O’zbekistonda yana millionga yaqin “ish o’rni” yaratiladi

362
0

images (1)

O’zbekistonda “2014 yilda ish o’rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash Dasturi” loyihasi to’g’risidagi masala muhokamasiga bag’ishlangan siyosiy partiyalar yig’ilishlari bo’lib o’tmoqda.

Bu yig’ilishlarda ta’kidlanishicha, 2013 yilning o’tgan 9 oyi mobaynida respublika bo’yicha jami 833,4 mingta ish o’rni yaratilgan va dastur parametrlari 103,8 foizga bajarildi. Yaratilgan ish o’rinlarining 488,3 mingtasi qishloq joylariga to’g’ri keldi.

Aholini ish bilan ta’minlash va yangi ish o’rinlari tashkil etish bo’yicha muammolarning izchil echimiga yo’naltirilgan tizimli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2013 yilning o’tgan davrida iqtisodiyotda band bo’lganlar soni 2,5% ga oshib, 12,5 mln. kishiga etdi. Bandlik o’sishining eng yuqori sur’atlari qurilish (103,3%), savdo va umumiy ovqatlanish (103,1%), transport va aloqa (102,8%) tizimida qayd etildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlantirilishi, eng qulay tadbirkorlik muhiti yaratilishi jami 404,8 mingta ish o’rinlari tashkil etilishini ta’minladi, shundan 314,2 mingtasi – kichik korxonalarda va 90,6 mingtasi – xususiy, yakka tartibdagi tadbirkorlik sohasiga to’g’ri keldi.

O’zbekistonda 2014 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi bo’yicha jami 983,6 mingta ish o’rinlari tashkil etilish ko’zda tutilmoqda. Dasturni amalga oshirish doirasida ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yangi yaratiladigan, mavjud bo’sh va zaxira ish o’rinlariga kasb-hunar kollejlarining 500 ming nafarga yaqin bitiruvchilarini joylashtirish mo’ljallangan.

Turkiston:

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonda 2008 yili 661 mingta, 2009 yili 940 mingta, 2010 yili 950 mingta, 2011 yili 815,5 mingta, 2012 yili 967,5 mingta, 2013 yilning 9 oyi mobaynida esa 833,4 mingta ish o’rni yaratilgan.

Agar O’zbekistonda qator yillardan buyon har yili millionga yaqin ish o’rni yaratilayotgan bo’lsa, u holda Rossiya va boshqa davlatlarda yurgan millionlab o’zbekistonlik ishchilar qaerdan paydo bo’lmoqda? Bu haqida na hukumat va na Karimovning ruxsati bilan tashkil etilgan “cho’ntak partiya” vakillari o’ylab ko’rishmaydi.

O’zbekistonda faoliyat qilayotgan mavjud “muxolif” partiyalarning vazifasi hukumat chiqargan qarorlarni targ’ib qilish va “xayoliy raqamlarga” bag’ishlangan yig’ilishlar o’tkazishdangina iborat xolos.

O’zbekiston hukumati esa o’z uyida mol, qo’y yoki tovuq boqayotganlarni ham, o’z tomorqasida ishlab dexqonchilik qilayotganlarni ham, yoki uyida do’ppi tikayotgan ayollarni va xunarmand kosiblarni xisoblab, ularga nima boqish kerak, tomorqasiga nima ekishi kerak, qancha shogird olishi kerak barchasini nazorat va ro’yxatga olib, “ish bilan ta’minlanganlar” xisobiga kiritish evaziga “ish o’rinlari barpo etib” kelmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.