Turk rejimi Shom ahli qonini xalqaro hamjamiyatga qurbon sifatida taqdim etmoqda

78
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Turk rejimi Shom ahli qonini xalqaro hamjamiyatga qurbon sifatida taqdim etmoqda

Ustoz Ahmad Abduljavod

Biz kitoblarda o‘z millatdosh va dindoshlariga xiyonat qilish ko‘chasiga kirgan Abraha va Ibn Alqamiy singarilarni o‘qib, g‘azablanganmiz. Ammo o‘z hayotimizda ham turk rejimining xuddi o‘shanday xiyonat ko‘chasiga kirayotganini ko‘rib, undan ham qattiqroq g‘azab va nafrat tuymoqdamiz.

Turk rejimining Shomdagi muborak qo‘zg‘olon boshlangandan buyon uni yo‘lidan ozdirish va yo‘q qilishdek yomon niyatli roli o‘tgan asr boshida Mustafo Kamolning Usmoniy Xalifalik davlatini yo‘q qilishdagi roliga juda o‘xshab ketmoqda. Turk rejimining bu roli asosan Amerika istaklarini bajarish va uning mintaqadagi manfaatlarini himoya qilish uchun yolg‘on, aldov va xiyonat rolidir. Ayni rolni u Amerikaning malayi Bashar Asadni hokimiyatda saqlab qolish va uning ilmoniy tuzumini ag‘darilishiga yo‘l qo‘ymaslik, Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik tuzumini barpo etilishini oldini olish orqali o‘ynayapti.

Shom qo‘zg‘oloniga qarshi til biriktiruvning boshlanishi 2011 yilda qo‘zg‘olonning ilk damlaridayoq boshlangan. O‘shanda turk rejimi Asad rejimining qurolsiz xalqiga qarshi qilmishlarini qoraladi, aybladi hamda undan o‘sha paytda alanga olgan ko‘cha g‘azabini tinchlantirish uchun soxta islohotlar o‘tkazishga chaqirgan. Keyin bu rejim o‘z bayonotlarini balandlatdi va Suriya rejimi o‘z qonuniyligini yo‘qotdi, endi uning boshini o‘zgartirish kerak, degan talabni o‘rtaga tashladi. Bu bayonotlar, shuningdek, o‘sha paytda Turkiya bosh vaziri bo‘lib ishlagan Erdogan tomonidan ham berilgan.

Turk rejimi Suriyadagi jangchi guruhlarning imoni zaif, ahmoq hamda shaytonning hokimiyat va pul aldoviga uchgan yetakchilarini sotib olgach, uning nopok roli yanada ifloslasha boshladi… Oqibatda turk rejimi Jeneva, Ostona va Sochidagi xiyonat kelishuvlarida Halab, ikki G‘uta va Hivronni Asad rejimiga topshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yomon roli borgan sari eng yomon rollarga aylana boshladi, masalan, uning tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li 2022 yil 24 avgustda Asad rejimi bilan yarashish to‘g‘risida bayonot berdi… Uning ortidan rejim boshi Erdogan Bashar Asad bilan uchrashmoqchiligi to‘g‘risida bayonot berdi… Uning bayonotlari Turkiyaning «Hurriyat» gazetasi doxil ko‘plab ommaviy axborot vositalarida tarqatildi.

Keyin Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar bilan uning suriyalik hamkasbi Aliy Mahmudabbos va rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu, shuningdek, ularning razvedka direktorlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Turkiya rejimi Rossiya poytaxti Moskvada o‘tkazgan bu uchrashuvi bilan o‘zining Shom qo‘zg‘oloniga qarshi til biriktiruvlari zanjiriga yana bir halqa qo‘shdi va bu to niyatiga yetmagunicha oxirgi halqa bo‘lmaydigan ko‘rinadi. Zotan, uning niyati ozod etilgan, deya atalayotgan yerlarning oxirgi qarichigacha qonxo‘r rejim nazoratiga qayta topshirishdan iboratdir.

Turk rejimi o‘tgan davr mobaynida o‘zining asosiy diqqatini muxolafat bilan Asad rejimi o‘rtasida yarashuv, degan narsaga zamin tayyorlashga qaratdi. Buning uchun frontlarni yopdi va halok bo‘la boshlagan Asad rejimini ag‘darishi mumkin bo‘lgan har qanday jangovar operatsiyani oldini oldi. Bir vaqtning o‘zida, «Inqoz» va «muvaqqat» hukumatlari va jangchi guruhlarning turkiyaparast yetakchilardan iborat ichkaridagi qo‘g‘irchoqlariga qo‘zg‘olonni qo‘llab-quvvatlovchi xalqqa bosim qilishni o‘rgatdi. Ularga har tomonlama tazyiq o‘tkazib, irodalarini sindirib, shu orqali Asad rejimiga tiz cho‘kishga majbur qilishni buyurdi. Ana shu buyruqlarining navbatdagisi o‘laroq, Suriyada yonilg‘i mahsulotlari krizisi paydo qilindi hamda Amerikaning siyosiy yechimini va 2254-sonli rezolyutsiyani qabul qilishdan bosh tortgan xolis qo‘zg‘olonchilar hamda mustaqil jangchilar xavfsizlik xizmati tomonidan quvg‘in qilindi.

