Bashar Asad Suriya xalqini ayovsiz qirg’in qilar ekan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdug’on uni qonxo’rlikda ayblab, Suriyadan oqib kelayotgan muhojirlarga chegaralarini lang ochib qo’ydi. Minbardan turib o’zining Suriya xalqi bilan birga ekanligini e’lon qildi.
Biroq uning ba’zi harakatlari o’z da’vosida samimiy emasligini ko’rsatmoqda. Masalan, Erdug’on yanvar oyida Eronga safar qilib, ba’zi hamkorliklar ustida muzokaralar olib borganligi va Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovud o’g’li Moskavada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib yuksak hamkorliklar ustida muzokaralar olib borganligi shular jumlasidan. Vaholangki, Eron rejimi ham, Rossiya hukumati ham Suriya xalqini qirg’in qilish uchun Asadga qurol yaroqlar va askarlar bilan tinimsiz yordam berib kelmoqda.
Yaqinda o’rtaga chiqqan yana bir ma’lumot hammasidan oshib tushdi. Dunyo qurol tijorati ustida tekshiruv olib boradigan AQShning C4ADS tadqiqot markazi bir hisobotni e’lon qildi. Hisobotda Rossiya davlat shirkatlari Suriyaga sotgan qurolning katta qismi Turk shirkatlari tarafidan Asad rejimi nazorati ostidagi Tartus, Lokatiya va Banyas portlariga etkazib berilganligi bildirildi.
Hisobotga aytilishicha, 2012 yil yanvar oyidan 2013 yil iyun oyigacha Turk dengizchilik shirkatlariga oid kemalar Ukrainaning Qoradengizga quyiladigan Bug daryosidagi Oktyabrsk va Nikolaev portlaridan olgan yuklarni Asad rejimi nazoratida bo’lgan Tartus, Lokatiya va Banyas portlariga etkazgan. Turk kemalarining bu davrda 70 marta qatnovni amalga oshirganligi aytiladi hisobotda. Qatnovlar turkiyaning asosiy 21 shirkati tarafidan amalga oshirilgan.
Hisobotga ko’ra, Oktyabrsk va Nikolaev portlarining qattiq nazorat ostiga olinishi bu portlardan turk shirkatlariga oid kemalar orqali Asad rejimiga tinimsiz qurol yaroq jo’natib turilishiga dalildir. Shuningdek, hisobotda yuk olib o’tgan kemalar va shirkatlarning ismlari ham keltiriladi.
O’z nomini oshkor qilishni istamagan faol siyosatchining bildirishicha, Erdugonning millionlagan Suriyaliklarni qabul qilishi va bu sohada ko’plagan mablag’lar sarf qilishi ostida ma’lum maqsadlar mavjud.
“Turkiya xalqi musulmondir. U Suriyadagi dindoshlarini yordamsiz tashlab qo’ymasligini Turkiya hukumati yaxshi biladi. Agar davlat Suriyadagi mazlum xalqqa yordam berishni o’z zimmasiga olmay, xalqqa tashlab qo’yadigan bo’lsa, Turkiya xalqi Suriya ichkarisidagi voqelikdan yanada qo’proq voqif bo’ladi. Hozirda Suriya xalqlari orasida Xalifalik davlatini qayta tiqlash fikri o’ta kuchli. Yoshu-qari, erkagu-ayol bab-baravariga Xalifalikni talab qilishmoqda. Turkiya hukumati bu fikr ommaviy ravishda Turkiyaga ham ko’chib o’tishini xohlamaydi. Shuning uchun u o’z xalqiga “siz ovora bo’lmang, qancha yordam kerak bo’lsa, mana biz bormiz”, deya turli tashkilotlarni tuzish orqali insonparvarlik yordamlarini etkazib berayotgan bo’lyapti. Agar hukumat “biz Suriyaning mazlum xalqi tarafdorimiz” degan da’vosida sodiq bo’lganda edi, uning boshqa harakatlari ham so’zlariga mos bo’lardi”, deydi siyosiy faol.