Asadga bir milliard dollar va bir yil vaqt kerak

398
0

000

Suriya prezidenti Bashar Asad chorshanba kuni Amerikaning “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Qo’shma Shtatlar va Rossiya o’rtasida erishilgan kelishuvga binoan o’zining qo’li ostidagi kimyoviy qurollarni yo’q qilishga yoki boshqa bir davlatga o’tkazib berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Biroq u buning uchun 1 milliard dollar mablag’ hamda bir yilga yaqin vaqt kerak bo’lishini bildirdi.

Asad texnik jihatdan qaralganda bu juda mushkul jarayon ekanligini ta’kidlar ekan, “bunga juda ko’p mablag’ kerak bo’ladi. Ba’zilar bir milliard dollar xarajat bo’lishini aytishmoqda. Tez orada degani qanchalik vaqt olishini mutaxassislardan so’rash kerak. Ehtimol buning uchun bir yil, balki undan ham ko’proq vaqt kerak bo’ladi”, dedi.

Suriya prezidenti Suriyadagi kimyoviy qurolllarni AQSh hukumatiga topshirish haqida berilgan savolga “aytganimdek, bu ish katta miqdorda xarajat talab qiladi va bu atrof muhit uchun juda zararli. AQSh hukumati bu pulni to’lamoqchi bo’lsa va zaharli moddani AQShga olib ketish mas’uliyatini bo’yniga olsa, marhamat, bu ishni qilishaversin”, deb javob berdi.

Suriya ozod armiyasining etakchisi Salim Idris Bashar Asadning qo’lidagi kimyoviy qurol borasida AQSh va Rossiya o’rtasida erishilgan kelishuvga o’zining munosabatini bildirib, “bu Asadga vaqtdan yutish uchun muhlat berishdan boshqa narsa emas”, degan edi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.