Turk rejimi, bir vaqtning o‘zida, o‘z qo‘g‘irchoqlari yordamida shahar va qishloqdagi nufuzli kishilarni, mahalla va qabila oqsoqollarini ikkilamchi ishlar bilan chalg‘itishga va faoliyatlarini guruh doirasigagina cheklab qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Bularni amalga oshirish uchun «Qabila va mahallalar kengashi» va «Yarashuv kengashi» tashkil etdi, xuddi Asad rejimining «Xalq kengashi»ga o‘xshash. Ichkaridagi o‘zining odamlari orqali Suriyadagi mahalla va qabilalarning nufuzli kishilarini va oqsoqollarini xalq qo‘llab-quvvatlovidan mahrum qilishga, o‘z faoliyatlaridan adashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Zero, ularning faoliyatlari qo‘zg‘olonni qayta to‘g‘ri yo‘liga yo‘llash uchun haqiqiy namoyishlarni tashkillashtirishdan iborat edi. Qabila va mahallalar kengashining 2022 yil 21 dekabrda chiqargan bayonoti mazkur ikkilamchi ishlardan biri bo‘ldi. Bayonotda Dayruz Zurdagi ikki ayolning nomusiga tajovuz qilinib, o‘ldirilishi hodisasi haqida yozilgan. Biroq, biz bu kengashlar bayonotlarida mintaqalarga yog‘ilayotgan bo‘mbalar haqida yoki turk rejimining nazorati ostidagi mintaqalarni Damashq rejimiga topshirmoqchiligi haqida ham yozilayotganini mutlaqo ko‘rmayapmiz. Vaholanki, barcha jon, nomus va mol-mulkka qarshi haqiqiy xavf-xatar mintaqalarni rejimga topshirish bilan bo‘ladi. Bu qilmishlarning barchasi nufuzli kishilar va oqsoqollarni o‘zlarining tabiiy rollaridan burishga qaratildi. Ularning tabiiy rollari esa, qo‘zg‘olon harakatini tuzatish, unga uzatilgan xorijiy qo‘llarni kesib tashlash, guruh yetakchilarining tobelik va xoinlik holatiga yakun yasash kabi faoliyatlar orqali turk rejimi va uning ortidagi Amerikaning rejalarini ostin-ustun qilishdan iborat edi. Zotan, turk rejimi Asad rejimini saqlab qolish va ag‘darilishini oldini olish kabi Amerika manfaatlarini amalga oshirish uchun guruh yetakchilarni tobelik va xoinliklariga alohida ahamiyat qaratdi.

So‘zimiz nihoyasida shuni qayta ta’kidlaymizki, bu turk rejimi boshidan beri muborak qo‘zg‘olonimiz ko‘ksiga zaharli xanjar bo‘lib sanchilib turibdi. O‘zining ushbu asl rolining qo‘zg‘olonchi xalqqa fosh bo‘lib qolmasligi uchun uni yashirish yo‘lida har qanday iflos vositani ishga solishdan tap tortmayapti. Bu yashirish vazifasini esa, ming afsuski, soqollar va sallalar bajarishyapti, azbaroyi o‘tkinchi dunyo matosi evaziga unga hamd-sano aytish va jon-jahdlari bilan jinoyatlarini oqlash orqali uning aybini yopishga harakat qilishyapti… Va nihoyat, yaqinda Turkiya tashqi ishlar vazirligidan Anqara siyosiy barqarorlikka – ular iddao qilgan barqarorlikka – erishgan taqdirda o‘zi nazorat qilayotgan hududlarni Damashq hokimiyatiga topshirish niyatida ekani to‘g‘risida bayonot chiqardi. Shu yerda biz Payg‘ambarimiz ning quyidagi

«قَدْ صَدَقَكَ وَهُوَ كَذُوبٌ»

«U kazzob-shaytondir. Lekin senga to‘g‘ri gapni gapiribdi», degan so‘zlari mana shu turk rejimiga to‘g‘ri kelayotganini ta’kidlamoqchimiz.

Turkiya rejimining o‘z ortidagi Amerika bilan maqsadiga erishishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun amaliy qadamlar kerak. Bu esa, qo‘zg‘olon qarorini qayta olmoq, Turkiyaning qo‘zg‘olon siyosatiga bo‘lgan yetakchiligini barbod etib, boshqa siyosiy yetakchilik atrofiga birlashmoq bilan bo‘ladi. Bu siyosiy yetakchilik islomiy aqidasidan balqib chiqqan siyosiy loyihaga, ya’ni Payg‘ambarlik minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifalik bo‘lmish buyuk Islom loyihasiga ega yetakchilikdir. Buning uchun shahar va qishloqlardagi qo‘zg‘olonchilar, mujohidlar, nufuzli kishilar va qabila oqsoqollaridan xolis bir uyushma tuzilib, sehrgarning sehrini o‘ziga uradigan va qo‘zg‘olonni to‘g‘ri yo‘liga yo‘llaydigan siyosiy va jangovar ishlarni amalga oshirish shart.

Roya gazetasining 2022 yil 11 yanvar chorshanba kungi 425-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.