Nukusda uyi buzulgan xonadan sohiblari ochlik e’lon qilishdi

529
0

00

18 noyabr kuni Nukus shahridagi Pushkin ko’chasidagi ko’pxonali uyda yashovchi fuqarolar o’z yashash joylarini buzulishiga qarshi ochlik aktsiyasini boshlashdi.

Ochlik aktsiyasida o’z yashash joylarini hech qanday evazsiz buzib tashlanishiga norozilik bildirib, Nukus shahar Pushkin ko’chasida joylashgan № 75 uydagi kvartira sohiblari ishtirok etishmoqda.

Aktsiyani boshlashdan oldin ular O’zbekiston prezidenti Islom Karimovga telegramma jo’natib, undan o’z muammolariga e’tibor qaratishini iltimos qilishdi.

Eski ikki qavatli uyda oltita kvartira bo’lib, unda farzandlari bilan o’ttizga yaqin odam istiqomat qilar edi.

Qoraqalpog’iston poytaxti Nukus shahar hokimligi uyni buzishga qaror chiqarib, bu haqida mazkur uyda yashovchilarni 10 noyabr kuni xabardor qilishdi va bu uyda yashovchilarni o’z qarorlari qat’iy ekanligiga ishontirish uchun militsiya kuchidan foydalanishdi.

Ikki xafta oldin Nukus shahar ichki ishlar bo’limi boshlig’i Baxodir Sariboev boshchiligidagi bir guruh militsiya xodimlari xonadon egalarini o’z uylarini tark etishga “ishontirishdi”

Yashovchilarni so’zlariga ko’ra, militsiya xodimlari nihoyatda qo’pol munosabatda bo’lib, erkaklarni ham, ayollarni ham qo’llarini qayrib ko’chaga uloqtirishgan.

Zo’ravonlikdan so’ng uyda istiqomat qiluvchilar uyni buzilishiga rozi bo’lib, barcha xujjatlarga qo’l qo’yib berishgan.

Ammo, ularga taklif qilingan kompensatsiya evaziga munosib uy topishni iloji yo’qligi ma’lum bo’ldi.

Chunki, umumiy maydoni 60 kvadrat metrdan ziyod bo’lgan ikki xonali kvartira uchun 23 million so’m (8 500 dollar), uch xonali uchun esa 30 million so’m (11 100 dollar) to’lanadigan bo’lgan.

Ko’p qavatli uylarni buzilishi Nukusda yashash joyini keskin qimmatlashiga olib keldi. Xozirgi kunda betonli uydagi bir xonali kvartira 25-35 million so’m turadi.

Ochlik e’lon qilganlarning sobiq uyida yashashni imkoni yo’q, chunki 12 noyabr kuni suv va elektr uzilib, tomi buzib tashlangan.

Ulardan ko’pchiligi o’z xisobidan uy ijaraga olishga majbur bo’lgan, qolganlari esa qarindoshinikida yashashmoqda.

Ammo, ularga va’da qilingan pulni ham berishmayapti. Buning ustiga uyi buzilganlar, pullar ularning plastik kartochkasiga o’tkazib berilishidan qo’rqishmoqda. Shuning uchun ham ular eng oxirgi chorani qo’llashga qaror qilishdi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.