Yo qochib qutilasan yoki o’lib

433
0

загруженное

Bu yil paxta mavsumi O’zbekiston fermerlariga ham, aholisiga ham har yilgidan ancha og’ir keldi. Xalq boyligi sifatida ko’riladigan “oq oltin“ oddiy aholi uchun boylik emas, musibat bo’lib qolmoqda. Bu mahsulotdan respublika har yili 1 milliard dollar atrofida daromad oladi. Ammo bu daromad fermer uchun emas. Fermerning ishi faqat paxtani etishtirish, xolos. Hosilni esa hukumatning o’zi aholini majburlash orqali yig’ishtirib oladi va pullaydi. Shu bois har yili ko’plab fermer xo’jaliklari inqirozga uchraydi. Imkon topgan fermerlar pul bilan qutuladi, topmaganlari esa javobgarlikka tortiladi.

Biroz daromad qilish niyatida er olib fermerlik qilishga bel bog’lagan fermerlar tazyiqlardan bezib, ilojsizlik va tushkunlikdan O’zbekistondan qochib ketmoqda. To’rtko’llik uch fermer paxta planini bajarishga ko’zi etmaganliklari tufayli qamalib ketishidan qo’rqib, mamlakatni tashlab Rossiya va Qozog’istonga qochishga majbur bo’ldi.

Qochishning ilojini qila olmagan ba’zi fermerlar o’z joniga qasd qilib, qutilish yo’liga o’tib olgan hollari kuzatilmoqda. 18 oktyabr kuni Qoraqalpog’istonning To’rtko’l tumani Yonboshqal’a massivida yashovchi 38 yoshli fermer Safarboy Karimovning jasadi o’z paxta dalasidagi daraxtga osilgan holda topildi. Manbalarga ko’ra, fermer paxta rejasini bajara olmayotgani uchun mutasaddilar tomonidan haqorat qilinib, turma bilan qo’rqitilgan. Shundan so’ngra fermer Safarboy qamalib ketishdan qo’rqib o’z joniga qasd qilgan.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo’l tuman hokimligida o’tkazilgan majlis chog’ida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo’limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o’tib, yurak xurujidan jon bergan edi.

O’zbekiston hukumati tahdid va tazyiqlar ostida yig’ishtirib olayotgan paxta hosilinining bir qismini allaqachon sotishga ulgurgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.