Islom Karimov Moskvada

293
0

15 aprel kuni Moskvada Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin va O’zbekiston prezidenti Islom Karimov o’rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar bo’lib o’tdi.

Uchrashuv chog’ida Islom Karimov va Vladimir Putin O’zbekiston-Rossiya ikkitomonlama hamkorligi masalalari, shuningdek, jahon siyosiy sahnasidagi vaziyat bo’yicha fikr almashishdi. «Sizni Moskvada ko’rishdan xursandmiz. Rossiyaga tashrif buyurish borasida taklifimizni qabul qilganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz», – dedi Vladimir Putin.

«Rossiya xuddi avvalgidek O’zbekistonning birinchi savdo-iqtisodiy hamkori bo’lib qolayotganidan xursandmiz. Rossiya savdosida O’zbekistonning ham ulushi oshib bormoqda», «O’ylashimcha, biz o’tgan yillar davomidagi yo’qotishlarni qayta tiklay olamiz: yo’qotishlar bo’ldi, biroq hozirda qayta tiklanish ham boshlandi va bu juda mamnun qiladi», – dedi Putin. Rossiya prezidenti saytida qaysi yo’qotishlar haqida gap borayotganiga aniqlik kiritilmagan.

«Biz turli xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilamiz, unda nafaqat bir-birimizning manfaatlarimizni hisobga olamiz, balki qo’llab-quvvatlaymiz ham. Shu munosabat bilan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga va boshqa hamkasblarga alohida minnatdorlik so’zlarini izhor qilaman», – dedi Putin.

Delegatsiyalar uchrashuvi paytida esa Rossiya rahbari ayrim “nozik masalalar, iqtisodiyot, siyosiy hamkorlik, xavfsizlik sohasidagi munosabatlar istiqbollari” muhokama qilinishini gapirib o’tdi.

Hozircha Vladimir Putin ta’kidlab o’tgan “nozik masalalar” aynan qaysi muammolarga tegishli ekani noma’lumligicha qolmoqda.

Rasmiy xabarlarda xavfsizlik va ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilinishi aytilayotgan bo’lsa-da, kuzatuvchilar ikki prezidentning parda ortidan muhim muhokamalari bo’lib o’tishini taxmin qilmoqdalar.

Jumladan, O’zbekistonning Amerikaga yaqinlashishi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqib ketishi ortidan paydo bo’lgan sovuqchilik muhokamalarning asosi bo’lishi taxmin etilmoqda.

Uchrashuvdan keyin Vladimir Putin umumiy gaplardan tashqari, ikki taraf amerikaliklar Afg’onistondan chiqib ketgandan keyin afg’on hukumatiga vaziyatni barqarorlashtirish uchun yordam berish hususida og’zaki maslahatlashishganini aytish bilan cheklandi.

O’zbekiston rahbari xalqaro koalitsiya qo’shinlarining Afg’onistondan chiqib ketishi “vaziyatni oldindan aytib bo’lmaydigan holatga olib kelishi, shu sababli o’zaro konsultatsiyalar o’tkazish zarurligini” taqozo etayotganini alohida ta’kidladi. Prezident Karimov uchrashuv davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatga oid “avval bildirilgan ogohlantiruvlari” haqiqatga yaqinligini ham eslatib qo’ydi. Karimov “barcha vaziyatlar oldindan nazarga olib qo’yilishi, ular oldi olinishi va hal etilishi” kerakligini aytib, terrorchilik va diniy radikalizm masalalari bo’yicha tez-tez uchrashib turishni taklif etdi.

U Putin bilan har qanday uchrashuv o’ziga “xursandchilik bag’ishlashini” aytgan.

O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Moskvaga rasmiy tashrifi prezidentning sog’lig’i va mamlakat rahbariga merosxo’r haqidagi gaplar urchigan vaqtga to’g’ri keldi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.