Ish safari bilan Berlinga borgan AQSh prezidenti Barak Obama bu haqida shunday dedi:
– Menimcha, prezident Karzayning o’zi ham siyosiy bitim zarur ekanligini tan oladi. Masala urush holatida bu ishni qanday qilib boshlashda. Men bu muammolarga qaramay, jarayon davom etaveradi deb umid qilaman.
Bundan avval Afg’on prezidenti AQSh bilan Amerika harbiylarini 2014 yildan keyin ham Afg’onistonda qolishiga yo’l bergan xavfsizlik kelishimi bo’yicha muzokalar to’xtatgani aytilgan edi.
Karzayning matbuot kotibi Aymal Fayzining bildirishicha, ikki taraflama xavfsizlik kelishimi bo’yicha muzokaralarning to’xtatilishi AQSh hukumatining Afg’onistondagi tinchlik muzokaralari bo’yicha aytgan gapi qilgan ishiga to’g’ri kelmaganiga bog’liqdir.
Qarama-qarshiliklar nimadan iborat ekanligini Karzay vakili ochiqlamadi.
AQSh Qatar poytaxti Doxada o’z vakolatxonasini ochgan Tolibon bilan muzokaralar boshlash niyatida ekanligini bildirgan.
Rasmiy Kobul muzokaralarga o’zi etakchilik qilishni istaydi. Chorshanba kuni Homid Karzay agar Qatar muzokaralariga etakchilik afg’onlarga berilmasa, uni boykot qilishi haqida aytgandi.
Ammo Tolibon guruhi Karzay hukumati bilan uchrashishni rad etgan. Tolibonning Qatarda ochilgan vakolatxonasi rasmiy turda “Afg’oniston Islomiy Amirligining siyosiy vakolatxonasi”, deb ataladi.
Vaziyatni yumshatish uchun o’tgan tun AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Prezident Homid Karzayga sim qoqqan.
U Tolibonning Dohada ochilgan vakolatxonasidan bayroq va Afg’oniston Islomiy Amirligi degan lavha olib tashlanib, o’rniga Tinchlik Muzokaralari Byurosi degan yozuv qo’yilishini aytgandi.
Afg’on rasmiylari esa, bu etarli emas degan fikrda.
Ayni paytda esa, Afg’oniston hukumatining noroziligiga qaramay, Dohadagi vakolatxonadan Tolibon bayrog’i olib tashlanmagan.