi narh-navo, to’lov va soliqlar oshirilishidir.

Bu safar ham hukumat o’z odatiga zid ish tutmadi. Kuni kecha prezident qarori bilan 2014 yilning 1 yanvaridan boshlab 1 litr benzin va dizel yoqilg’isi uchun iste’mol solig’i 25 so’mga oshirilgan edi. Endi bo’lsa 1 yanvardan boshlab daromad solig’i ham oshirilgani xabar qilindi. Mazkur qarorga ko’ra, jismoniy shaxslarga solinadigan soliq miqdori eng kam oylik ish haqining besh barobarigacha (118.400 so’mdan 592.000 so’mgacha) bo’lgan daromaddan 8,5 foiz qilib belgilandi. Shu paytgacha amal qilgan qonunga muvofiq fuqarolar 7,5 foiz daromad solig’i to’lar edi. Bundan tashqari, fuqarolardan byujetdan tashqari pensiya jamg’armasiga undiriladigan majburiy sug’urta to’lovi ham oshirilib, endilikda fuqarolar 6,5 foiz o’rniga 7,7 foiz to’laydigan bo’lishdi.

Hukumat himmat qilib, eng kam ish haqi miqdoridan kamroq maosh oladiganlarga daromad solig’i solmadi. Demak, O’zbekiston fuqarosi faqat qashshoq va bir burda nonga zor bo’lib yashagan taqdirdagina soliq to’lamaydigan bo’ldi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.